AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat tashqarisida maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari (MQIM) qurayotgan Amerika texnologiya kompaniyalarini katta jarimalar bilan ogohlantirdi, deb yozadi The Guardian. Uning soʻzlariga koʻra, Amerika kompaniyalarining data-markazlari AQSH hududida qolishi shart.
«Biz maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini boshqa mamlakatlarda joylashtirishga yoʻl qoʻymaymiz, chunki Xitoy ularning barini egallab oladi, biz esa bunga yoʻl bermaymiz. Bunga uringan kompaniyalarga esa ulkan jarimalar solamiz», — dedi Tramp Oq uyda jurnalistlarga.
Shu bilan birga, AQSH prezidenti gap qanday jarimalar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi va bu rejani hali oʻz xodimlari bilan ham muhokama qilmaganini tan oldi.
Tramp, shuningdek, mahalliy hamjamiyatlarni data-markazlar qurilishiga toʻsqinlik qilmaslikka, balki ishlab chiquvchilardan moliyaviy imtiyozlar va infratuzilmaga investitsiyalar kiritishni talab qilishga chaqirdi.
«Siz maʼlumotlar markazlarining afzalliklaridan foydalanishingiz kerak. Ularni sizga pul toʻlashga, hamjamiyatingizga mablagʻ ajratishga majbur qiling, ammo ularni yopmang. Biz ularning shu yerda qurishini istaymiz», — dedi prezident.
Trampning bu bayonotlari amerikaliklarning aholi yashash hududlari yaqinida data-markazlar barpo etilishidan noroziligi ortib borayotgan bir paytda yangradi. Bunga javoban texnologiya kompaniyalari davlat subsidiyalariga qaramlikni kamaytirishga, loyihalarning shaffofligini oshirishga va mahalliy aholiga qoʻshimcha toʻlovlar toʻlashga vaʼda bera boshladi.
Hisoblash infratuzilmasini xorijda joylashtirish masalasi, shuningdek, AQSH va Xitoyning sunʼiy intellekt sohasidagi raqobati bilan ham bogʻliq. Oʻtgan haftada Tramp maʼmuriyati AQSHning ilgʻor hisoblash chiplari va serverlariga masofadan kirishga yangi cheklovlar kiritdi. Oq uy bu chorani Xitoyning oʻz SI modellarini oʻqitish uchun Amerika texnologiyalaridan foydalanishiga toʻsqinlik qilish zarurligi bilan izohladi.
Trampning xorijda data-markazlar qurayotgan AQSH kompaniyalari uchun jarimalar toʻgʻrisidagi bayonoti Amerikaning Firebird kompaniyasi ishtirok etayotgan Qozogʻistonning Еkibastuz shahridagi Data Center Valley loyihasi uchun qoʻshimcha xavf-xatarlar tugʻdirishi mumkin.
2026 yil iyun oyida Qozogʻiston hukumati, Firebird va NVIDIA Data Center Valley («MQIM vodiysi» — loyiha doirasida Yevroosiyodagi SI uchun eng yirik hisoblash klasterlaridan birini tashkil etish rejalashtirilgan)ni rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarni eʼlon qilgan edi. Loyihaga kiritilishi koʻzda tutilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 10 milliard dollarga yetadi. Tashabbus qariyb 100 mingta zamonaviy grafik protsessor (GPU)ga ega hisoblash klasterini yaratishni nazarda tutadi.
Oktyabr oyida Firebird loyihaning birinchi bosqichi uchun 45 mingta NVIDIA Grace Blackwell grafik protsessorlarini yetkazib berish boʻyicha AQSHning eksport litsenziyasini olganini maʼlum qildi.
Qurilish ishlari allaqachon boshlangan, deb yozadi Exclusive.kz, tijoriy foydalanishga topshirish esa 2027 yilning uchinchi choragiga moʻljallangan. Hozircha na Firebird, na NVIDIA va na Qozogʻiston hukumati ushbu loyiha boʻyicha rejalar qayta koʻrib chiqilishi haqida eʼlon qilmadi.



