Qozog‘istonda Kaspiy dengizida 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganidan so‘ng o‘tkazilgan tekshiruv ayrim qoidabuzarliklarni aniqladi

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati fotosurati

Qozog‘iston Mudofaa vazirligida harbiy mashg‘ulotlar ustidan nazoratni tashkil etish, xavf-xatarlarni baholash va tezkor chora ko‘rishga tayyorgarlik borasida kamchiliklar aniqlandi. Bu haqda Bosh vazir Oljas Bektenovning deputatlik so‘roviga bergan javobida aytilgan, deb xabar beradi Tengrinews.kz.

«Xususan, xavfli omillarga yetarlicha e’tibor qaratilmagan, xavfsizlik talablariga rioya etilishi va mashg‘ulotlarning xavfli bosqichlarini to‘xtatish bo‘yicha o‘z vaqtida qaror qabul qilinishi ustidan tegishli nazorat bo‘lmagan», — deya ta’kidlaydi hukumat rahbari.

Shu bilan birga, u Qozog‘iston Qurolli kuchlarida manyovrlarni havodan kuzatish uchun uchuvchisiz tizimlardan allaqachon foydalanilayotganini qayd etdi. Ayrim bo‘linmalarda harbiy xizmatchilarning joylashuvini aniqlash va ularning fiziologik holatini nazorat qilish imkonini beruvchi shaxsiy qurilmalar qo‘llanilmoqda. Bundan tashqari, kuch tuzilmalari «Qazgidromet» bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan va ob-havoning kutilayotgan o‘zgarishlari haqida muntazam ma’lumot olib turadi.

Vazirlikda kompleks tekshiruv joriy yil sentyabr oyida Mang‘istau viloyatidagi harbiy mashg‘ulotlar vaqtida 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganidan keyin boshlangandi. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ob-havo keskin yomonlashib, kuchli shamol esishi oqibatida o‘quv-jangovar vazifani bajarayotgan harbiy xizmatchilar guruhini dengizga oqizib ketgan. Harbiylar halok bo‘lganidan so‘ng Mudofaa vazirligi rahbariyati almashtirildi va jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ushbu ish doirasida Harbiy-dengiz kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni, uning sobiq o‘rinbosari — HDK shtabi boshlig‘i, shuningdek, boshqa bir qator mansabdor shaxslar qamoqqa olindi.

Fojia ortidan hukumat qurolli kuchlar islohotini ham e’lon qildi. Ushbu islohot muddatli harbiy xizmatni ikki bosqichli modelga o‘tkazishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi jangovar harakatlarni modellashtirish imkonini beruvchi simulyatorlarni joriy etishni rejalashtirmoqda. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, bu harbiy xizmatchilar tayyorgarligi sifatini oshirish va mashg‘ulotlar o‘tkazish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilishi kerak.

  • O‘zbekiston maktab islohotini xorijiy tajribalar asosida qanday shakllantirayotgani haqida

  • Qozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda

  • Toliblarga qarshi muxolifat yetakchilari mamlakat kelajagi borasida turlicha fikr bildirdi

  • Mashhur san’atkorning Japarov oldida o‘zini qanday tutgani Qirg‘izistonda hokimiyatga sig‘inish va siyosiy o‘zgarishlar haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi