Tramp 200 yillik togʻ yongʻogʻidan yasalgan ayvonlar uchun Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi

Ayvonlar nps.gov saytidan olingan surat

AQSH prezidenti Donald Tramp Qoʻshma Shtatlar mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan tuhfa qilingan ikkita anʼanaviy oʻzbek ayvoni (shiypon) uchun oʻzbekistonlik hamkasbi Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. Amerika yetakchisi bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmogʻida yozdi.

Tramp oʻzbekistonlik hunarmandlar bir necha oy davomida oilalaridan yiroqda, murakkab ob-havo sharoitida 200 yillik togʻ yongʻogʻi yogʻochidan oʻymakor inshootlar yaratganini taʼkidladi. AQSH prezidenti ustalarning mahoratini yuqori baholadi.

Oq uy rahbari sovgʻani jamoatchilik ixtiyoriga topshirishga qaror qildi. Ayvonlar Vashingtondagi Gʻarbiy Potomak bogʻi hududida, Toʻlqinli havza qirgʻogʻiga oʻrnatildi.

Inshootlarning 17-noyabr kuni boʻlib oʻtgan ochilish marosimida Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Sidiqov va Qoʻshma Shtatlar ichki ishlar vaziri Duglas Bergam ishtirok etdi. Trampning oʻzi esa, soʻzlariga koʻra, ayvonlarni prezident vertolyoti bortidan tomosha qilgan.

Amerika yetakchisi 2027-yilga moʻljallangan Amerika qahramonlari milliy bogʻi ochilganidan soʻng, oʻzbek ayvonlari Vashingtonning eng ommabop diqqatga sazovor joylaridan biriga aylanishiga umid bildirdi.

Oʻzbekiston AQSHda oʻz madaniy merosini faol targʻib qilmoqda. Jumladan, 2025-yil martida Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati (WOSCU) AQSH Kongressi kutubxonasiga 50 jildlik kitob-albomlarni topshirdi.

2026-yil iyunida futbol boʻyicha jahon chempionati doirasida Xyuston va Atlantada xorijlik muxlislarni oʻzbek madaniyati, milliy taomlari va anʼanalari bilan tanishtirishga bagʻishlangan tadbirlar tashkil etildi.

Oktyabr oyida esa Vashingtonda Oʻzbekistonning anʼanaviy va zamonaviy toʻqimachilik sanʼati koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

  • Og‘a Xon jamg‘armasi Kobuldagi qadimiy Bolo-Hisor qal’asini arxeologiya parkiga aylantirmoqda

  • Nima uchun Pekin umumiy chegaraga ega bo‘la turib, toliblar bilan Markaziy Osiyo orqali savdo qilayotgani haqida

  • Nima uchun xitoyliklar spirtli ichimliklarni ko‘llar bilan o‘lchashi va Farg‘ona uzumi imperiyaning ta’m didini abadiy o‘zgartirib yuborgani haqida

  • Britaniyalik ekspert Xitoyning roli, dedollarlashtirishning muvaffaqiyatsizligi va G7 inqirozi haqida