O‘zbekistonda 4,63 million tonna paxta terib olindi. Bu rejalashtirilgan hajmning 103 foizini tashkil etadi. Bu haqda 22 oktyabr kuni respublika Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu bilan birga, paxta dalalarida hosil yig‘im-terimi davom etmoqda. Vazirlik ma’lum qilishicha, 49 ming gektardan ortiq maydonda hali faqat birinchi terim o‘tkazilgan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, ilgari mamlakatda paxta yig‘im-terimi dekabr oyining oxirigacha davom etardi.
« O‘zi bir paytlari 1 oktyabrda paxta terim boshlanardi, lekin 20 dekabrda ham u tugamasdi. Xuddi kechasi birov paxta terganday, kechasi shtab bo‘lardi, ertalabga reja aytilardi», — deya esladi u 21 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuvda.
Odatda paxta uch bosqichda terib olinadi:
- Birinchi bosqich — yig‘im-terim mavsumi boshida, g‘o‘za ko‘saklarining eng ko‘p qismi ochilgan, xom paxtaning hosildorligi va sifati eng yuqori bo‘lgan paytda.
- Ikkinchi bosqich — birinchi terimdan taxminan o‘n kun o‘tgach. Bu vaqtda ham terib olinadigan xom paxta miqdori ancha yuqori bo‘ladi.
- Uchinchi, yakuniy bosqichda — dalalarda qolgan paxta terib olinadi. Bu paytga kelib, qolgan hosilning miqdori ham, sifati ham sezilarli darajada pasayadi.
Biroq bu tartib o‘nlab yillar davomida o‘zbekistonlik paxtakorlar uchun asosiy usul bo‘lgan qo‘lda terimga taalluqli. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi besh yilda paxta terimida qo‘l mehnati hajmi 1,8 baravarga kamaygan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborotiga ko‘ra, joriy mavsumda 3,5 million tonnadan ortiq paxta terim mashinalari yordamida yig‘ib olingan. Dalalarga qariyb 3000 ta mashina jalb qilingan — bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan uch baravar ko‘p.
Mamlakat hududlarida paxta terimini mexanizatsiyalash darajasi bugungi kunda 61 foizdan 98,5 foizgacha o‘zgarib turadi. Respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 76 foizni tashkil etadi. Masalan, Jizzax viloyatida hosilning 98,5 foizi, Sirdaryo viloyatida 94,2 foizi, Toshkent viloyatida esa 81,2 foizi terim mashinalari yordamida yig‘ib olingan.
Mamlakatda Xitoy texnologiyalaridan foydalanish hisobiga har gektardan 80–90 sentnerdan hosil olayotgan xo‘jaliklar paydo bo‘ldi. Hukumat O‘zbekistonda o‘rtacha hosildorlikni gektariga 60–70 sentnerga yetkazishni kutmoqda. Taqqoslash uchun: 2016 yilda o‘rtacha hosildorlik gektariga 23,4 sentnerni, 2025 yilda esa 46 sentnerni tashkil etgandi.
▪️ 2020 yil mart oyida prezident shu yilgi hosildan boshlab paxta yetishtirish bo‘yicha davlat buyurtmasini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Avvalgi davlat xaridlari tizimi o‘rnini paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan shartnomaviy munosabatlar egalladi. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilar paxtani birja mexanizmlari orqali sotish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shunga qaramay, sohada ishlab chiqarish bo‘yicha prognoz va shartnomaviy ko‘rsatkichlar hanuz amal qilmoqda. 2026 yil uchun paxta yetishtirish mo‘ljali 4,5 million tonna etib belgilangan edi.



