Qozogʻiston rasmiylari Milliy panteondan joy olishga daʼvogarlar roʻyxatini kengaytirdi

kaztag.kz saytidan olingan surat

Qozogʻistonda Milliy panteonga dafn etish qoidalari oʻzgartirildi. Endilikda yodgorlik majmuasiga dafn etilish huquqi vitse-prezident, Qurultoy va Qozogʻiston Xalq Kengashi raislari hamda ularning oʻrinbosarlariga ham taalluqlidir. Bu haqda hukumatning 4 noyabrdagi qarorida aytiladi.

Yangilangan roʻyxatga muvofiq, Milliy panteonga quyidagilar dafn etilishi mumkin:

👉 vitse-prezident, Вosh vazir va uning oʻrinbosarlari;

👉 Qurultoy va Qozogʻiston Xalq Kengashi raislari hamda ularning oʻrinbosarlari;

👉 parlament palatalari raislari va ularning oʻrinbosarlari;

👉 davlat kotiblari va davlat maslahatchilari;

👉 Prezident administratsiyasi rahbarlari;

👉 Konstitutsiyaviy kengash, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Milliy bank raislari;

👉 Xavfsizlik kengashi raisi oʻrinbosarlari;

👉 vazirlar va bevosita prezidentga boʻysunuvchi davlat organlari rahbarlari;

👉 Ostona shahri, viloyatlar va respublika ahamiyatiga ega shaharlar hokimlari (maʼmuriyat rahbarlari).

Shu bilan birga, Qozogʻiston prezidenti mamlakatning boshqa fuqarolarini panteonga dafn etish boʻyicha alohida qaror qabul qilish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

Dafn marosimini tashkil etish tartibi ham oʻzgardi. Endilikda u marhumning turmush oʻrtogʻi, yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakili tashabbusi bilan Ostona shahri, viloyatlar va respublika ahamiyatiga ega shaharlarning mahalliy ijroiya organlari tomonidan taʼminlanadi.

ℹ️ Milliy panteon Ostona shahridan taxminan 25 kilometr narida, Qabanbay botir maqbarasi yaqinida joylashgan. Yodgorlik majmuasi 2019 yilda atoqli davlat, jamoat va madaniyat arboblari, shuningdek, mamlakat taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan fuqarolar xotirasini abadiylashtirish maqsadida barpo etilgan. Panteon hududi memorial bino, xotira muzeyi, qabr usti inshootlari va xiyobon zonasini oʻz ichiga oladi.

OAV maʼlumotlariga koʻra, loyiha respublika byudjetiga taxminan 5,5 million dollarga tushgan.

Hozirda majmuada jami 30 ga yaqin qabr mavjud, deb yozadi Forbes.kz. Panteonga dafn etilganlar orasida shoira va parlamentning sobiq deputati Fariza Oʻngʻarsinova, yozuvchi Abish Kekilboyev, Oliy sudning sobiq raisi Maqsut Narikbayev, Oqmoʻla viloyatining sobiq hokimi Sergey Dyachenko va Hisob qoʻmitasining sobiq rahbari Qoʻzi-Koʻrpesh Jonburshin bor.

  • O‘zbekiston maktab islohotini xorijiy tajribalar asosida qanday shakllantirayotgani haqida

  • Qozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda

  • Toliblarga qarshi muxolifat yetakchilari mamlakat kelajagi borasida turlicha fikr bildirdi

  • Mashhur san’atkorning Japarov oldida o‘zini qanday tutgani Qirg‘izistonda hokimiyatga sig‘inish va siyosiy o‘zgarishlar haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi