So‘z erkinligiga qo‘yilgan motmi?

Qozog‘iston internet ustidan davlat nazoratini kuchaytirmoqda
AI tasviri

Qozog‘istonda ijtimoiy tarmoqlar faoliyati qoidalarini kuchaytirish, ommabop blogerlarni o‘z shaxsini oshkor qilishga majburlash va internetdagi uyatsiz so‘zlar (so‘kinish) uchun jazolashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, hukumat internet-trafik ustidan nazoratning texnik imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Hukumat bu o‘zgarishlarni fuqarolarni noqonuniy kontentdan himoya qilish zarurati bilan izohlamoqda, biroq huquq himoyachilari senzura kuchayishi va so‘z erkinligi cheklanishidan xavotirda.

18 noyabr kuni Qurultoy (Qozog‘iston parlamenti) onlayn-platformalar, ommaviy axborot vositalari va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga daxldor ikkita tuzatishlar paketini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Agar hujjatlar yakuniy tarzda qabul qilinsa, ijtimoiy tarmoqlar mamlakatda o‘z vakolatxonalarini ochishga, yirik akkauntlar egalari shaxsini tasdiqlashdan o‘tishga majbur bo‘ladi, 16 yoshga to‘lmagan bolalarni esa aksariyat onlayn-platformalarda ro‘yxatdan o‘tkazish to‘xtatiladi. Haqoratli so‘zlar va so‘kinishlar e’lon qilganlik uchun jarimalar va hatto ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Qozog‘iston Madaniyat va axborot vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning o‘n oyi davomida onlayn-platformalar monitoringi chog‘ida noqonuniy deb topilgan 128,5 mingta material aniqlangan. Ularning qariyb 70 foizini o‘chirishga muvaffaq bo‘lingan. Rasmiylarning fikricha, qolgan qismi amaldagi tartibga solish mexanizmlari yetarlicha samarali emasligidan dalolat beradi.

Biroq gap faqat yangi qonunchilik cheklovlari haqidagina borayotgani yo‘q. 15 noyabr kuni, parlament ovoz berishidan uch kun oldin, telekommunikatsiya tarmoqlarini markazlashtirilgan boshqarishning yangilangan qoidalari kuchga kirdi. Ular internet-trafikning davlat tizimi orqali o‘tishiga bo‘lgan talablarni, jumladan, mobil aloqa operatorlari va xosting-provayderlar uchun ham kengaytiradi.

Shu tariqa, Qozog‘istonda bir vaqtning o‘zida internet-platformalarga ta’sir ko‘rsatishning huquqiy mexanizmlari va tarmoq infratuzilmasining ishlash texnik shartlari o‘zgarmoqda. Masala shundaki, bu o‘zgarishlar haqiqatan ham xavfli bo‘lgan kontentga qarshi kurashishda qanchalik yordam beradi va mustaqil jurnalistlar, blogerlar hamda oddiy foydalanuvchilar uchun qanday oqibatlarga olib keladi.

Besh ming obunachi bormi — davlat reyestriga marhamat!

Eng ko‘p muhokama qilinayotgan yangiliklardan biri auditoriyasi besh ming nafardan ortiq bo‘lgan ommaviy hamjamiyatlar foydalanuvchilari va moderatorlarining majburiy shaxsini aniqlash (identifikatsiya) bo‘ldi. Buning uchun maxsus davlat reyestri tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

E’lon qilingan qonun loyihasi variantida qayd etilishicha, tegishli akkauntlar egalari vakolatli organga o‘z shaxsini aniqlash imkonini beruvchi ma’lumotlarni taqdim etishlari shart bo‘ladi. Xususan, familiyasi, ismi, otasining ismi, individual yoki biznes-identifikatsiya raqami, shuningdek, ro‘yxati hokimiyat tomonidan belgilanadigan boshqa ma’lumotlar shular jumlasidandir. Reyestrga kiritilgandan so‘ng foydalanuvchilar ushbu ma’lumotlarni o‘z akkauntlarida ko‘rsatishlariga to‘g‘ri keladi.

Biroq ro‘yxatga olish aynan kimlarga daxldor bo‘lishi masalasi hozircha batamom hal etilmagan.

