Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Tojikistonda Rog‘un gidroelektr stansiyasi (GES) qurilishi uchun 500 million dollar ajratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Tojikiston Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Rog‘un GESi qurilishini moliyalashtirish masalasi Bangkokda bo‘lib o‘tgan Jahon banki (JB) Guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasining yillik yig‘ilishlari doirasida muhokama qilindi. Uchrashuvlarda Tojikiston Moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani hamda OTB vitse-prezidenti Vempi Saputra ishtirok etgan.
Ta’kidlanishicha, OTB Rog‘un GESi loyihasi uchun Tojikistonga 200 million dollar miqdorida grant va 300 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, Jahon banki va OTB yagona tartib-taomillarga asoslangan qo‘shma moliyalashtirish tizimini (Full Mutual Reliance Framework) joriy etadi.
Tomonlar loyihani baholash, xaridlarni amalga oshirish va uning bajarilishini nazorat qilishda yagona talablar hamda tartib-taomillardan foydalanish, jarayonlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va moliyalashtirishni jalb etishni tezlashtirish masalalarini muhokama qilgan.
2026 yil yozida Jahon banki direktorlar kengashi Rog‘un GESi qurilishini moliyalashtirishning ikkinchi bosqichini ma’qulladi va 300 million dollar miqdorida grant ajratdi.
Rog‘un GESi — Tojikistonning eng yirik energetika loyihasi. GESning oltita agregati yiliga 14 400 gigavatt-soat qayta tiklanuvchi elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu mamlakatda hozirgi kunda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 60 foiziga teng. Har biri 600 MVt quvvatga ega bo‘lgan ikkita agregat allaqachon ishlamoqda. Gidroelektr stansiyasi qurilishini 2031 yil oxiriga qadar yakunlash rejalashtirilgan. Rog‘un GESi Markaziy Osiyodagi eng qudratli gidroelektr stansiyasiga aylanishi kutilmoqda. Uning o‘rnatilgan quvvati 3600 MVtni, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi esa 13 milliarddan 17 milliard kilovatt-soatgacha bo‘ladi.
2008–2024 yillarda Tojikiston Rog‘un GESi qurilishiga 42,5 milliard somoni (taxminan 4 milliard dollar) yo‘naltirgan. 2024 yil dekabr oyida Jahon banki qurilishni yakunlash dasturining birinchi bosqichi uchun 350 million dollar miqdorida grant ajratishni ma’qullagan edi.



