Ulug‘ Vatan urushi yillarida Vitebskni ozod qilishda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlikning ochilish marosimida. vitbichi.by sayti fotosurati
Belarusning Vitebsk tumanidagi Shapuri qishlog‘ida Ulug‘ Vatan urushi yillarida Vitebskni ozod qilishda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik ochildi. Bu haqda BelTA xabar berdi.
Marosim 15 oktyabr kuni qariyb 18 ming sovet jangchisi, jumladan, O‘zbekistonda tug‘ilgan 729 nafar harbiy dafn etilgan birodarlik qabristonida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksandr Rogojnik, O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Nuriddin Mamajonov va Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi.
Urush yillarida Shapuri qishlog‘i shiddatli janglar maydoniga aylangan. Aynan shu yerda «Bagration» operatsiyasi davomida nemis mudofaasini yorib o‘tish boshlangan. Vitebsk tumani ijroiya qo‘mitasi raisi Sergey Yegorovning ta’kidlashicha, bu Belarusdagi eng yirik harbiy dafngohlardan biridir. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vitebsk zaminida O‘zbekistonda tug‘ilgan 1,3 mingdan ortiq kishi mangu qo‘nim topgan.
«Bugun biz ular sharafiga o‘rnatilgan yodgorlikni ochmoqdamiz va ularning jasorati hamda buyuk matonati oldida bosh egamiz. O‘zbekistonlik qahramonlarning jasorati belarusliklar qalbida abadiy saqlanib qoladi», — dedi Yegorov.
Andijon viloyati hokimining tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha maslahatchisi Ostonaqul Mirzayev urush boshlangan paytda O‘zbekiston aholisi 6,5 million kishini tashkil etganini, ulardan 2 million nafari frontga safarbar qilinganini — ya’ni har uchinchi odam urushga ketganini eslatdi. Ularning 500 mingdan ortig‘i halok bo‘lgan. Mirzayev yodgorlik belgisini ikki xalqning mushtarak xotirasi ramzi deb atadi va uni o‘rnatishda ishtirok etgan barchaga minnatdorlik bildirdi.
Shuhratbek Abdurahmonovga Vitebsk zaminidan olingan tuproq solingan kapsula topshirildi. Marosim ishtirokchilari harbiy memorial va yangi yodgorlik belgisi poyiga gullar qo‘yishdi.
-
Ulug‘ Vatan urushi yillarida Vitebskni ozod qilishda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlikning ochilish marosimida. vitbichi.by sayti fotosurati
-
Ulug‘ Vatan urushi yillarida Vitebskni ozod qilishda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlikning ochilish marosimida. vitbichi.by sayti fotosurati
-
Ulug‘ Vatan urushi yillarida Vitebskni ozod qilishda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlikning ochilish marosimida. vitbichi.by sayti fotosurati
Andijon viloyati delegatsiyasining tashrifi mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq. 2026 yil avgust oyida Vitebsk va Andijon viloyatlari hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni hamda 2028 yilgacha mo‘ljallangan qo‘shma loyihalar yo‘l xaritasini imzolagan edi. Hozirda Vitebsk viloyatida o‘zbekistonlik tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan 10 dan ortiq fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. 16 oktyabr kuni Gorodok tumanidagi «Navro‘z» agroklasteridagi asosiy loyiha — chorvachilik majmuasi qurilishini boshlash munosabati bilan kapsula qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tadi.