Parlament ishchi guruhi a’zosi, deputat Aydos Sarim Deutsche Welle nashriga bergan intervyusida tuzatishlarning dastlabki tahriri haqiqatan ham barcha ommabop akkauntlar egalariga taalluqli bo‘lganini aytdi. Keyinchalik Qurultoy a’zolari shaxsini boshqa yo‘llar bilan aniqlash imkonsiz bo‘lgan anonim mualliflarga e’tibor qaratishga qaror qilishgan.

Sarimning izohlashicha, taniqli jurnalistlar, siyosatchilar, san’atkorlar va boshqa jamoatchilik vakillarining shaxsi allaqachon aniq, shu sababli ular uchun qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tish ortiqchalik qiladi. Anonim resurslar egalari o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishdan bosh tortgan taqdirda, deputat texnik ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkinligini istisno etmadi.

Shu bilan birga, qonun loyihasi matnida hamon auditoriyasi besh ming kishidan ortiq bo‘lgan hamjamiyatlar foydalanuvchilari va moderatorlari haqida kengroq ifoda saqlanib qolmoqda. Shu sababli, qonunning yakuniy matni paydo bo‘lmaguncha, ro‘yxatdan o‘tish majburiyati faqat anonim mualliflarga tegishli bo‘ladi deb ta’kidlab bo‘lmaydi.

Huquq himoyachilari yana bir muammoga e’tibor qaratmoqda: qonun loyihasi materiallari Qozog‘iston aholisi uchun ochiq bo‘lgan xorijiy blogerlarga yangi talablar taalluqlimi yoki yo‘qmi degan savolga aniq javob bermaydi. Chet eldan turib ommabop akkauntlarni yuritayotgan Qozog‘iston fuqarolari bilan bog‘liq vaziyat ham noaniq.

Хalqaro so‘z erkinligini himoya qilish jamg‘armasi «Әділ сөз» davlat reyestri xavfsizlik nuqtai nazaridan taxalluslardan foydalanayotgan mualliflar uchun qo‘shimcha tahdidlar keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Aleksandr Siromyatnikov shaxsiy ma’lumotlarning sizdirilishi xavfiga ishora qilmoqda. Uning fikricha, bunday ma’lumotlar bazasini yaratishda ma’lumotlarni saqlash tartibini, ulardan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasini va anonim mualliflar shaxsi oshkor bo‘lib qolgan taqdirda javobgarlik masalasini oldindan belgilab olish zarur.

Yana bir muhim o‘zgarish yirik onlayn-platformalarning Qozog‘istonda yuridik shaxs shaklidagi rasmiy vakolatxonalarini ochish talabi bo‘ladi.

2023 yildan buyon amal qilayotgan «Onlayn-platformalar va onlayn-reklama to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, Qozog‘istondagi kunlik o‘rtacha auditoriyasi 100 mingdan ortiq bo‘lgan platformalar rasmiy idoralar bilan hamkorlik qilish uchun qonuniy vakil tayinlashga majbur edi. Endilikda davlat mahalliy yuridik ishtirokning yanada aniqroq shaklini mustahkamlamoqchi.

Madaniyat va axborot vaziri Arman Qiriqboyev bu tashabbusni xalqaro texnologik kompaniyalar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurati bilan izohlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, noqonuniy materiallarning salmoqli qismi aynan xorijiy platformalarda tarqaladi, davlatning mavjud imkoniyatlari esa ularni tezkorlik bilan o‘chirishga doim ham imkon bermaydi.

Yangi qoidalar hukumatga ko‘rsatmalarni tezroq yuborish va ularni bajarmaganlik uchun kompaniyalarni javobgarlikka tortish imkonini berishi kerak.

Shu bilan birga, qonun loyihasi 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarni onlayn-platformalarda ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqlashni nazarda tutadi. Bolalarning ota-onalari, qarindoshlari va o‘qituvchilari bilan muloqot qilishi uchun zarur bo‘lgan tezkor xabar almashish xizmatlari (messenjerlar) bundan mustasno bo‘lishi taklif qilinmoqda.

