Yaqin orada Dushanbe shahrida Area AI maydonchasi negizida sun’iy intellekt xabi (AI-xab) ochiladi. AQSHning NVIDIA korporatsiyasi ushbu yirik loyihani amalga oshirishda mahalliy hokimiyat organlariga ko‘maklashadi. Bu Markaziy Osiyodagi ilk shunday obyekt bo‘ladi, deb xabar beradi «Aziya-Plyus» nashri.
Innovatsion sun’iy intellekt xabining taqdimoti yaqinda Tojikistonning Berlindagi elchixonasida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda NVIDIA vakillari bilan bir qatorda IT-industriyasi, xususan, sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi Armada, VEON, DataVolt, Perplexity va Supermicro kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Ular NVIDIA ning raqobatchilari hisoblanadi.
Tojikistonning Germaniyadagi elchisi Imomuddin Sattorov loyihaning ishga tushirilishi BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishida sun’iy intellektning roli to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi maqsadlarini amalga oshirishga hissa qo‘shishini ta’kidladi. Ushbu rezolyutsiya o‘tgan yil iyul oyida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tashabbusi bilan qabul qilingan edi.
O‘z navbatida, Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi huzuridagi Sun’iy intellekt bo‘yicha kengash raisi Azizjon Azimiy Area AI negizida ekotizim yaratilishini qo‘shimcha qildi. Uning vazifalaridan biri ilg‘or innovatsiyalarni yirik sanoat loyihalariga joriy etishdan iborat bo‘ladi.
AI-xabni boshqarish Zehnlab.ai kompaniyasiga topshirilgan. Kompaniya ishlanmalari orasida tojik tilida sun’iy intellekt bilan ishlash imkonini beruvchi til modeli ham bor. Hozirda kompaniya NVIDIA bilan birgalikda xabning texnik dasturini ishlab chiqmoqda.
Dasturning asosini fundamental va til modellari, sintetik ma’lumotlar yaratish texnologiyalari, gidroenergiyadan foydalanadigan grafik protsessorlar asosidagi hisoblash infratuzilmasi, shuningdek, ta’lim, davlat sektori, moliya va boshqa sohalar uchun yechimlar tashkil etadi.
Bundan tashqari, xab Dushanbe shahridagi Area AI maydonchasini Xo‘jandda bo‘lajak sanoat sun’iy intellekt parki hududida tashkil etilayotgan jismoniy sun’iy intellekt laboratoriyasi bilan bog‘laydi. Laboratoriya NVIDIA korporatsiyasi loyihalari tajribasi asosida jismoniy sun’iy intellektni rivojlantiradigan Markaziy Osiyodagi birinchi muassasa bo‘ladi. Bu yondashuv ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni texnologiyalarni sanoat obyektlarida sinovdan o‘tkazish bilan birlashtirish imkonini beradi.
Ma’lum bo‘lishicha, birinchi loyiha konchilik sohasida sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlanadi. Xususan, foydali qazilmalar mavjud bo‘lgan rudani bo‘sh tog‘ jinslaridan ajratish, ya’ni rudani saralash jarayonida AI texnologiyalari qo‘llaniladi. Keyinchalik uch o‘lchamli xaritalash va xavfli hamda yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarni robotlar yordamida qidirish ishlarida ham «aqlli» texnologiyalardan foydalanish rejalashtirilgan.
Area AI maydonchasi joriy yil yanvar oyida Dushanbe shahrida ochilgan edi. Innovatsion sun’iy intellekt xabi uni rivojlantirishning keyingi bosqichi bo‘lib, Tojikiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ta’lim olish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va sun’iy intellektni joriy etish maqsadida universitetlar, dasturchilar, startaplar hamda sanoat korxonalarini birlashtiradi.
Aytish joiz, mintaqa davlatlari ham sun’iy intellekt sohasini rivojlantirmoqda. Masalan, Qozog‘iston Ekibastuz shahrida Data Center Valley, ya’ni ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari «Vodiysi»ni ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu yerda quvvati 1 gigavatt bo‘lgan sun’iy intellekt infratuzilmasi yaratilmoqda. Birinchi loyiha 2027 yilning ikkinchi choragida ishga tushiriladi. Investitsiyalar hajmi 5 milliard dollarni tashkil etadi. Ushbu tashabbusda Qozog‘istonning hamkorlari Firebird AI va NVIDIA kompaniyalaridir.
O‘zbekiston hukumati Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari uchun maxsus texnologik zona tashkil etishni rejalashtirmoqda. Xususan, quvvati kamida 1 GVt bo‘lgan barqaror elektr ta’minotini talab qiluvchi, umumiy qiymati 8 milliard dollarlik oltita loyiha haqida so‘z borgan edi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistonining DataVolt kompaniyasi Toshkentda ma’lumotlar markazini qurmoqda. Uning qurilishiga 150 million dollargacha mablag‘ sarflanishi kutilmoqda.



