Qozog‘istonliklarga megapolislardan boshqa joyga ixtiyoriy ko‘chib o‘tgani uchun pul to‘lanadi

Ustinka.kz sayti fotosurati

Qozog‘istonda yirik shaharlar va aholi haddan tashqari zich joylashgan hududlardan ishchi kuchi yetishmaydigan viloyatlarga ixtiyoriy ravishda ko‘chib o‘tadigan fuqarolarga subsidiyalar to‘lash tartibi tasdiqlandi. To‘lovlarni taqdim etish qoidalarini Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi tasdiqlagan. Tegishli buyruq huquqiy axborotning onlayn bazasida e’lon qilindi.

Ko‘chib ketiladigan hududlar qatoriga Olmaota, Ostona va Shimkent shaharlari, shuningdek, Jambil, Turkiston va Mang‘istau viloyatlari kiritilgan. Bunda so‘nggi 10 yilda aholi sonining 2 foizdan ortiq o‘sgani yoki aholi zichligi har kvadrat kilometrga 6,4 kishidan yuqori ekani mezon sifatida belgilangan.

Masalan, Sharqiy Qozog‘iston, Shimoliy Qozog‘iston, Qo‘stanay, Pavlodar, Abay, Qarag‘anda yoki Ulitau viloyatlariga ko‘chib o‘tish orqali davlat ko‘magini olish mumkin. Bu hududlarda hokimiyat organlari ishchi kuchiga ehtiyoj borligini ta’kidlamoqda.

Dastur ko‘chish va kommunal xizmatlar xarajatlarini qoplash, xizmat uyi bilan ta’minlash yoki uni ijaraga olish xarajatlarini kompensatsiya qilish, kasbiy ta’lim olish hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yordam berishni nazarda tutadi. Shuningdek, ko‘chib kelganlar uy-joy sertifikatini olish uchun ham ariza berishi mumkin. Dastur ishtirokchilarini ishga qabul qilgan ish beruvchilarga ham subsidiyalar ajratiladi.

To‘lovlar miqdori oylik hisob ko‘rsatkichlari (OHK) asosida hisoblanadi. TASS hisob-kitoblariga ko‘ra, 2027 yilda barcha shartlarga rioya qilingan taqdirda, to‘rt-besh kishidan iborat oila jami taxminan 20 ming dollar olishi mumkin.

Shu bilan birga, dasturda muayyan cheklovlar ham mavjud. Jumladan, o‘zining tug‘ilgan hududiga qaytib, u yerda allaqachon uy-joyga ega bo‘lgan fuqarolar, shuningdek, yangi yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmagan shaxslar to‘lovlarni ololmaydi.

Agar dastur ishtirokchisi amalda yangi hududda yashamayotgani, u yerda besh yil davomida yashash va ishlash shartini bajarmayotgani, yaqin qarindoshidan yoki dastur doirasida belgilangan aholi punktidan tashqarida uy-joy sotib olgani yoxud soxta hujjatlar va noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etgani aniqlansa, olingan mablag‘larni qaytarishiga to‘g‘ri keladi.

Buyruq 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyojni shakllantirish va «Fuqarolar uchun hukumat» davlat korporatsiyasi orqali to‘lovlarni o‘tkazishni tartibga soluvchi ayrim qoidalar esa 2027 yil 1 iyuldan amal qila boshlaydi.

Yangi buyruq 2023 yil iyun oyida tasdiqlangan ixtiyoriy ko‘chirish qoidalari va ularga keyinchalik kiritilgan o‘zgartirishlarni almashtiradi. Qozog‘istonda bir necha yildan buyon turli ko‘chirish dasturlari amal qilib kelmoqda, biroq hozirgacha ular muvaffaqiyatli deya baholanmagan.

Mehnat vazirligining o‘tgan yilgi yozdagi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon ixtiyoriy ko‘chirish dasturlarida 73,9 ming kishi ishtirok etgan. Ularning 31 ming nafari doimiy ish bilan ta’minlangan.