2027 yilda Rossiya va O‘zbekistonda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligiga bag‘ishlangan o‘zaro madaniyat kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston kunlarini mart oyida Moskvada, bunga javoban tadbirlarni esa Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bu boradagi kelishuvlarga 17 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov va Rossiya milliy markazi bosh direktori Natalya Virtuozova o‘rtasidagi ishchi uchrashuvda erishildi.
Rossiya tomoni O‘zbekiston kunlarini 2027 yil mart oyida Moskvadagi «Rossiya» milliy markazida o‘tkazishni taklif qildi.
«Rossiya va O‘zbekiston do‘stligi yuzlab yillik mushtarak tarix, madaniyat va yutuqlarga ega. Prezidentimiz Vladimir Vladimirovich Putin doimo ta’kidlaganidek, har bir yutuq ortida eng muhim narsa — insonlar turadi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar ham, birinchi navbatda, umumiy an’anaviy qadriyatlar birlashtirib turgan insonlar o‘rtasidagi munosabatlardir. Shu bilan birga, o‘zaro madaniyat kunlari doirasida biz uchun eng muhimi — o‘tmishni yodga olish va saqlash bilan birga, mamlakatlarimiz va xalqlarimizning kelajagi, shuningdek, amaliy loyihalar haqida so‘z yuritishdir.
Bizning barcha hamkorligimiz, eng avvalo, aniq natijalar berishi kerak. Shu munosabat bilan O‘zbekiston kunlarini 2027 yil mart oyida Moskvadagi «Rossiya» milliy markazida o‘tkazishni taklif qilamiz. Rossiya va O‘zbekiston madaniyatlari o‘rtasidagi samimiy va ayni paytda samarali muloqotni tashkil etish uchun biz barcha maydonlarimiz va imkoniyatlarimizni taqdim etishga tayyormiz», — dedi Virtuozova.
O‘z navbatida, Abduxoliqov Rossiya kunlarini O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi negizida tashkil etishni taklif qildi. Rossiyalik ishtirokchilarga respublikaning qadimiy shaharlariga tashrif buyurish imkoniyati ham taklif etiladi.
«O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari va topshiriqlari tufayli bugun bebaho merosimizni asrab-avaylash va uni jahonga namoyish etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biz xalqaro jamoatchilikka madaniyatimiz boyligini, buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasini namoyish etmoqdamiz. YUNЕSKO maydonida yaqinda o‘tkazilgan tadbirlar buning yorqin tasdig‘i bo‘ldi.
Bugun biz yana bir muhim qadamni qo‘ydik — Rossiyadagi asosiy hamkorimiz, «Rossiya» milliy markazi bilan birgalikda hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldik. Bizning vazifamiz — ushbu sheriklikni aniq loyihalar bilan boyitish. Ular orqali chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan ikki mamlakat xalqlari bir-birining madaniyatini yanada chuqurroq anglab, kelajak avlodlar uchun aloqalarni mustahkamlashlari mumkin. O‘zbekiston kunlarini Rossiyada o‘tkazish taklifi uchun «Rossiya» milliy markaziga minnatdorchilik bildiramiz.
O‘z navbatida, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi maydonida Rossiya madaniyati kunlarini tashkil etishni taklif qilamiz. Shuningdek, ushbu kunlar doirasida rossiyalik hamkasblarimizni O‘zbekistonning qadimiy shaharlariga taklif etishdan mamnun bo‘lamiz. Bu ularga Islom sivilizatsiyasining bebaho merosi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi», — deya ta’kidladi Abduxoliqov.
O‘zaro madaniyat kunlari dasturini tayyorlashga Rossiya va O‘zbekistonning yetakchi olimlari, ekspertlari va mutaxassislarini jalb etish rejalashtirilgan.
Tomonlar, shuningdek, 2027–2030 yillarga mo‘ljallangan uch yillik hamkorlik yo‘l xaritasini ishlab chiqish niyatida. Unga ilmiy, madaniy, muzey va media loyihalarini kiritish rejalashtirilmoqda. Aniq takliflar 2026 yil noyabr–dekabr oylarida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan qo‘shma tadbirlar va ekspertlar uchrashuvlari davomida ishlab chiqiladi.
O‘zaro madaniyat kunlarini «Umumiy tarixdan — umumiy kelajak sari» shiori ostida o‘tkazish taklif etildi.
ℹ️ «Rossiya» milliy markazi Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning 2024 yil 1 iyuldagi farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan. U 2023–2024 yillarda Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi (VDNX) hududida o‘tkazilgan «Rossiya» xalqaro ko‘rgazma-forumining davomi hisoblanadi.
Markaz vazifalariga ko‘rgazma merosini saqlash, Rossiya va uning fuqarolari erishgan yutuqlarni namoyish etish, milliy o‘zlikni mustahkamlash, shuningdek, ishbilarmonlik, ilmiy, ta’lim va madaniy tadbirlar uchun maydon yaratish kiradi. Milliy markaz Moskvada 2024 yil noyabr oyida o‘z faoliyatini boshlagan. Uning bosh direktori Natalya Virtuozova hisoblanadi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilgan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



