O‘zbekiston va Polsha temir yo‘l kompaniyalari hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Hujjat mamlakatlar o‘rtasida yuk tashishni kengaytirish hamda muntazam konteyner poyezdlari qatnovini tashkil etishni nazarda tutadi. Kelishuvga 9-noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan muzokaralarda erishildi, deb «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi matbuot xizmatiga tayangan holda UzDaily xabar beradi.
Uchrashuvda O‘zbekiston temir yo‘l kompaniyasi boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev va Alan Berud boshchiligidagi «Polsha davlat temir yo‘llari» delegatsiyasi ishtirok etdi. Tomonlar yuk tashish hajmini oshirish, qo‘shimcha yuk oqimlarini jalb qilish va muntazam konteyner poyezdlarini yo‘lga qo‘yish uchun shart-sharoitlar yaratish masalalarini muhokama qildi. Yangi transport yo‘nalishlarini yuk jo‘natuvchilar uchun yanada jozibador qilish imkonini beruvchi raqobatbardosh tariflarni belgilashga alohida e’tibor qaratildi.
Markaziy Osiyo orqali Xitoy va Yevropa o‘rtasida tranzit tashuvlarini rivojlantirish muzokaralarning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Xususan, qurilayotgan Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘lidan foydalanish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Ushbu yo‘l Sharqiy Osiyodan Yevropa mamlakatlariga yuklarni yetkazib berishda qo‘shimcha yo‘nalishni ta’minlashi lozim. Uchrashuv qatnashchilari loyihaning amalga oshirilishi yetkazib berish muddatlarini qisqartirish va mintaqaning tranzit salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi, deb hisoblamoqda.
Imzolangan memorandum nafaqat temir yo‘l, balki bir nechta transport turidan foydalangan holda multimodal tashuvlarni ham rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Shu bilan birga, konteyner poyezdlarining aniq yo‘nalishlari, ularni yo‘lga qo‘yish muddatlari, rejalashtirilayotgan yuk hajmi va tariflar hozircha e’lon qilinmagan.
ℹ️ O‘zbekiston temir yo‘l yo‘nalishlari, yuk terminallari tarmog‘i hamda Yevropa tashuvchilari bilan hamkorlikni rivojlantirish orqali Xitoy va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida transport-logistika markazi sifatidagi o‘z mavqeyini mustahkamlashga intilmoqda. 2026-yil mart oyida Toshkent Latviya bilan transport koridorlarini, jumladan, Boltiqbo‘yi portlaridan foydalangan holda kengaytirishga kelishib olgan, iyulda esa tomonlar xalqaro avtomobil tashuvlariga doir ruxsatnomalar sonini oshirishni ma’qullagan edi. Sentabr oyida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Osiyo hamda Yevropa o‘rtasida Rossiyani chetlab o‘tib yuklarni yetkazib beruvchi qo‘shimcha yo‘nalishlarni ta’minlashi kerak bo‘lgan Transkaspiy transport koridorini rivojlantirishga yo‘naltiriladigan sarmoyalarni muhokama qildi.
Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi to‘g‘risidagi bitim 2024-yil iyun oyida imzolangan, o‘sha yilning dekabrida esa loyiha bo‘yicha ishlar rasman boshlangan edi. Qirg‘iziston uchastkasining qurilish qiymati taxminan 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. Yangi magistral Qirg‘iziston hududi orqali Xitoy va O‘zbekiston temir yo‘l tarmoqlarini birlashtirib, Sharqiy Osiyo hamda Yevropa o‘rtasidagi transport yo‘nalishlarining bir qismiga aylanishi kerak.



