Qozogʻiston Rossiya cheklovlari tufayli koʻmir eksporti uchun yangi yoʻllarni qidira boshladi

worldenerget.com saytidan olingan surat

Rossiya oʻz Boltiqboʻyi portlari orqali respublikadan koʻmir tashish va yuklash boʻyicha buyurtmalarni kelishishni toʻxtatganidan soʻng, Qozogʻiston muqobil eksport yoʻnalishlarini izlamoqda. Bu haqda Markaziy Osiyo respublikasi Transport vazirligi Ulysmedia.kz soʻroviga javoban maʼlum qildi.

«Rossiya temir yoʻllari» yoz oxiridan buyon RF dengiz portlari orqali Qozogʻiston koʻmirini tashishni cheklab kelmoqda. Infratuzilma yuqori darajada band boʻlgani sababli RTY qozogʻistonlik ishlab chiqaruvchilarning buyurtmalaridan faqat bir qismini maʼqullamoqda. Cheklovlar tufayli korxonalar mahsulotni rejalashtirilgan hajmlarda olib chiqib ketolmayapti.

«Mahalliy koʻmir qazib oluvchi korxonalarning barqaror faoliyatini taʼminlash maqsadida mazkur masala Qozogʻiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya doirasida koʻrib chiqilmoqda. Ayni paytda Komissiya hamraislari darajasida tegishli qaror qabul qilinishi kutilmoqda», — deb xabar berdi Transport vazirligi.

Noyabr oyida ikki davlat transport idoralari va temir yoʻl maʼmuriyatlarining muzokaralari ham boʻlib oʻtishi kerak. Tomonlar 2026 yil yakunlari boʻyicha tashuvlar hajmini muhokama qilish va 2027 yil uchun rejalarni kelishib olish niyatida.

RTY bilan masala hal boʻlmay qolayotgan bir paytda, Qozogʻiston koʻmir eksporti uchun muqobil yoʻnalishlarni ishlab chiqmoqda.

«Belarus Respublikasi hududi (Orsha stansiyasi) orqali, Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi boʻylab Poti porti yoʻnalishida, Dina Nurpeisova stansiyasi orqali Poti porti yoʻnalishida, shuningdek, Latviyaning Riga va Ventspils portlari yoʻnalishida tashuvlarni tashkil etish variantlari koʻrib chiqilmoqda», — deyiladi vazirlik javobida.

Sanab oʻtilgan barcha variantlar hozircha koʻrib chiqish bosqichida.

Avvalroq Rossiyaning «Vedomosti» nashri Argus agentligi sharhiga tayanib, RTY Qozogʻiston koʻmirini Boltiqboʻyi portlari yoʻnalishida tashish boʻyicha oktyabr va noyabr oylariga moʻljallangan buyurtmalarni kelishmagani haqida xabar bergan edi.

Keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, avgust oyida Rossiya hududi orqali qariyb bir million tonna Qozogʻiston koʻmiri olib chiqilgan, sentyabrda — 500 ming tonna, oktyabrda esa atigi 30 ming tonna. Shu tariqa, ikki oy ichida oylik tashuv hajmi taxminan 33 barobarga qisqargan.

Oktyabrda yetkazib berishlar faqat Belarus va Polsha yoʻnalishidagi temir yoʻl marshrutlari boʻylab davom etgan. Rossiyaning Boltiqboʻyi portlari orqali joʻnatishlar amalda toʻxtab qolgan.

Argus maʼlumotlariga koʻra, cheklovlar Rossiya temir yoʻl infratuzilmasining oʻta yuqori darajada bandligi bilan bogʻliq.

Qora va Azov dengizlarida kemalar qatnovi izdan chiqqani sababli Rossiya eksport yuklarining bir qismi mamlakat shimoli-gʻarbiga qayta yoʻnaltirildi. Bu Boltiqboʻyi portlariga olib boruvchi temir yoʻllarga tushadigan yukni oshirdi, oqibatda rossiyalik va qozogʻistonlik taʼminotchilar cheklangan transport quvvatlari uchun raqobat sharoitida qolishdi.

Rossiya orqali tranzit Qozogʻiston uchun katta ahamiyatga ega: mamlakat dengizga chiqish yoʻliga ega emas, koʻmir eksportining salmoqli qismi esa Rossiya temir yoʻllari va dengiz terminallari orqali oʻtadi.

Qozogʻiston koʻmirining asosiy xaridorlari orasida Polsha va Niderlandiya, shuningdek, Turkiya bor. Rossiya infratuzilmasidan Xitoy, Yaponiya va Malayziyaga yetkazib berish uchun ham foydalaniladi.

2025 yilda Rossiya orqali tranzit qilingan Qozogʻiston koʻmiri eksporti 27 foizga oʻsib, rekord darajadagi 11,7 mln tonnaga yetdi. Ijobiy dinamika 2026 yilning birinchi yarmida ham saqlanib qoldi: tashuvlar hajmi yillik hisobda 20 foizga oshib, 7,8 mln tonnani tashkil etdi.

Yanvar–iyul oylarida Ust-Luga porti orqali 4,7 mln tonnadan ortiq Qozogʻiston koʻmiri joʻnatildi — bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,8 barobar koʻpdir. Yana 2,6 mln tonna koʻmir Tamandagi OTEKO terminali orqali oʻtdi. Biroq avgust boshida Qora va Azov dengizlarida kema qatnovi buzilgani tufayli ushbu port orqali joʻnatishlar toʻxtatildi.

Shu tariqa, qozogʻistonlik eksportchilar deyarli bir vaqtning oʻzida ikkita asosiy yoʻnalishda — janubiy va shimoli-gʻarbiy yoʻnalishlarda muammolarga duch kelishdi.

Yevropa yoʻnalishiga Rossiyaning Uzoq Sharq portlari muqobil boʻlishi mumkin edi. Ammo ekspertlar yetkazib berishlarni tezda boshqa tomonga yoʻnaltirish qiyin boʻladi, deb hisoblashadi.

NEFT Research hamkori Aleksandr Kotovning qayd etishicha, Qozogʻiston koʻmiri tarixan asosan Yevropa bozorlari va Rossiyaga yoʻnaltirilgan. «Industrialniy kod» jamgʻarmasi boshqaruvchisi maslahatchisi Maksim Shaposhnikovning fikricha, Osiyoda xaridorlar boʻlgan taqdirda ham, Uzoq Sharq portlari orqali yetkazib berish temir yoʻlda tashish narxi yuqoriligi sababli oʻzini oqlamasligi mumkin. Bundan tashqari, Uzoq Sharq infratuzilmasi allaqachon Rossiya eksportining salmoqli hajmiga xizmat koʻrsatmoqda.

Ekspertlar Qozogʻiston koʻmiri tranziti istiqbollarini Azov–Qora dengiz havzasi portlarining meʼyoriy faoliyati tiklanishi bilan bogʻlamoqdalar. Agar Rossiya yuklarining bir qismi janubiy yoʻnalishlarga qaytsa, Boltiqboʻyiga boradigan temir yoʻllarga tushadigan yuk kamayishi mumkin.

Mutaxassislarning baholashicha, vaziyatni normallashtirish 2027 yilning birinchi choragidan oldin amalga oshishi amrimahol. Don eksportining eng faol davri yakunlanganidan soʻng, dekabr–yanvar oylaridayoq qisman yaxshilanish yuz berishi mumkin.