Marko Rubio, Shavkat Mirziyoyev va Saida Mirziyoyeva Samarqanddagi Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi yig‘ilishida. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati
O‘zbekiston amerikalik investorlar bilan ishlashning yangi modeliga — plug and play («ulan va ishla») tamoyiliga o‘tmoqda. Unga ko‘ra, investorlarga maydonlar, infratuzilma va ruxsatnomalar bilan to‘liq tayyorlangan loyihalar taklif etiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 oktyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishida ma’lum qildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Yig‘ilishda AQSH davlat kotibi Marko Rubio, AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serdjio Gor, O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, shuningdek, yetakchi Amerika kompaniyalari va banklari vakillari ishtirok etdi. Rubioning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda Amerikaning 200 nafardan ortiq biznes yetakchilari qatnashgan.
Mirziyoyev iqtisodiy aloqalar mustahkam siyosiy sheriklik asosida kengayishi lozimligini ta’kidladi va bu borada biznes kengashiga alohida o‘rin ajratilishini qayd etdi.
Prezident istiqbolli yo‘nalishlar qatorida muhim mineral xomashyoni qayta ishlash, energetikani rivojlantirish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish, sun’iy intellektni joriy qilish va kadrlar tayyorlashni sanab o‘tdi. Yig‘ilishga qadar tomonlar umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollarni tashkil etuvchi 54 ta kelishuvdan iborat paketni shakllantirdi.
Mirziyoyev Kengashning uchta ustuvor yo‘nalishini belgilab berdi.
Birinchi yo‘nalish — amerikalik tadbirkorlar uchun tushunarli va oldindan prognoz qilish mumkin bo‘lgan sharoitlarni yaratish. Investor ma’muriy tartib-taomillarga vaqt sarflamasdan, darhol biznes faoliyatini boshlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Plug and play modeli doirasida unga tayyor maydonlar, ulangan infratuzilma, barcha zarur ruxsatnomalar va hujjatlar taklif etiladi. O‘zbekistonlik tadbirkorlar hamkor sifatida ishtirok etib, investitsiyaviy xatarlarni baham ko‘rishi mumkin. Bu maqsadda To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi tashkil etilgan.
Ikkinchi yo‘nalish — iqtisodiyotning yangi tarmoqlarini hamda sanoat va texnologiyalar jadal rivojlanishiga xizmat qiladigan yirik markazlarni birgalikda shakllantirish.
Uchinchi yo‘nalish — Kengashni uzoq muddatli iqtisodiy sheriklikning strategik mexanizmiga aylantirish. Buning uchun 2035 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oluvchi savdo-investitsiyaviy va texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif etildi. Kengash yangi tashabbuslarni ishlab chiqish, tizimli to‘siqlarni bartaraf etish va yirik qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun doimiy maydonga aylanishi kerak.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Marko Rubio AQSH uzoq vaqt davomida imkoniyatlarga emas, inqirozlarga ko‘proq e’tibor qaratganini, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston esa bundan ko‘ra ko‘proq e’tiborga loyiq bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat o‘n yil avval o‘zgara boshlagan va prezident Donald Tramp davrida bu jarayon tezlashgan. Tramp Oq uyda sammit o‘tkazgan va Serdjio Gorni Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil etib tayinlagan. Rubio, shuningdek, mintaqa davlatlarining bir nechtasiga, jumladan, O‘zbekistonga ham yil oxirida AQSHda bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish taklif qilinganini eslatdi.
Davlat kotibi O‘zbekiston bilan hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini sanab o‘tdi. AQSH muhim minerallar yetkazib berish zanjirlarini mustahkamlamoqda, Kolorado konchilik maktabi (Colorado School of Mines) bilan birgalikda qazib olish va qayta ishlash sohasini modernizatsiya qilishga ko‘maklashmoqda.
Boeing va GE Aerospace kompaniyalari O‘zbekiston yo‘lovchi samolyotlarini dvigatellar va ehtiyot qismlar bilan ta’minlamoqda, mutaxassislarni o‘qitmoqda. O‘tgan yili Boeing kompaniyasi Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga 787 Dreamliner rusumli keng fyuzelyajli 22 ta samolyot sotdi.
Ilmiy-texnik hamkorlik, jumladan, kvant texnologiyalari sohasidagi sheriklik ham rivojlanmoqda. Bu borada Dallasdagi Texas universiteti va Samarqand kvant markazi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Amerika kompaniyalari Toshkentdagi IT-parkda faoliyat yuritayotgan ishlab chiquvchilarni chiplar va superintellekt modellari bilan ta’minlamoqda. Superintellekt atamasi sun’iy intellektning ushbu turi uchun Donald Tramp farmonida mustahkamlangan. Shuningdek, AQSHning kichik modulli reaktorlarini joriy etish, O‘zbekiston elektr tarmoqlari va gaz taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Rubio hamkorlikning teskari yo‘nalishiga ham e’tibor qaratdi. Jumladan, ilk bor O‘zbekiston kompaniyasi AQSHda mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. AKFA Group kompaniyasi Kentukki shtatidagi Bouling-Grin shahriga 80 million dollar investitsiya kiritadi. Bu Amerika alyuminiy sanoatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida transport, kimyo sanoati, geologiya va moliya sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan hujjatlarning tantanali almashinuvi bo‘lib o‘tdi.
Shu kuni Mirziyoyev Rubio bilan alohida uchrashuv ham o‘tkazdi. Davlat kotibi AQSH prezidenti Donald Trampning salomini yetkazdi. Tomonlar «C5+1» vazirlar uchrashuvi yakunlariga yuqori baho berib, siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiyalar, innovatsiyalar, ta’lim hamda madaniyat sohalaridagi hamkorlik faollashganini qayd etdilar.
Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining boshlanishi muhim qadam sifatida baholandi. Uning birinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha bir qator hujjatlar, jumladan, koinotni tinch maqsadlarda o‘zlashtirishga qaratilgan «Artemida» bitimlari imzolandi.
2026 yil boshidan buyon O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oshgani ta’kidlandi. Tomonlar strategik ahamiyatga ega minerallar, energetika, transport va sun’iy intellekt sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, ikki mamlakat rahbarlari ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar jadvalini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Marko Rubioni «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni, Serdjio Gorni esa «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi.



