OTB Qirgʻizistonda suzuvchi quyosh elektr stansiyasi qurilishi uchun 20 million dollar ajratdi

Suzuvchi elektr stansiyasi. utem.org saytidan olingan surat

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Qirgʻizistonda sanoat miqyosidagi ilk suzuvchi quyosh elektr stansiyasi qurilishi uchun 20 million dollar ajratishni maʼqulladi. Obyekt Bishkekdan taxminan 10 kilometr shimoli-sharqda joylashgan 5-GES suv ombori hududida barpo etiladi, deb xabar bermoqda OTB matbuot xizmati.

Moliyalashtirish paketi 19,55 million dollarlik imtiyozli kredit hamda Osiyo taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 450 ming dollarlik grantni oʻz ichiga oladi. Loyihani amalga oshirish uchun yana 2,02 million dollarni Qirgʻiziston tomoni ajratadi.

Elektr stansiyasining quvvati 15 MVt boʻlib, u yiliga qariyb 20 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Quyosh panellari mavjud suv ombori sathiga oʻrnatiladi va «Chakan GES» OAJning mavjud tarmoq infratuzilmasiga ulanadi.

Loyiha Qirgʻizistonning elektr energiyasi importiga qaramligini kamaytirish hamda daryolarda suv hajmining mavsumiy oʻzgarishiga bogʻliq boʻlgan gidrogeneratsiyani toʻldirish maqsadini koʻzlaydi. Bundan tashqari, quyosh panellarining suv yuzasida joylashtirilishi yer uchastkalarini ajratish zaruratini bartaraf etadi.

5-GES hududida 2024-yil martidan buyon 100 kVt quvvatga ega sinov tariqasidagi suzuvchi quyosh elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda. U 2025-yilda 141,1 ming kilovatt-soat, joriy yilning oʻn oyida esa 132,5 ming kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berdi.

Shu tariqa, yangi obyektning quvvati sinov qurilmasi koʻrsatkichlaridan 150 barobar oshadi.

OTB Qirgʻiziston orttirgan ushbu tajriba kelgusida Markaziy va Gʻarbiy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham shu kabi loyihalarni amalga oshirish imkonini berishiga umid bildirmoqda.

Qirgʻiziston suv resurslari qisqarishi sharoitida elektr taqchilligini qisqartirish hamda gidrogeneratsiyaga bogʻliqlikni kamaytirish maqsadida quyosh energetikasini faol rivojlantirmoqda. 2025-yil dekabrida Chuy viloyatida respublikadagi ilk yirik 100 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi, 2026-yil iyunida esa Issiqkoʻl viloyatida umumiy qiymati 1,5 milliard dollarga baholangan 175 MVt quvvatli «ROX Issiqkoʻl» stansiyasining birinchi navbati foydalanishga topshirildi. Avgust oyida ayni shu hududda yana bir 100 MVt quvvatli stansiya ish boshladi.

Bundan tashqari, Norin viloyatida 250 MVt quvvatli shunday obyekt qurilishi olib borilmoqda. Bir vaqtning oʻzida mamlakat Energetika vazirligi quyosh nuri boʻlmagan vaqtlarda energiya taʼminoti barqarorligini kafolatlash maqsadida elektr energiyasini jamlash tizimlarini joriy etish boʻyicha investorlar bilan muzokaralar olib bormoqda.