Rossiyaga pul ishlash uchun borganidan so‘ng Ukrainadagi urushga jalb etilgan to‘qqiz nafar Qozog‘iston fuqarosi jangovar harakatlar hududidan olib chiqildi. Bu haqda Ulysmedia.kz nashriga erkaklarning yaqinlariga ularni vatanga qaytarishda yordam berayotgan huquqshunos Meyrman Shekeyev ma’lum qildi.
Dastlab Shekeyev o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida jangovar harakatlar hududidan olib chiqilib, Voronejga yetkazilgan yetti nafar qozog‘istonlik haqida xabar bergan edi. Keyinchalik Ulysmedia.kz muxbiri bilan suhbatda u hozirda gap to‘qqiz nafar qozog‘istonlik haqida ketayotganini aytgan. Ular qachon vatanga qaytishi hozircha noma’lum. Shekeyevning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston diplomatlari Rossiya tomoni bilan muzokaralarni davom ettirmoqda, huquqshunosning o‘zi esa erkaklarning yaqinlari bilan aloqada bo‘lib turibdi.
Shekeyev Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining faoliyatiga ijobiy baho berib, idora fuqarolarni vatanga qaytarish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirayotganini ta’kidladi.
Rossiyaga pul ishlash uchun ketgan, biroq oxir-oqibat urushga jalb etilgan qozog‘istonliklar guruhi haqida shu oyning boshida ma’lum bo‘lgan edi. Erkaklar bir nechta video murojaat yozib olishgan, 7 oktyabr kuni esa ularning oilalari yaqinlarini imkon qadar tezroq uyga qaytarishni so‘rab, Ostonadagi Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi binosi oldiga borishgan.
Erkaklarning aytishicha, ular Rossiyaga qo‘riqlash agentliklari, go‘sht kombinatlari va parrandachilik fabrikalarida ishlash uchun kelishgan. Biroq, ularga oddiy mehnat shartnomalari o‘rniga Qurolli kuchlarda xizmat qilish bo‘yicha shartnomalarni imzolash taklif qilingan.
Dastlab ular birga bo‘lgan guruhda 15 nafar qozog‘istonlik bo‘lgan. Keyinchalik yoshlar guruhda to‘qqiz-o‘n kishi qolganini, qolganlari esa Ukrainadagi jangovar harakatlar hududiga yuborilganini ma’lum qilishgan.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi avvalroq Rossiya tomoni bilan muzokaralar olib borilayotganini va vatanga qaytarilishi kerak bo‘lgan fuqarolar ro‘yxati shakllantirilayotganini ma’lum qilgan edi.



