Turkmaniston temir yo‘llarining sobiq rahbari Rossiyada «ekstazi» kontrabandasi uchun 8,5 yilga qamaldi

Moskva viloyati sudi. law.ru fotosurati

Moskva viloyati sudi «Demiryollari» («Turkmaniston temir yo‘llari»)ning sobiq rahbari Xidir Rahmonovga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi. U MDMA psixoaktiv moddasini kontrabanda qilish va noqonuniy saqlashda aybdor deb topilib, sakkiz yil olti oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Bu haqda Turkmen.news sud qarori nusxasiga tayanib xabar berdi.

MDMA — rag‘batlantiruvchi va gallyutsinogen ta’sirga ega sintetik psixoaktiv modda bo‘lib, «ekstazi» nomi bilan ham mashhur.

Hukm 2026 yil 16 aprel kuni Domodedovo shahar sudi tomonidan chiqarilgan. Rahmonov yirik miqdorda psixoaktiv moddalarni kontrabanda qilish va ularni sotish maqsadisiz noqonuniy saqlashda aybdor deb topildi. Jazo muddati 2025 yil 4 oktyabrdan — u qo‘lga olingan kundan hisoblanadi. Himoya tomoni hukm ustidan shikoyat qildi, ammo 21 iyul kuni Moskva viloyati sudi apellyatsiya shikoyatini rad etdi.

Tergov materiallariga ko‘ra, Rahmonovning yukidan umumiy og‘irligi 7,16 gramm bo‘lgan, tarkibida MDMA mavjud taxminan 20 ta tabletka topilgan. Ular ikki xil sumka ichida bo‘lgan, shundan 17 tasi oshqozon uchun mo‘ljallangan dori qutisi ichiga yashirilgan. Qizil rangli tabletkalarga ROLEX yozuvi tushirilgan bo‘lgan.

Avvaliga Rahmonov mazkur preparatni dorixonadan sotib olganini aytgan, keyinroq esa tabletkalarni unga haydovchisi berganini bildirgan. Sudda sobiq amaldor boshqa versiyani keltirib, uning aytishicha, preparatni forumlardan biridan keyin tanishlari unga tinchlantiruvchi vosita sifatida bergan. Rahmonov aybini tan olgan va qilmishidan pushaymon ekanini ta’kidlagan.

Kontrabanda moddasi bo‘yicha u sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etildi, psixoaktiv moddani noqonuniy saqlash moddasi bo‘yicha esa ikki yil jazo tayinlandi. Jazolar qisman qo‘shilganidan so‘ng yakuniy muddat sakkiz yil olti oyni tashkil qildi. Sud qator yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olib, qonunda belgilangan eng kam jazodan ham yengilroq jazo tayinlagan. Ular qatorida aybini tan olgani, tergov bilan hamkorlik qilgani, voyaga yetmagan farzandi va boquvida kasal onasi borligi, surunkali kasalliklari hamda ijobiy tavsifnomalari keltirilgan.

Rahmonov Ashxoboddan kelganidan so‘ng Domodedovo aeroportida qo‘lga olingan. U davolanish uchun Rossiyaning Yessentuki shahriga yo‘l olgan. Qo‘lga olingan paytda Rahmonov «Xalqaro turkman logistikasi» kompaniyasiga rahbarlik qilar, undan avval esa «Demiryollari» («Turkmaniston temir yo‘llari»)ni boshqargan.

Uning qo‘lga olingani 2025 yil noyabr oyida ma’lum bo‘lgan. Rahmonov Moskvaga hamrohi bilan birga uchib kelgan va taqiqlangan moddalar bojxona ko‘rigi vaqtida aniqlangan. Dastlabki xabarlarda preparat LSD deb atalgan, ammo keyinchalik e’lon qilingan sud materiallaridan gap tarkibida MDMA bo‘lgan tabletkalar haqida ketgani ma’lum bo‘lgan.

Turkmen.news ma’lumotiga ko‘ra, Turkmaniston rasmiylari Rahmonovni ozod qilishga uringan. Nashrning da’vo qilishicha, jinoyat ishini tugatish maqsadida Ashxoboddan diplomatik pochta orqali go‘yoki 3 million AQSH dollari yuborilgan. Rossiyada vositachi sifatida «Turkmaniston» jurnali bosh muharriri Mixail Pereplesnin hamda hozirda Turkmanistonning AQSHdagi, o‘sha paytda esa Rossiyadagi elchisi bo‘lgan Esen Aydog‘diyev tilga olingan. Ashxobod tomonida bu masalani shaxsan Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov muvofiqlashtirgani aytilmoqda. Biroq, nashr ta’kidlashicha, ko‘rilgan barcha sa’y-harakatlar va sarflangan mablag‘larga qaramay, Rahmonovni to‘liq oqlashning imkoni bo‘lmagan.