Yevroosiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga bir necha yilda $3 mlrd investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda

Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) 2031 yilga qadar O‘zbekistonga kiritiladigan investitsiyalar hajmini $3 mlrdgacha yetkazmoqchi. Xalqaro moliya instituti matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, hozirdanoq eng istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Toshkentda YeOTB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov hamda O‘zbekiston Вosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev uchrashuvida investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish va bankning 2027–2031 yillarga mo‘ljallangan mamlakat strategiyasi muhokama qilindi.

Xususan, Podguzov Yevroosiyo taraqqiyot banki Markaziy Osiyo respublikasini sarmoyaviy faoliyatning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida baholayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birgina 2027 yilning o‘zida mamlakatdagi loyihalarni moliyalashtirish hajmi $500 mlnga yetishi mumkin. Hozirda bank tomonidan $1 mlrddan ortiq mablag‘ kiritilishi kutilayotgan o‘nta istiqbolli tashabbus o‘rganilmoqda. 2031 yilga borib esa bu ko‘rsatkich $3 mlrdga yetadi.

«Nosuveren moliyalashtirish vositalaridan foydalanish davlatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarz yukini oshirmasdan xususiy hamda xalqaro kapitalni jalb qilish imkonini beradi», — deya qo‘shimcha qildi YeOTB boshqaruvi raisi.

Muzokaralar davomida bank va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning beshta ustuvor yo‘nalishi belgilab olindi.

Ular quyidagilardir:

✅ transport-logistika infratuzilmasi;

✅ suv-energetika barqarorligi;

✅ sanoat va ishlab chiqarish kooperatsiyasi;

✅ raqamlashtirish;

✅ moliyaviy vositalar.

So‘nggi yo‘nalish kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, eksportni oshirish, «yashil» hamda islomiy moliyalashtirishni nazarda tutadi, deb qayd etadi YeOTB matbuot xizmati.

Shuningdek, Toshkentdagi uchrashuv qatnashchilari davlat kompaniyalari hamda xususiy investorlar bilan aloqalarni, jumladan loyihaviy moliyalashtirish va sindikatlangan kreditlash mexanizmlarini qo‘llagan holda kengaytirish variantlarini ko‘rib chiqdilar.

ℹ️ Yevroosiyo taraqqiyot banki 20 yildan buyon faoliyat yuritmoqda. Uning bosh qarorgohi Qozog‘istonning Olmaota shahrida joylashgan. Joriy yilning iyun oyi holatiga ko‘ra, YeOTB portfeli umumiy qiymati $22 mlrddan ortiq bo‘lgan 348 ta tashabbusni o‘z ichiga oladi. Asosiy ulushni transport, raqamli tizimlar, «yashil» energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mashinasozlik sohalaridagi loyihalar tashkil qiladi. Bank o‘z faoliyatida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamda ESG tamoyillariga (kompaniya ekologiya, ijtimoiy soha va korporativ boshqaruv sifatiga qo‘shgan hissasiga qarab baholanadigan biznes mezonlari tizimi) amal qiladi.

O‘zbekiston YeOTBga 2025 yilda a’zo bo‘lib, kapitalidagi 10 foiz ulushi bilan moliya tashkilotining uchinchi yirik aksiyadoriga aylandi. Joriy yilning may oyida bank Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochdi hamda respublika hududidagi operatsion faoliyatiga kirishdi. Shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Tojikiston, Qirg‘iziston va Armaniston ham bankka a’zo mamlakatlar hisoblanadi.