Qirg‘iziston Yevropa davlatlarida ishlash imkoniyati evaziga afg‘onistonliklar va afrikalik migrantlarni qabul qilishga qarshi chiqdi

Jeenbek Kulubayev. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati fotosurati

Qirg‘iziston Afg‘oniston va Afrika davlatlaridan kelgan migrantlarni qabul qilish evaziga Markaziy Osiyo respublikasidan malakali ishchilarni qabul qilishga tayyor bo‘lgan ayrim Yevropa davlatlarining taklifiga qarshi chiqdi. Bu haqda Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev ma’lum qildi, deb xabar beradi 24.kg nashri.

«Agar shunday imkoniyat bo‘lsa, fuqarolarimiz borib ishlasin. Ammo aynan shu shartlar asosida maqsadli muzokaralar olib bormaymiz», — deya ta’kidladi Kulubayev 13 oktyabr kuni Jogorku Keneshning (Qirg‘iziston parlamenti) xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi yig‘ilishida.

Tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, mehnat migratsiyasi yo‘nalishlari asta-sekin o‘zgarmoqda, qirg‘izistonliklar tobora ko‘proq Turkiya va AQSHga ishlash uchun ketmoqda. Shu bilan birga, Janubiy Koreya va Yaponiyada Qirg‘izistondan keladigan ishchilarga talab yuqoriligicha qolmoqda. Jumladan, mazkur mamlakatlarda shifoxonalarda keksa yoshdagi bemorlarni parvarishlash uchun xodimlarga ehtiyoj mavjud.

Vazir Qirg‘izistonning o‘zi ham ishchi kuchiga muhtoj ekanini eslatdi. Shu sababli hukumat fuqarolarni xorijga doimiy ishga uyushgan tarzda yuborishni qisqartirgan, biroq mavsumiy ishlarga yuborish davom etmoqda.

«Biz mehnat migrantlarimiz uchun qulay sharoitlar yaratilishini istaymiz», — deya ta’kidladi Kulubayev.

ℹ️ Avvalroq Yevropa Ittifoqi mamlakatlari boshpana berish haqidagi arizalari rad etilgan migrantlar uchun uchinchi davlatlarda «qaytarish markazlari» deb ataluvchi muassasalar tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingan edi. Bunday davlatlar qatorida O‘zbekiston va Qozog‘iston ham tilga olingan. Biroq, har ikki mamlakat bu ma’lumotni rasman rad etdi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bunday markazlar tashkil etilishi mumkinligi haqidagi xabarlar «haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi»ni bildirgan, Qozog‘iston esa Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar kun tartibida faqat viza tartibini soddalashtirish va o‘z fuqarolarini readmissiya qilish masalalari borligini ta’kidlagan.

2024 yil may oyida Yevropa Ittifoqining 15 ta davlati Yevropa komissiyasiga migrantlarni uchinchi mamlakatlarga chiqarib yuborish mexanizmlarini yaratishga chaqiruvchi qo‘shma xat yo‘llagan edi. Takliflar orasida migrantlarni ochiq dengizda ushlab, Ittifoq hududidan tashqaridagi «xavfsiz joy»ga olib borish varianti ham bor edi. Xatni Avstriya, Bolgariya, Kipr, Chexiya, Daniya, Finlyandiya, Estoniya, Gretsiya, Italiya, Latviya, Litva, Malta, Niderlandiya, Polsha va Ruminiya imzolagan.

2026 yil iyun oyida esa Yevropaning 19 nafar yetakchisi Italiyaning Albaniya bilan tuzgan kelishuvi modelini misol qilib, deportatsiya markazlarini Yevropa Ittifoqidan tashqarida joylashtirishni tezlashtirishni talab qilgandi. Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Yevropa Ittifoqidan uchinchi mamlakatlarga 135 460 kishi qaytarilgan. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgiga nisbatan 20,9 foizga ko‘p bo‘lgan.

Amnesty International va Human Rights Watch kabi inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar migrantlarni uchinchi mamlakatlarga chiqarib yuborish rejalarini tanqid qildi. Ular inson huquqlari buzilishi xavfi, samarali nazorat mexanizmlarining yo‘qligi va qochqinlar mustaqil sudlarga murojaat qilish hamda qarorlar ustidan shikoyat qilish imkoniyatidan mahrum bo‘ladigan «huquqiy nomaqbul hududlar» paydo bo‘lishi mumkinligidan ogohlantiradi.