Shu bilan birga, yoshni tekshirish mexanizmi va taqiqning qo‘llanish chegaralari muhokama mavzusi bo‘lib qolmoqda. Yangi qoidalar shaxsiy yozishmalar, ommaviy kanallar, videokontent va ta’lim xizmatlarini o‘zida birlashtirgan platformalarga nisbatan qanday ishlashi to‘liq tushunarli emas.

So‘kinish, tuhmat va sudsiz nashrlarni o‘chirish

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda uyatsiz so‘zlar ishlatganlik (so‘kinganlik) uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi ham yana bir yangilik bo‘lishi mumkin.

Buning uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning mayda bezorilikka bag‘ishlangan 434-moddasiga o‘zgartirish kiritish taklif qilinmoqda. Hozirda uning normalari jamoat joylarida uyatsiz so‘zlar bilan so‘kinishni javobgarlikka tortishni nazarda tutadi. Tuzatishlar tegishli normani to‘g‘ridan-to‘g‘ri ommaviy axborot vositalari va onlayn-platformalarga ham tatbiq etadi.

Ko‘rib chiqilayotgan loyihada 20 oylik hisob-kitob ko‘rsatkichi — 86,5 ming tenge (taxminan 190 dollar) miqdorida jarima jazosi ko‘zda tutilgan. Muqobil sifatida 20 soatdan 60 soatgacha bo‘lgan jamoat ishlari yoki besh kundan o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilanishi mumkin.

Shu bilan birga, loyihada bu kabi huquqbuzarlik haqida xabar berish holatlari uchun istisno nazarda tutilgan. Biroq jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq bo‘lmagan jurnalistik intervyular, badiiy asarlar, hajviy nashrlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtiboslardagi nojo‘ya iboralarga qanday baho berilishi savol ostida qolmoqda.

Yuristlarning ta’kidlashicha, uyatli so‘zlardan foydalanishning o‘zi mayda bezorilikni to‘liq anglatmaydi. To‘g‘ri malakalash uchun sharoit va kontekst muhim ahamiyatga ega. Ushbu tamoyil internetdagi nashrlarga nisbatan qanchalik izchil qo‘llanilishi hozircha noma’lum.

Qonunchilik paketi, shuningdek, onlayn-platformalardagi tuhmat uchun javobgarlikka, raddiyalarni joylashtirish tartibiga va fuqarolarning tasvirlaridan foydalanishga ham daxldordir.

Tahririyatlar uchun OAVni hisobga qo‘yishda ijtimoiy tarmoqlarda foydalaniladigan akkauntlarni majburiy ko‘rsatish taklif etilmoqda. Bundan tashqari, davlat organlarining rasmiy javoblari e’lon qilinganda ularni maxsus belgilash talab etiladi.

Huquq himoyachilari bu talablarning ayrimlarini ortiqcha deb hisoblamoqda. Masalan, tahririyat OAV ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng ochilgan har bir yangi akkaunt haqida davlatni xabardor qilishi kerakmi yoki yo‘qmi, bunday akkauntning hisob hujjatlarida mavjud emasligi jurnalistik materiallarni tarqatishda cheklovlarga sabab bo‘lishi mumkinmi-yo‘qmi — bunisi noaniq bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, «Әділ сөз» jamg‘armasi axborot nizolari ishtirokchilarining huquqlarini himoya qilishga oid ayrim tuzatishlarni ijobiy baholamoqda. Shu tariqa, tashkilot tomonidan bildirilayotgan tanqid butun qonunchilik paketiga emas, balki birinchi navbatda yetarlicha aniq bo‘lmagan davlat nazorati mexanizmlariga qaratilgan.

Eng jiddiy xavotirlarni noqonuniy kontentni o‘chirish bo‘yicha vakolatlarning kengaytirilishi keltirib chiqarmoqda.

Qozog‘istonda hozir ham davlat organlariga noqonuniy axborotdan foydalanishni cheklashni talab qilish imkonini beruvchi normalar amal qilmoqda. Onlayn-platformalar to‘g‘risidagi qonun, xususan, noqonuniy kontent tarqatuvchi akkauntlar faoliyatini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarni ijro etishni nazarda tutadi. Bolaga nisbatan kiberbulling deb topilgan materiallarni tegishli ko‘rsatma olingandan keyin 24 soat ichida o‘chirish choralarini ko‘rish majburiyati alohida belgilangan.

