Toshkent viloyatida Qozog‘iston bilan chegarada joylashgan «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti 25 noyabr kuni ochiladi. Bu haqda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev Instagram’da ma’lum qildi.
Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, kunning birinchi yarmida bir qator rasmiy tadbirlar rejalashtirilgan. Xususan, yangilangan chegara postini foydalanishga qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tadi va unda har ikki qo‘shni davlat delegatsiyalari ishtirok etadi.
Shu bois fuqarolar «G‘ishtko‘prik» — «Jibek Joli» (Qozog‘iston tomonidan) uchastkasi orqali chegarani 25 noyabr soat 16:00 dan boshlab, ya’ni ochilishning rasmiy qismi yakunlangach kesib o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Qo‘shimcha qilish joiz, dastlab Toshkentda «Chernyayevka» nomi bilan ham tanilgan «G‘ishtko‘prik» posti yopilganida O‘zbekiston rasmiylari uni to‘rt oyda modernizatsiya qilishga va’da bergandi. Ammo yakunda ta’mirlash ishlari deyarli ikki yil davom etdi.
Bunda rasmiylar muddatlarni bir necha bor kechiktirdi. Chunonchi, joriy yilning aprel oyida Qozog‘iston milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin chegara postlari faoliyati sentabrda qayta tiklanishini ta’kidlagan edi. Biroq sentabr oyida O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi ochilish yana qoldirilganini xabar qilib, navbatdagi muddatni ehtiyotkorlik bilan 2026 yilning to‘rtinchi choragi deb e’lon qildi.
«G‘ishtko‘prik» postini rekonstruksiya qilish 2022 yil noyabrda boshlangandi. Loyihaga ko‘ra, uning hududini 1,5 gektarga kengaytirish, bu esa o‘tkazish quvvatini avtotransport bo‘yicha 350 tadan 1000 tagacha, jismoniy shaxslar bo‘yicha esa 30 mingdan 50 ming nafargacha oshirish imkonini berishi rejalashtirilgan edi. To‘g‘ri, u paytda hukumat ta’mirlash vaqtida post faoliyatini vaqtincha to‘xtatishni ko‘zda tutmagandi.
Ammo 2025 yil fevralida post to‘rt oyga yopilishi e’lon qilindi. O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi tushuntirishicha, bu cheklov o‘tkazish punktidagi keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlarini mantiqiy yakuniga yetkazish uchun joriy etilgan. Xususan, gap vaqtinchalik inshootlarni buzish, hududni obodonlashtirish va zarur infratuzilmani barpo etish haqida borgan edi.



