So‘nggi yetti yil davomida Qozog‘iston 155 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qildi, 2026 yil boshidan buyon esa umumiy qiymati 60 milliard dollarlik 355 ta tijorat kelishuvi imzolandi. Bu haqda prezident Qosim-Jomart To‘qayev Respublika kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda ma’lum qildi, deb xabar beradi «Oqo‘rda».
Qozog‘istonda Respublika kuni 25 oktyabrda nishonlanadi. 1990 yilning aynan shu kuni davlat suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingan. To‘qayev 2019 yildan buyon prezident lavozimida ishlab kelmoqda.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yildan buyon mamlakat iqtisodiyoti qariyb 30 foizga o‘sgan. Yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi 350 milliard dollarga yaqinlashmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Qozog‘iston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlari orasida ikkinchi o‘rinni egallaydi. Aholi jon boshiga YAIM 15 ming dollardan oshgan. Kichik va o‘rta biznesning YAIMdagi ulushi 40 foizga yetgan, ushbu sohada mehnatga layoqatli fuqarolarning qariyb yarmi ishlamoqda.
To‘qayevning ta’kidlashicha, so‘nggi besh yilda qayta ishlash sanoati mahsulotlari eksportining umumiy eksportdagi ulushi 45 foizdan oshgan. Har yili 150 mingdan ortiq yengil va yuk avtomobillari ishlab chiqarilmoqda. Yetti yil davomida avtomobil va temir yo‘llarining o‘n minglab kilometr qismi qurilgan va ta’mirlangan.
Ijtimoiy sohaga, To‘qayevning ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yetti yilda 88 trillion tenge (qariyb 197 milliard dollar) ajratilgan. 2019 yildan buyon 1259 ta tibbiyot muassasasi, 1342 ta maktab va 1483 ta bolalar bog‘chasi qurilgan. 1,7 milliondan ortiq o‘quvchi bepul issiq ovqat bilan ta’minlangan. Yetti yil davomida oliy ta’lim uchun umumiy qiymati 1,5 trillion tenge (3,3 milliard dollar) bo‘lgan 655 mingdan ortiq grant ajratilgan. «Milliy jamg‘arma — bolalarga» loyihasi doirasida 7 million nafar bolaning hisob raqamlariga 2,5 milliard dollar o‘tkazilgan.
Mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 76 yoshga yaqinlashgan. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich bo‘yicha Qozog‘iston mintaqada yetakchilik qilmoqda. Prezident, shuningdek, mamlakat dunyodagi eng nufuzli davlatlar qatoriga kirib, 34-o‘rinni egallaganini ta’kidladi.
To‘qayev raqamli texnologiyalar sohasiga ham alohida to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, axborot texnologiyalari (IT) sohasidagi xizmatlar eksporti 1 milliard dollardan oshgan. Ostonada Alem.ai xalqaro sun’iy intellekt markazi va Astana Hub texnoparki faoliyat yuritmoqda. Ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari klasteri qurilmoqda.
«Ikkita superkompyuter ishga tushirildi. Ularning resurslaridan mahalliy kompaniyalar va olimlar foydalanmoqda. Uchinchi, juda qudratli superkompyuterni ishga tushirish arafasidamiz», — deb ma’lum qildi To‘qayev.
Siyosiy masalalarga to‘xtalar ekan, prezident yangi Konstitutsiya qabul qilinganidan so‘ng davlat hokimiyati tizimi to‘liq yangilanganini, vitse-prezident lavozimi ta’sis etilganini va oliy maslahat organi — Qozog‘iston Xalq kengashi (Qazaqstan Xaliq Keңesі) o‘z faoliyatini boshlaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘ngillilar harakati ham konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi.
To‘qayev mavjud kamchiliklar va yo‘l qo‘yilgan xatolarni tan olishini qayd etdi.
«Hukumat, deputatlar va davlat xizmatchilari ularni bartaraf etish uchun barcha kuchlarini safarbar etishlari kerak», — dedi prezident.
U davlatni rivojlantirishning ustuvor vazifalarini kelasi hafta xalqqa yo‘llaydigan Murojaatnomasida batafsil bayon qilishini ma’lum qildi.



