Xalqaro arbitraj sudi Qozog‘istonning North Caspian Operating Company (NCOC) neft konsorsiumiga nisbatan Qashag‘an konini o‘zlashtirish jarayonidagi bahsli xarajatlarni qoplash bo‘yicha talablarini qisman rad etdi. Gap Markaziy Osiyo respublikasi hukumati da’vosida ko‘rsatilgan 20 milliard dollardan qariyb 12 milliard dollari haqida bormoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, Bloomberg xabar berdi.
Qozog‘iston talablarida mamlakatdagi ikkinchi yirik neft koni — Qashag‘anda neft qazib olish quvvatlarini ishga tushirish kechiktirilgani sababli haqiqiy xarajatlar dastlabki budjetdan ancha oshib ketgani qayd etilgan. Ostona qariyb 20 milliard dollarni tashkil etuvchi bahsli xarajatlarni qoplashni talab qilgan.
Biroq, arbitraj sudi Qozog‘iston 2011–2015 yillarda qilingan xarajatlarga taalluqli da’voni juda kech taqdim etgan, degan qarorga keldi. Shu sababli 12 milliard dollarlik xarajatlarni qoplash talabi rad etildi. Qolgan 8 milliard dollarlik da’vo bo‘yicha ishni ko‘rib chiqish davom etmoqda. Sud muhokamasida aynan qaysi masalalar ko‘rib chiqilishi hali aniqlashtirilmagan.
Qozog‘iston ancha vaqtdan beri NCOC bilan sudlashib keladi. Konsorsium tarkibiga Shell, ExxonMobil, Eni, TotalEnergies, China National Petroleum Corporation va Yaponiyaning Inpex kompaniyasi kabi yirik korporatsiyalar kiradi. Da’volar asosan boy berilgan foyda, ekologik me’yorlarning buzilishi va korrupsiya bilan bog‘liq.
Aytish joiz, korrupsiyaga oid ayblovlar Qozog‘istonning Qashag‘an loyihasi ishtirokchilariga qarshi qiymati 160 milliard dollar bo‘lgan keng ko‘lamli arbitraj da’vosining bir qismiga aylangan. Mazkur nizo 1997 yilda tuzilgan Shimoliy Kaspiy bo‘yicha mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim va unga 2008 yilda kiritilgan o‘zgartirishlar bilan bog‘liq.
Tahlilchilarning baholashicha, 2016–2023 yillarda Qozog‘iston ushbu bitim doirasida soliqlar va royalti to‘lovlarini qo‘shib hisoblaganda 5,4 milliard dollar olgan. Ayni paytda neft sotishdan tushgan umumiy daromad qariyb 55 milliard dollarni tashkil etgan.
Shu munosabat bilan respublika hukumati loyihani amalga oshirish jarayonida ehtimoliy qoidabuzarliklar, korrupsiya va atrof-muhitga yetkazilgan zararni vaj qilib, bitim shartlarini qayta ko‘rib chiqishga intilmoqda. NCOC esa Qozog‘istonning da’volarini rad etmoqda.
Joriy yil oktyabr oyi boshida xabar qilinganidek, Ostona konsorsiumdan 2,3 trillion tenge (qariyb 5 milliard dollar) miqdoridagi ekologik jarimani undirish jarayonini qayta boshlagan.



