Tojikiston Ichki ishlar vazirligi folbinlar, jodugarlar, soxta diniy arboblar, shuningdek, bunday firibgarlikka qo‘l urgan boshqa fuqarolar kiritiladigan maxsus ma’lumotlar bazasi yaratilganini ma’lum qildi. Kuch ishlatar idoraning saytida joylashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ro‘yxatga ularning mijozlari ham kiritiladi.
Ichki ishlar vazirligi ayni shu qora ro‘yxatga fohishalar, giyohvandlar va taqiqlangan moddalarni tarqatishga aloqador shaxslarni ham kiritadi. Ma’lumotlar bazasida ularning ismi-sharifi va boshqa ma’lumotlari ko‘rsatiladi.
Vazirlik ta’kidlashicha, bu choralar qonunga zid xizmatlar ko‘rsatuvchi fuqarolarni doimiy nazoratda ushlab turish maqsadida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ushbu shaxslar haqidagi ma’lumotlar so‘rovga binoan boshqa idoralarga ham tezkorlik bilan taqdim etiladi.
Vazirlik Tojikiston fuqarolarini folbinlar, soxta voizlar va ma’lumotlar bazasiga kiritilgan boshqa huquqbuzarlar bilan aloqa qilishdan saqlanishga chaqiradi. Bu orqali qora ro‘yxatga tushib qolish va o‘z obro‘siga putur yetkazishning oldini olish mumkinligi ta’kidlanadi.
«Aziya-plyus» nashri eslatishicha, Ichki ishlar vazirligi 2024 yildayoq folbinlar va jodugarlarga murojaat qiladigan fuqarolarni hisobga olish niyati borligini ma’lum qilgan edi. O‘shanda bir oy ichida tegishli reyestrga 150 nafardan ortiq kishi kiritilgani aytilgan.
Dushanbe huquqni muhofaza qiluvchi organlari ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida respublikaning faqat poytaxtining o‘zida folbinlik bilan shug‘ullanishga oid 93 ta holat aniqlangan. Ilgari ham bunday faoliyat uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan besh nafar gumonlanuvchiga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. Folbinlar va jodugarlarga murojaat qilgan 11 nafar mijoz esa jarimaga tortilgan.
Tojikiston hukumati «sehr-jodu xizmatlari» ko‘rsatuvchilarga qarshi bir necha yildan beri kurash olib bormoqda. Bunday harakatlar uchun hisob-kitob ko‘rsatkichining 100 baravarigacha — 7,8 ming somoni (826 dollar) miqdorida ma’muriy jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilangan.
Qoidabuzarlik takroran sodir etilgan taqdirda, shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Kodeksning tegishli moddasiga muvofiq, jodugarlarga nisbatan ancha katta miqdorda — 150 ming somonigacha (taxminan 16 ming dollar) jarima qo‘llanilishi mumkin. Eng og‘ir jazo esa bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish hisoblanadi.



