Qirg‘iziston prezidentining «El umutu» xalqaro stipendiyasi sohiblari xorijdagi o‘qishlarini tugatgach, vatanga qaytib, besh yil davomida davlat organlari, munitsipal muassasalar yoki davlat kompaniyalarida ishlashlari shart. Respublika hukumati davlat rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan talabalar bilan tuziladigan namunaviy shartnomaga tegishli o‘zgartishlarni tasdiqladi. Bu haqda «AKIpress» xabar berdi.
Endilikda stipendiya sohibi bilan tuziladigan shartnomada qirg‘izistonliklarning xorijiy oliy ta’lim muassasasidagi o‘qishlari tugaganidan so‘ng uch oy ichida vatanga qaytishi shartligi belgilangan. Shundan keyin diplomli mutaxassis davlat manfaatlari yo‘lida mehnat qilishi kerak. Ya’ni u kamida besh yil davomida davlat organlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari, munitsipal muassasalar yoki davlat ulushi mavjud korxonalarda ishlashi lozim.
Shartnomada bitiruvchi xorijda olgan mutaxassisligiga mos lavozimga ishga joylashishi zarurligi ham ko‘rsatilgan. Bundan istisno holatlar ham bor: agar respublikadagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda Fan, oliy ta’lim va innovatsiyalar vazirligi boshqa ish yo‘nalishini belgilasa, ushbu talabga amal qilinmasligi mumkin.
Mazkur vazirlikka butun jarayonni nazorat qilish va vatanga qaytgan talabalar shartnomada belgilangan majburiyatlarni bajarishini kuzatib borish huquqi ham berildi.
Stipendiya sohiblari har yili davlat organlariga yoshlarning davlat tuzilmalarida ishlayotganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari kerak. Aks holda, prezident stipendiyasini olganlar davlatning talabani xorijda o‘qitish uchun sarflagan xarajatlarini, jumladan, yashash va transport xarajatlarini qoplashga majbur qilinadi.
Fan, oliy ta’lim va innovatsiyalar vazirligida ta’kidlanishicha, yangi qoidalardan maqsad budjet mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlash, stipendiya sohiblarining shartnomaviy majburiyatlarni bajarish borasidagi mas’uliyatini oshirish, shuningdek, xorijda egallangan bilim va ko‘nikmalarni Qirg‘iziston taraqqiyoti yo‘lida qo‘llash uchun sharoit yaratishdan iborat.
«El umutu» stipendiyasi mamlakatning eng iqtidorli yoshlariga jahon reytingidagi eng yaxshi 100 ta oliy ta’lim muassasasida magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olishga ko‘maklashish uchun ta’sis etilgan. Stipendiya to‘lovlari Qirg‘iziston prezidenti fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. U shaxsiy xususiyatga ega bo‘lib, har yili respublika komissiyasi tomonidan tanlov natijalariga ko‘ra tayinlanadi. Stipendiyaning eng yuqori miqdori bir akademik yil uchun 50 ming dollargacha yetishi mumkin.



