AQSH Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Samarqandga kelgan Amerika ishbilarmon doiralari vakillari o‘zbekistonlik hamkorlari bilan 54 ta hamkorlik kelishuvini tuzdi. Hujjatlarda 12 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga (ISSV) tayanib, «Gazeta.uz» xabar berdi.
Vazirlik ma’lum qilishicha, kelishuvlar sanoat, transport va energetika infratuzilmasi, muhim minerallar, moliya sektori, raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi turli sohalarni qamrab oladi. Shartnomalar investitsiyaviy, texnologik va savdo hamkorligini nazarda tutadi.
ISSV matbuot xizmati bir nechta misolni keltiradi. Jumladan, Franklin Templeton, Oppenheimer & Co., Citigroup va BlackRock kompaniyalari bilan tuzilgan kelishuvlar o‘zbekistonlik kompaniyalarning xalqaro kapital bozorlariga chiqishini ta’minlash, institutsional investorlarni jalb qilish va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga qaratilgan.
Wabtec kompaniyasi bilan qo‘shma tashabbus temir yo‘l texnikasi va butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga yo‘naltirilgan. GE Aerospace bilan hamkorlik doirasida esa amerikaliklar Markaziy Osiyo mamlakatiga «O‘zbekiston havo yo‘llari» (Uzbekistan Airways) kompaniyasining yangi samolyotlari uchun dvigatellar yetkazib beradi.
Konchilik sohasidagi hamkorlik ReElement Technologies, Traxys va Trafigura kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomalarda mustahkamlangan. Bu holda gap konlarni o‘rganish va o‘zlashtirish, texnologiyalar almashinuvi hamda tabiiy resurslar, jumladan, muhim minerallar toifasiga kiruvchi foydali qazilmalarni yetkazib berish haqida bormoqda.
Bundan tashqari, Amazon Leo bilan tuzilgan shartnomalar sun’iy yo‘ldosh aloqasini rivojlantirishni, GE HealthCare bilan kelishuvlar zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etishni, Valmont Industries bilan hamkorlik esa qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishni nazarda tutadi.
Marko Rubioning Samarqandga tashrifi doirasida o‘tkazilayotgan «Markaziy Osiyo — AQSH» (S5+1) formatidagi muzokaralarning ishbilarmonlik dasturi 19 oktyabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi tomonidan tashkil etilgan Welcome&Orientation kirish sessiyasi bilan boshlandi.
ISSV ma’lumotiga ko‘ra, ishbilarmonlik dasturida jami 400 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etmoqda. Ular orasida AQSHning 100 dan ortiq, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan 100 ta va O‘zbekistonning 200 ta korxonasi vakillari bor.