Yangi tuzatishlar platformalarning noqonuniy materiallarni tezkorlik bilan o‘chirish bo‘yicha yanada kengroq majburiyatlarini nazarda tutadi va bu hokimiyat talablarini bajarmaganlik uchun qo‘shimcha ma’muriy javobgarlik bilan mustahkamlanadi.

Muammo shundaki, Qozog‘iston qonunchiligida noqonuniy kontent tushunchasi juda keng doiradagi materiallarni qamrab oladi. Unga nafaqat zo‘ravonlikka, terrorizmga chaqiriqlar, giyohvandlik vositalarini tarqatish va firibgarlik, balki millatlararo totuvlikni buzishga xizmat qiluvchi ma’lumotlar, shuningdek, mamlakat davlatchiligi va hududiy yaxlitligini shubha ostiga qo‘yuvchi bayonotlar ham kiradi.

«Әділ сөз» jamg‘armasi yuristi Sergey Utkin ijroiya organlarining ko‘rsatmasi bo‘yicha nashrlarni sud qarorisiz tezkor o‘chirish ijtimoiy ahamiyatga molik axborotning cheklanishi xavfini tug‘dirishidan ogohlantirmoqda.

Uning baholashicha, davlat ijtimoiy tarmoqlarga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlarini bosqichma-bosqich kengaytirmoqda. Agar oddiy saytni bloklash texnik jihatdan nisbatan oson bo‘lsa, yirik xalqaro ijtimoiy tarmoqdagi alohida postni o‘chirishga erishish ancha murakkab. Platformalarning qo‘shimcha javobgarligi ana shu vaziyatni o‘zgartirishi kerak.

Huquq himoyachilari materiallarning noqonuniyligi bo‘yicha yanada aniq mezonlarni belgilashni, qabul qilinayotgan qarorlarning shaffofligini ta’minlashni va ular ustidan shikoyat qilishning samarali usullarini nazarda tutishni taklif qilmoqdalar. Xususan, ular ijtimoiy ahamiyatga molik tahliliy, siyosiy va hajviy nashrlardan foydalanishni cheklashda sud nazorati bo‘lishi tarafdori.

Qozog‘iston hukumati esa, aksincha, o‘zgarishlardan maqsad fuqarolarni, birinchi navbatda voyaga yetmaganlarni xavfli va noqonuniy kontentdan himoya qilish ekanini ta’kidlamoqda. Madaniyat va axborot vaziri Arman Qiriqboyev rasmiylar tahririyatlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki nashrlarni yopish niyatida emasligini bildirmoqda.

Internet davlat tarmoq tuguni orqali

Tuzatishlar muhokamasi bilan parallel ravishda Qozog‘iston telekommunikatsiya tarmoqlarining ishlash tartibini ham o‘zgartirmoqda.

15 noyabr kuni Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan telekommunikatsiya tarmoqlarini markazlashtirilgan boshqarishning yangilangan qoidalari kuchga kirdi.

Markazlashtirilgan boshqaruv tizimining o‘zi bir necha yildan buyon mavjud. Uning vazifasi — tarmoq infratuzilmasining boshqaruv parametrlarini bajarishni ta’minlash, jumladan, qonunchilikda nazarda tutilgan veb-resurslardan foydalanishni cheklash choralarini amalga oshirishdir.

Biroq yangi qoidalar ushbu tizim bilan hamkorlik qilishi shart bo‘lgan ishtirokchilar doirasini kengaytiradi. Xususan, uyali aloqa operatorlari abonentlarning internet-trafigi boshqaruv tizimining tegishli tugunlari orqali o‘tishini ta’minlashi lozim. Xuddi shunday talablar o‘z infratuzilmasida joylashtirilgan resurslarga kirishni ta’minlovchi xosting-provayderlarga ham taalluqlidir.

Onlayn-platformalarning keshlovchi serverlari — ommabop kontentni foydalanuvchilarga yetkazib berishni tezlashtirish imkonini beruvchi uskunalar orqali trafikning o‘tishi alohida tartibga solinadi.

