O‘zbekiston klublari OFK Elit chempionlar ligasining uchinchi turida mag‘lubiyatga uchradi

«Neftchi» futbolchilari. «Neftchi» FK fotosurati

«Neftchi» va «Paxtakor» OFK Elit chempionlar ligasi umumiy bosqichining uchinchi turida mag‘lubiyatga uchradi. Farg‘onaliklar o‘z maydonida Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» klubiga 1:2 hisobida yutqazdi, toshkentliklar esa Iroqda «Eyr Fors» jamoasiga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

«Neftchi» Farg‘onada «Al-Ittihod»ni qabul qildi va 17-daqiqada hisobni ochdi. Jamshid Iskanderov penaltini aniq amalga oshirib, mezbonlarni oldinga olib chiqdi.

Saudiya klubi tanaffusga qadar hisobni tenglashtirdi: 34-daqiqada Hussem Auar gol urdi. «Al-Ittihod» g‘alaba to‘pini 90-daqiqada kiritdi — zaxiradan maydonga tushgan Yussef En-Nesiri mehmonlarga joriy musobaqadagi ilk g‘alabani taqdim etdi.

Uch turdan keyin «Neftchi» hisobida uch ochko bor. Farg‘onaliklar umumiy bosqichni Iroqning «Eyr Fors» klubi ustidan o‘z maydonida qozonilgan 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan boshlagan, keyin esa «Al-Nasr» va «Al-Ittihod»ga mag‘lub bo‘lgandi.

«Paxtakor» uchinchi tur uchrashuvini safarda «Eyr Fors»ga qarshi o‘tkazdi. Uchrashuvdagi yagona gol 70-daqiqada kiritildi: Iroq jamoasi sardori Saad Abdul Amir jarima zarbasi ijrosidan keyin to‘pni darvozaga yo‘lladi.

Birinchi bo‘limda mezbonlar himoyachisining qo‘l bilan o‘ynaganidan so‘ng hakam «Paxtakor» foydasiga penalti belgiladi, ammo VAR orqali vaziyatni ko‘rib chiqqach, qarorini bekor qildi. Ikkinchi bo‘limda toshkentliklar hisobni ochish uchun bir nechta imkoniyatga ega bo‘ldi, biroq ulardan foydalana olmadi.

Bu «Paxtakor»ning umumiy bosqichdagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi. Dastlabki ikki turda jamoa musobaqaning amaldagi g‘olibi «Al-Ahli» va Saudiya Arabistonining «Al-Qodisiya» klublari bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan edi. Uchta uchrashuvdan keyin toshkentliklar ikki ochko to‘plagan.

2 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan to‘rtinchi turda «Neftchi» Eronning «Traktor» klubiga qarshi Maskatdagi neytral maydonda o‘ynaydi. «Paxtakor» esa Toshkentda Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» jamoasini qabul qiladi.