Qozog‘istonda vizasiz tartibda mamlakatga tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan xorijiy fuqarolar uchun elektron kirish ruxsatnomalarini rasmiylashtirish qoidalari tasdiqlandi. Qaror Qozog‘istonning normativ-huquqiy hujjatlari etalon nazorat bankida e’lon qilindi, deb xabar beradi TASS agentligi.
Hujjatga muvofiq, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) mamlakatlari, shuningdek, Qozog‘iston vizasiz safarlar to‘g‘risida bitimlar tuzgan davlatlar fuqarolari nafaqat respublikaga kirish, balki uning hududi orqali tranzit o‘tish uchun ham elektron ruxsatnoma olishlari kerak bo‘ladi. YEOII tarkibiga Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston kiradi.
PRG.Zanger normativ hujjatlar bazasi ma’lumotlariga ko‘ra, qaror 24 oktyabrdan kuchga kiradi.
Bunda elektron ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun to‘lov nol tengeni tashkil etadi.
Yangi tartib bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2026 yil 1 noyabrdan boshlab u Aqtau xalqaro aeroportida va bir qator avtomobil o‘tkazish punktlarida amal qila boshlaydi. 2027 yil 1 yanvardan Ostona va Olmaota aeroportlarida, 1 martdan esa qolgan o‘tkazish punktlarida joriy etiladi.
Dastlabki bosqichlarda elektron ruxsatnomaning yo‘qligi mamlakatga kirishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi: xorijiy fuqarolarga uni rasmiylashtirish zarurligi tushuntiriladi.
Biroq, 2027 yil 1 iyuldan boshlab elektron ruxsatnoma olish majburiy bo‘ladi. Uning yo‘qligi Qozog‘istonga kirishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Xorijiy fuqarolar ruxsatnoma olish uchun arizani rejalashtirilgan kirish sanasidan kamida 72 soat oldin raqamli platforma orqali topshirishlari kerak bo‘ladi.
👉 Hozirgi vaqtda 50 dan ortiq davlat fuqarolari Qozog‘istonga vizasiz kirishlari mumkin. Vizasiz rejim, jumladan, MDH mamlakatlari va qisqa muddatga tashrif buyuruvchi Yevropa Ittifoqining bir qator davlatlari fuqarolariga nisbatan amal qiladi. Hukumatning elektron kirish ruxsatnomalarini joriy etish rejalari haqida shu yil avgust oyida ma’lum qilingan edi. Tegishli loyiha Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun to‘lov undirish nazarda tutilgan edi.
Ushbu tashabbus hukumatning migratsiya nazoratini kuchaytirishga qaratilgan siyosati fonida paydo bo‘ldi. 2025 yil iyul oyi oxirida prezident Qosim-Jomart To‘qayev Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida migratsiya siyosatini geosiyosiy sharoitlar va yangi migratsiya tendensiyalariga moslashtirishni topshirgan edi. U noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish, tegishli davlat organlarining vazifalarini qayta ko‘rib chiqish va axborot tizimlarini integratsiya qilishni talab qildi. Bundan tashqari, To‘qayev migratsiya oqimlarini hisobga olish va nazorat qilish uchun raqamli yechimlar samaradorligini oshirish vazifasini ham qo‘ydi.



