Oʻzbekiston Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazini (ETRM) boshqargan general-mayor Omonilloxon (Omonulloxon) Hojiakbarov davlat sirlarini oshkor qilish hamda mansab vakolati doirasidan chetga chiqishda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda oʻz manbalariga tayangan holda Kun.uz xabar bermoqda.
Jinoyat ishini respublika Harbiy sudi koʻrib chiqqan, ammo hukm aynan qachon eʼlon qilinganiga aniqlik kiritilmagan.
Hojiakbarovga nisbatan ikki modda bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 162-moddasi 1-qismi («Davlat sirlarini oshkor qilish») shaxsning kasbiy faoliyati tufayli o‘ziga ma’lum bo‘lgan harbiy yoki xizmat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni boshqa birovga oshkor qilishini nazarda tutadi. Bunda jinoyat tarkibida davlatga xiyonat qilish alomatlari mavjud bo‘lmaydi. Ushbu moddaga muvofiq, eng og‘ir jazo sifatida besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.
Bundan tashqari, general JKning 301-moddasi («Hokimiyatni suiisteʼmol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi») 3-qismi «a» bandi boʻyicha jinoyat sodir etganlikda ayblangan. Bu oʻrinda harbiy xizmatchilarga yoki boshqa fuqarolarga zarar yetkazilishiga sabab boʻlgan vakolat doirasidan chetga chiqish haqida soʻz bormoqda. Qolaversa, zobit odam oʻlimiga sabab boʻlgan harakatlar uchun sudlangan boʻlib, buning uchun oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Ishning tafsilotlari ochiqlanmagan: na davlat sirlarini oshkor qilish, na mansab vakolatini suiisteʼmol qilish holatlari boʻyicha maʼlumot berilgan.
Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi — alohida maxfiylik tartibiga ega ixtisoslashtirilgan davlat muassasasi hisoblanadi. Oʻzbekiston normativ-huquqiy hujjatlarida ETRM koʻpincha Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) bilan bir qatorda tilga olinadi. Markazning funksiya va vazifalari toʻgʻrisida ochiq manbalarda batafsil maʼlumotlar mavjud emas, biroq qonunchilikka koʻra, idora faoliyati davlat va harbiy sohalarda axborot xavfsizligini himoya qilish bilan bogʻliqdir.