Tizimga texnik xizmat ko‘rsatishni «Davlat texnik xizmati» (DTX) AJ amalga oshiradi. U ulanish shartlariga rioya qilinishini nazorat qiladi, uskunalarning belgilangan talablarga muvofiqligini baholaydi va tizim ishtirokchilarining o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi.

Exclusive.kz nashri aniqlaganidek, uskunalarning ayrim tarkibiy qismlariga qo‘yiladigan talablar «Xizmatda foydalanish uchun» grifi ostidagi ilovaga chiqarilgan. Shu sababli tizimning barcha texnik imkoniyatlarini oshkora baholash mushkul.

Shu bilan birga, trafikning davlat tugunlari orqali yo‘naltirilishining o‘zi hokimiyat organlari har qanday yozishmalarni o‘qish yoki himoyalangan aloqalarni deshifrlash imkoniyatiga ega bo‘lishini isbotlamaydi. Bunday xulosalarga kelish uchun qo‘shimcha texnik ma’lumotlar talab etiladi.

Biroq trafik o‘tish sxemasining o‘zgarishi internet-resurslardan foydalanishni cheklash mexanizmlari uchun ahamiyatlidir, chunki u markazlashtirilgan infratuzilma qamrovini kengaytiradi.

Bu borada Qozog‘istonning Total.kz nashri bilan bog‘liq voqea yaqqol misol bo‘ldi. 2026 yil 12 sentyabrda tahririyat Ko‘kjaylov mavzesida Almaty SuperSki tog‘-chang‘i majmuasi qurilishining ehtimoliy ekologik oqibatlari haqida material e’lon qildi. Jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, nashrdan so‘ng davlat organi vakili maqolani vaqtincha olib turishni so‘ragan. Tahririyat buni rad etgan.

Ko‘p o‘tmay, Qozog‘istonning bir qator aloqa operatorlari foydalanuvchilari uchun sayt ochilmay qolаdi. Shu bilan birga, u mamlakat ichidagi ayrim tarmoqlar orqali, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan kirish uchun ochiqligicha qolаdi.

Madaniyat va axborot vazirligi Total.kz nashriga nisbatan cheklovlar kiritmaganini ma’lum qildi. «Qazoqtelekom» ham texnik bloklashlar qo‘llanganini inkor etdi va tegishli ko‘rsatmalar yoki sud qarorlarini olmaganini bildirdi.

12 oktyabr kuni nashrdan foydalanish imkoniyati tiklandi. Saytning ayrim tarmoqlar orqali qariyb bir oy davomida ochilmay qolgani sababi rasman aniqlanmadi.

Shunday qilib, bu voqeani isbotlangan davlat blokirovkasi deb hisoblab bo‘lmaydi. Biroq u mavjud tizimda texnik cheklovlar manbasini aniqlash va to‘liq tushuntirish olish naqadar murakkab ekanini ko‘rsatadi.

MXQning yangilangan qoidalari va parlament tomonidan ko‘rib chiqilayotgan tuzatishlar ikkita alohida qaror hisoblanadi. Ular yagona chora-tadbirlar paketi sifatida ishlab chiqilganiga oid dalillar yo‘q. Shunga qaramay, har ikkala hujjat raqamli muhitga davlat ta’siri mexanizmlariga daxldor: birinchisi — tarmoq infratuzilmasi darajasida, ikkinchisi — nashrlar mazmuni va onlayn-platformalarning javobgarligi darajasida.

Hozircha tuzatishlar faqat birinchi o‘qishdan o‘tdi va o‘zgarishi mumkin. Xorijiy va anonim mualliflarni identifikatsiya qilish, voyaga yetmaganlarga cheklovlarni qo‘llash, shuningdek, foydalanuvchilarni nashrlarning asossiz o‘chirilishidan himoya qilish kafolatlari bo‘yicha masalalar hali to‘liq hal etilmagan.

Qozog‘iston rasmiylari uchun asosiy ustuvor yo‘nalish noqonuniy kontentga qarshi kurashish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash deb e’lon qilingan. Jurnalistlar hamjamiyati va huquq himoyachilari uchun esa bosh masala — ushbu vazifalarni bajarish bilan davlatning ijtimoiy ahamiyatga molik axborot tarqatilishini cheklash imkoniyati o‘rtasidagi chegara qaerdan o‘tishida qolmoqda.