«Tajriba o‘tkazish emas, natija ko‘rsatish kerak edi», — Krestinin Prosinechkining iste’fosi haqida

Robert Prosinechki va Aleksandr Krestinin. Tasvir sun’iy intellekt yordamida yaratildi

Qirg‘iziston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Aleksandr Krestinin Robert Prosinechkiga mahalliy futbolning o‘ziga xos xususiyatlarini tushunib olish uchun yetarlicha vaqt berilmagani, qisqa muddatli shartnoma sharoitida tarkib bilan tajriba o‘tkazish esa xavfli qaror bo‘lganini hisoblaydi. Bu haqda mutaxassis xorvatiyalik murabbiyning milliy terma jamoadan muddatidan oldin ketishiga munosabat bildirgan holda «Farg‘ona»ga so‘zlab berdi.

Krestininning so‘zlariga ko‘ra, Prosinechki tayinlanganidan so‘ng bildirgan, jumladan, Osiyo Kubogida g‘alaba qozonish mumkinligi haqidagi balandparvoz bayonotlari ko‘p jihatdan muxlislar va jamoa rahbariyatining kutilmalari bilan bog‘liq bo‘lgan.

«Shartnoma imzolagan ekansan, uni himoya qilishing kerak. Muxlislar va rahbarlar eshitishni xohlagan gaplarni gapirasan. Ammo, menimcha, keyinchalik fikrlaringni o‘zgartirmaslik uchun imkon qadar to‘g‘ri va realist bo‘lishing kerak», — deydi murabbiy.

Prosinechki 2025 yil dekabr oyida Qirg‘iziston milliy terma jamoasi bilan bir yilu bir oylik shartnoma imzolagan. Osiyo Kubogi-2027da muvaffaqiyatli ishtirok etgan taqdirda, kelishuv yana uch yilga uzaytirilishi mumkin edi.

Krestininning fikricha, bunday shartnoma muddatida murabbiy, avvalo, natijaga erishishi kerak edi, jamoani keng ko‘lamda qayta qurish esa ancha ko‘proq vaqtni talab qiladi.

«U qadar uzoq muddatli bo‘lmagan shartnomani imzolar ekansan, tajriba o‘tkazish va jamoani qayta qurish bilan emas, natija ko‘rsatish bilan shug‘ullanishing kerakligini tushunish lozim. Agar haqiqatan ham avlodlar almashinuvi jarayoni ketayotgan bo‘lsa va istiqbolli futbolchilar guruhini asta-sekin jamoaga jalb qilish zarur bo‘lsa, buning uchun vaqt kerak», — dedi u.

Krestinin Yevropa va Osiyo futboli o‘rtasidagi farqlarni ham alohida muammo sifatida qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prosinechki katta tajribaga ega bo‘lishiga qaramay, avval Osiyoda ishlamagan va mahalliy futbolning o‘ziga xos xususiyatlariga moslashishi kerak edi.

«Osiyo va Yevropada futbolchilarga yondashuv tubdan farq qiladi. Bu yerda maydonda ham, maydon tashqarisida ham muhit yaratish kerak. Eng muhimi, futbolchilar senga ishonishi, ishonch bildirishi va sening usullaring samarali ekanini, har bir mashg‘ulot va o‘yindan so‘ng ular yanada yaxshiroq bo‘lib borayotganini tushunishi kerak», — deya ta’kidladi Krestinin.

U milliy terma jamoaga futbolchilarni tanlashning o‘ziga xos jihatlariga ham e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, futbolchining ichki chempionatdagi muvaffaqiyatli ishtiroki xalqaro o‘yinlarda ham xuddi shu darajani saqlab qola olishini anglatmaydi.

«Xalqaro darajada tezlik va intensivlik butunlay boshqacha. Ba’zan futbolchi ichki chempionatda gollar uradi, xalqaro darajada esa jarima maydoni tashqarisidan zarba berish imkoniyatiga ham ega bo‘lolmaydi. Bu sur’atga jismonan kim bardosh bera olishini, futbolchi bunday tezlik va zichlik sharoitida texnik jihatdan nimani ko‘rsata olishini tushunish kerak», — deya izohlaydi mutaxassis.

Krestinin Prosinechki davrida terma jamoada ko‘plab yangi futbolchilar paydo bo‘lganini ham qayd etdi. Biroq, uning fikricha, xorvatiyalik murabbiy barcha eng kuchli futbolchilarni bir vaqtning o‘zida jamoaga jamlay olmagan.

«Men qirg‘iz futbolini yetarlicha yaxshi bilaman. Turli sabablarga ko‘ra — men jamoa ichida emasman va barcha holatlarni bilmayman — u o‘tkazgan barcha o‘yinlarda obyektiv ravishda eng kuchli futbolchilarga ega bo‘lmadi. Yangi familiyalar paydo bo‘ldi, ammo barcha eng kuchli futbolchilar bir kunda jamlanganini ko‘rmadim», — dedi u.

Natijada Qirg‘iziston Prosinechki qo‘l ostida biror marta ham g‘alaba qozona olmadi: jamoa to‘rtta o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazib, ikkitasida mag‘lub bo‘ldi va ikkitasida durang qayd etdi. Krestinin bunday natijani ma’lum darajada qonuniy deb hisoblaydi.

«Yaxshi natijaga umid qilish qiyin. Uydagi o‘yinlarda biror marta ham g‘alaba qozonilmagani — bu ma’lum ma’noda qonuniy natija. Unga vaziyatni tushunib olish uchun vaqt kerak edi. U avval Osiyoda ishlamagan, bu yerda esa hamma narsa unchalik oddiy emas. Yevropada hammasi boshqacha — farq juda katta», — deya xulosa qiladi murabbiy.

Robert Prosinechki 2025 yil 10 dekabr kuni Qirg‘iziston futbol federatsiyasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev tashabbusi bilan milliy terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangan edi. 2026 yil 25 avgust kuni Qirg‘iziston futbol ittifoqi u bilan shartnoma tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra bekor qilinganini ma’lum qildi. Milliy terma jamoaning yangi bosh murabbiyi Urmat Abdukaimov bo‘ldi.

Aleksandr Krestinin 2014–2023 yillarda Qirg‘iziston milliy terma jamoasiga boshchilik qilgan. Uning rahbarligida jamoa tarixda ilk bor Osiyo Kubogiga yo‘l oldi va 2019 yilgi musobaqada 1/8 finalga qadar yetib bordi. Krestinin qo‘l ostida Qirg‘iziston keyingi Osiyo Kubogiga ham yo‘llanma oldi.

  • Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan mediaforumda dunyoning qariyb 50 ta davlatidan 300 dan ortiq jurnalist jam bo‘ldi

  • Kuzatuvchilar va ekspertlar — Qozog‘istondagi yangi parlament — Qurultoyga ilk saylovlar haqida

  • Nima uchun robototexnika taraqqiyoti insoniyatga xavf solishi mumkinligi haqida

  • Nima uchun eronlik xonanda Saadiy she’rlariga bitilgan qo‘shiqlar ijro etgani uchun to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilindi?