Qashqadaryo hokimiyatiga 20 milliard dollarlik loyihalarni tayyorlash va hududni kambag‘allikdan xalos etish topshirildi

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati uchun umumiy qiymati 20 milliard dollarni tashkil etuvchi uch yillik loyihalar dasturini tayyorlashni topshirdi. Dastur doirasida 50 mingta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Topshiriq viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bag‘ishlangan yig‘ilishda berildi. Viloyatga biriktirilgan loyiha menejeri va boshqa mansabdor shaxslar mas’ul etib belgilandi. Dastur xomashyoni qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishni qamrab olishi kerak.

Aniq imkoniyatlar sifatida GTL zavodida umumiy qiymati 300 million dollarlik uchta loyiha, 430 ming tonna nafta asosida polimerlar va neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati hamda qiymati 1,5 milliard dollarga yetishi mumkin bo‘lgan loyiha qayd etildi. Shuningdek, Dehqonobod kaliy zavodi quvvatini 365 ming tonnadan 600 ming tonnagacha oshirish va umumiy qiymati 830 million dollarlik kichik tonnajli kimyo sohasidagi 30 dan ortiq taklifni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Yirik korxonalar atrofida kooperatsiya zanjirlarini shakllantirish vazifasi qo‘yildi. Yil oxirigacha G‘uzor, Sho‘rtan, Muborak, Dehqonobod va Nishonda oltita sanoat klasteri tashkil etilishi, Sho‘rtan, Muborak, Yakkabog‘ va Kosonda esa «Qashqadaryo» erkin iqtisodiy zonasining filiallari ochilishi kerak. Birinchi bosqichda infratuzilmaga 250 milliard so‘m (21 million dollar) yo‘naltiriladi.

Sanoat loyihalarini energiya bilan ta’minlash maqsadida kelgusi yili quvvati 300 megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi va Masdar kompaniyasining energiya saqlash tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan. Qarshi tumanida chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi yakunlanmoqda. Nishon va Ko‘kdala tumanlarida yirik podstansiyalar quriladi. Shuningdek, uzunligi 245 kilometr bo‘lgan Tolimarjon — So‘g‘diyona elektr uzatish liniyasi qurilishini yakunlash kutilmoqda.

Qishloq xo‘jaligida qo‘shimcha 200 ming kishini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Jahon banki bilan hamkorlikda sakkizta tumandagi 100 ming gektar yaylovda Misr tajribasi asosida dronlar yordamida qurg‘oqchilikka chidamli ozuqa ekinlari ekish va chorvachilik majmualarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 265 kilometr kanal betonlanadi, 20 ta nasos yangilanadi va 75 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ishtirokida A-380 avtomobil yo‘lining 100 kilometrlik qismi rekonstruksiya qilinadi. Qarshi aylanma yo‘li magistral yo‘l bilan tutashtiriladi, ikkita temir yo‘l kesishmasida esa yo‘l o‘tkazgichlar quriladi.

Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatidagi eng muhim muammolardan biri — aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasiga alohida to‘xtaldi. 2026 yil oxirigacha viloyatda 747 kilometr suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlari hamda 43 ta inshoot qurilishi yakunlanadi. Bu 200 ming kishini suv bilan ta’minlash imkonini beradi. Hisorak suv omboridan Qarshi shahri va qo‘shni tumanlargacha suv quvuri tortilishi yana 350 ming nafar aholining suv ta’minotini yaxshilaydi. Tolimarjon — Muborak tizimini rekonstruksiya qilish esa beshta tumandagi 700 ming kishini qamrab oladi.

Prezidentning ta’kidlashicha, bir necha yil avval Qashqadaryo ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat eng murakkab bo‘lgan hududlardan biri hisoblangan. Endi esa hokimiyat yil oxirigacha viloyatda kambag‘allik va ishsizlikni bartaraf etishni maqsad qilgan.

Yangi ish o‘rinlari, jumladan, turizm sohasini rivojlantirish bilan ham bog‘lanmoqda. Yil boshidan beri viloyatga 2,5 million sayyoh tashrif buyurgan, ularning 500 ming nafari G‘elon qishlog‘iga borgan. U yerda tog‘-chang‘i kurortining birinchi bosqichini ishga tushirish rejalashtirilgan. Boshqa tog‘li qishloqlarda etnoturizm, Shahrisabz tumanida esa rafting va sport turizmi rivojlantiriladi. Oltita qishloq uchun bosh rejalar tayyorlanib, umumiy qiymati 50 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish boshlanadi.