Olmaota viloyati sudi «Qazselehimoya»ning sobiq rahbari va Qozogʻistonning Jambil viloyati sobiq hokimi Karim Koʻkrekbayevni kasalligi tufayli ozod qilish toʻgʻrisidagi Olatov shahar sudi qarorini bekor qildi. Bu haqda sud matbuot xizmati Kazinform agentligiga maʼlum qildi.
2025 yilning iyulida mulozim oʻta yirik miqdorda pora olganlikda ayblanib, 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Ammo 2026 yil 17 noyabrda Olatov shahar sudi ogʻir xastalik sababli Koʻkrekbayevni ozod qilishga ruxsat berdi. Prokuratura mazkur ajrim ustidan shikoyat qilib, apellyatsiyada gʻolib chiqdi.
Apellyatsiya hayʼati birinchi instansiya sudi «qonun normalarini qoʻpol ravishda buzgan» degan xulosaga keldi.
Hayʼat bahosiga koʻra, Koʻkrekbayevning kasalligi Qozogʻiston Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlagan roʻyxat boʻyicha mahkumni jazoni oʻtashdan ozod qilish mezonlariga toʻgʻri kelmaydi.
Sud shuningdek, Olmaota viloyati prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligiga nisbatan xususiy ajrim chiqardi. Unda birinchi instansiya sudida «mahkumni ozod qilish zarurligi toʻgʻrisida asossiz xulosa» bergan prokuror hamda jazoni ijro etish tizimi muassasasi vakilining xatti-harakatlarini koʻrib chiqish taklif etilgan.
Yana bir xususiy ajrim Sogʻliqni saqlash vazirligiga yuborildi. Mahkama sud fikriga koʻra «mahkumda jazoni oʻtashga toʻsqinlik qiluvchi kasallik mavjudligi haqida asossiz xulosa» chiqargan maxsus tibbiy komissiya aʼzolarining javobgarligi masalasini koʻrib chiqishi lozim.
Koʻkrekbayev Jambil viloyati hokimi boʻlgan (2013–2018 yillar). U «Qazselehimoya» davlat muassasasiga 2019 yil avgust oyidan rahbarlik qilib kelgan. Ushbu tayinlovga qadar Qozogʻistonning Qirgʻizistondagi elchisi boʻlib ishlagan.
Mulozim 2022 yilda qoʻlga olingan edi. 2024 yil iyunida sud avvaliga uni umumiy homiylik qilish hamda bajarilgan ishlar dalolatnomalarini imzolash uchun pora olganlik ayblovi boʻyicha oqlagandi. Gap Xorgosda oʻzan shakllantiruvchi va himoya inshootlarini qurish, Oqsoyda qirgʻoqlarni mustahkamlash hamda toʻgʻonlar barpo etish haqida ketayotgandi. Mulozimga qoʻyilgan pora miqdori 798 ming AQSH dollari va 23 million tengeni (taxminan 50 ming dollar) tashkil etgan.
Biroq keyinchalik oqlov hukmi bekor qilindi va 2025 yil iyulida maslahatchilar hayʼati Koʻkrekbayevni mazkur ish boʻyicha aybdor deb topdi. Sud uning oʻz oʻrinbosari bilan til biriktirib, bajarilgan ishlar dalolatnomalarini toʻsiqsiz imzolab berish uchun pul olganini aniqladi. Koʻkrekbayev 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi va umrbod davlat xizmatida lavozim egallash huquqidan mahrum qilindi.



