Qozog‘iston chet elliklar uchun elektron kirish ruxsatnomalarini joriy eta boshladi

qazeta.kz/ru/eta saytidan skrinshot

Qozog‘istonda xorijliklarning mamlakatga kirishi uchun elektron ruxsatnomalar (ETA — Electronic Travel Authorization) tizimini joriy etish boshlandi. Ushbu tizim respublika bilan vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar, jumladan, Rossiya fuqarolariga nisbatan tatbiq etiladi.

1 noyabrdan boshlab yangi tartib Aqtau xalqaro aeroportida, shuningdek, «O‘rlyutobe» (Pavlodar viloyati), «Auxatti» (Jambil viloyati), «Atameken» (Turkiston viloyati) va «Nurli yo‘l» (Jetisu viloyati) avtomobil o‘tkazish punktlarida amal qila boshladi.

Ikkinchi bosqich 2027 yil 1 yanvardan Ostona va Olmaota aeroportlarida, 1 martdan esa qolgan barcha o‘tkazish punktlarida boshlanadi.

Hozircha chet elliklar Qozog‘istonga elektron ruxsatnomasiz ham kiritiladi, biroq ularga ushbu hujjatni rasmiylashtirish zarurligi haqida ogohlantirish beriladi. Ammo kelasi yil 1 iyuldan boshlab elektron ruxsatnoma majburiy bo‘ladi. U bo‘lmagan taqdirda, xorijliklar mamlakatga kiritilmaydi.

Kirish ruxsatnomasini QazETA portali orqali olish mumkin. Hujjatlarni mamlakatga kirish sanasidan kamida 72 soat oldin topshirish kerak. Ariza 10 daqiqa ichida ko‘rib chiqilishi va’da qilinmoqda, xizmat bepul.

Respublika bilan vizasiz rejim o‘rnatgan davlatlar fuqarolari ruxsatnoma olishlari shart. Vizali rejim amal qiladigan davlatlar fuqarolarining Qozog‘istonga kirish tartibi o‘zgarmaydi.

Ariza berish uchun xorijliklardan kamida yana olti oy amal qiladigan xorijga chiqish pasporti, javobni olish uchun elektron pochta manzili va Qozog‘istonga safar maqsadini ko‘rsatish talab etiladi.

Ruxsatnoma ichki ishlar organlari tomonidan milliy xavfsizlik organlari bilan kelishilgan holda beriladi.

Ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagani, pasportdagi ma’lumotlar arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlarga mos kelmagani, texnik xatolar, tegishli fuqarolikka ega shaxsning ETA olish huquqi mavjud emasligi yoki Qozog‘iston davlat organlari tomonidan cheklovlar belgilangani sababli ariza rad etilishi mumkin.

Ruxsatnoma olti oy davomida amal qiladi. Masalan, Rossiya fuqarolari ushbu ruxsatnoma asosida har 180 kunlik davr ichida Qozog‘istonda 90 kun bo‘lishlari mumkin. Boshqa davlatlar fuqarolari uchun bu muddat qisqaroq bo‘lishi mumkin. Ushbu muddat tugamasidan oldin xorijlik respublika hududini tark etishi yoki vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma, yashash guvohnomasi yoxud uzoq muddatli viza olishi shart.

Ayrim toifadagi xorijliklar kirish ruxsatnomasini olishdan ozod qilinadi. Ular qatoriga, xususan, 16 yoshga to‘lmagan yoki 65 yoshdan oshgan shaxslar, xalqaro qatnovlarni amalga oshiruvchi yuk mashinasi va avtobus haydovchilari, samolyotlar, kemalar ekipajlari va poyezd brigadalari a’zolari, diplomatlar, rasmiy hukumat delegatsiyalari a’zolari, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining akkreditatsiya guvohnomasi egalari, respublikada yashash guvohnomasi yoki vaqtincha yashash uchun ruxsatnomasi bo‘lgan shaxslar kiradi. Shuningdek, aeroportlarning tranzit hududidan chiqmaydigan tranzit yo‘lovchilar ham ETA rasmiylashtirishlari shart emas.

Qozog‘iston hukumati elektron kirish ruxsatnomalarini joriy etish rejalari haqida joriy yil avgust oyida ma’lum qilgan edi. Tegishli loyiha Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Oktyabr oyida hukumat ETA rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqladi.

  • O‘zbekiston maktab islohotini xorijiy tajribalar asosida qanday shakllantirayotgani haqida

  • Qozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda

  • Toliblarga qarshi muxolifat yetakchilari mamlakat kelajagi borasida turlicha fikr bildirdi

  • Mashhur san’atkorning Japarov oldida o‘zini qanday tutgani Qirg‘izistonda hokimiyatga sig‘inish va siyosiy o‘zgarishlar haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi