O‘zbekiston va AQSH kengaytirilgan strategik sheriklik bo‘yicha birinchi muloqotni o‘tkazdi

Marko Rubio va Baxtiyor Saidov. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

19 oktyabr kuni Samarqandda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi Kengaytirilgan strategik sheriklik bo‘yicha muloqotning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov xabar berdi.

Uchrashuvda AQSH tomonidan Davlat kotibi Marko Rubio ishtirok etdi. U bir kun avval «Markaziy Osiyo — AQSH» (C5+1) formatidagi Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida qatnashish uchun O‘zbekistonga kelgan edi.

Saidovning so‘zlariga ko‘ra, muloqot davomida tomonlar ikki davlat rahbarlari avval erishgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Savdo va investitsiyalarni kengaytirish, energetika, muhim minerallar va ilg‘or texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Ta’lim, madaniy-gumanitar aloqalar va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan.

Marko Rubio ta’kidlashicha, Saidov bilan uchrashuvda kosmik soha hamkorligi ham muhokama qilingan. Muloqot yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston tomoni Oy, Mars, kometalar va asteroidlarni tinch maqsadlarda tadqiq etish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha hamkorlik tamoyillarini belgilab beruvchi «Artemida» kelishuvlarini imzoladi.

«Ushbu hujjat O‘zbekiston uchun NASA va boshqa ishtirokchi davlatlarning kosmik agentliklari bilan hamkorlikni kengaytirish, milliy kadrlarni tayyorlash hamda kosmik texnologiyalarni transfer qilish borasida yangi imkoniyatlar ochadi», — deya izoh berdi Saidov.

«Artemida» kelishuvlari (Artemis Accords) — 2020 yilda AQSH tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, Oy, Mars va boshqa osmon jismlarini fuqarolik maqsadlarida tadqiq etishni tartibga solishga qaratilgan, yuridik jihatdan majburiy kuchga ega bo‘lmagan tamoyillar to‘plami. Hujjat 1967 yilgi Kosmik fazo to‘g‘risidagi shartnomaga asoslangan.

Unda o‘nta amaliy tamoyil belgilangan: tinch maqsadlarga amal qilish, shaffoflik, tizimlarning o‘zaro mosligi, astronavtlarga favqulodda yordam ko‘rsatish, kosmik obyektlarni ro‘yxatga olish, ilmiy ma’lumotlarni ochiq almashish, tarixiy merosni muhofaza qilish, kosmik resurslardan foydalanish, «xavfsizlik zonalari» orqali faoliyatni muvofiqlashtirish va orbital chiqindilarning oldini olish.

Kelishuvlar 2020 yil 13 oktyabrda sakkiz mamlakat — AQSH, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Italiya, Kanada, Luksemburg, Birlashgan Arab Amirliklari va Yaponiya vakillari tomonidan imzolangan. Keyinchalik uga boshqa davlatlar ham qo‘shilgan.