Qirgʻiziston «raqamli suverenitetni mustahkamlash» maqsadida internet monopoliyasini tasdiqladi

Ijtimoiy tarmoqlardan olingan surat

Qirgʻiziston hukumati davlatga qarashli «ElKat» kompaniyasiga respublika hududida xalqaro internet-trafikni yetkazib berish, tranzit qilish va uzatish boʻyicha yagona operator maqomini berdi. Bu haqda mamlakat Вosh vaziri Odilbek Qosimaliyevning tegishli qaroriga tayangan holda 24.kg xabar bermoqda.

Hujjatga muvofiq, «ElKat» maʼlumotlarni uzatish tarmoqlarini ulash, shuningdek, trafikni oʻtkazish va tranzit qilishni taʼminlash boʻyicha muddatsiz huquqqa ega boʻldi. Qirgʻizistonda faoliyat yuritayotgan boshqa telekommunikatsiya operatorlariga xalqaro aloqa kanallarini ijaraga olish boʻyicha amaldagi shartnomalarni ushbu monopolistga topshirish hamda kelgusida isteʼmolchilarga internetga ulanish xizmatlarini faqat «ElKat» texnik infratuzilmasi orqali koʻrsatish tavsiya etildi.

Yuqorida koʻrsatilgan masalalarni hal etish uchun kompaniyalarga hukumat qarori kuchga kirgan kundan boshlab 60 kundan ortiq boʻlmagan muddat beriladi.

Davlat korxonasiga respublika aloqa bozorini nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda iqtisodiy jihatdan asoslangan va shaffof tarif siyosatini ishlab chiqish hamda tasdiqlash ham topshirildi. Bunda barcha aloqa operatorlari uchun shartlar bir xil boʻlishi kerak.

Vazirlar mahkamasining tushuntirishicha, «ElKat» kompaniyasiga alohida vakolatlar berish toʻgʻrisidagi qaror raqamli suverenitetni mustahkamlash, strategik axborot oqimlari ustidan davlat nazoratini taʼminlash hamda milliy xavfsizlik zarurati bilan izohlanadi.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov internetga vaqtinchalik monopoliya joriy qilgan edi. 2025-yil 15-avgustdan 2026-yil 14-avgustgacha xalqaro trafikni yetkazib berish va taqdim etish yagona operator — «ElKat» orqali amalga oshirildi. Davlat rahbari ishlar boshqarmasida bu qadam xavfsizlikni taʼminlash va davlat korxonasi daromadlarini oshirish istagi bilan bogʻlandi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, sinov davrida trafik hajmi soniyasiga 1,7 terabitgacha koʻtarildi. Shu bilan birga, ulgurji tarif soniyasiga 1 megabit uchun $0,75 miqdorida belgilandi.

Biroq deputatlar va IT sohasi ekspertlari respublika rahbariyatining qarorida qator kamchiliklarni koʻrsatdi. Jumladan, agar trafik bir kompaniya orqali oʻtsa, har qanday yirik avariya oqibatida mamlakat internetsiz qolish xavfi ostida boʻladi. Bundan tashqari, bozorda raqobat boʻlmasa, maʼlumotlarni uzatish tezligi va aloqa sifati pasayib ketishi mumkin. Kelgusida monopolist provayderlar uchun narxlarni oshirishi ham ehtimoldan xoli emas. Kamchiliklar qatorida monopol sharoitda hukumat uchun nomaqbul sayt va servislarni bloklash ancha osonlashishi ham qayd etildi.

«ElKat» kompaniyasi 1994-yilda tashkil etilgan. Korxonaning 51 foizi prezident Ishlar boshqarmasiga, 49 foizi esa «Kompyuter texnologiyalari markazi»ga tegishli boʻlgan. Keyinchalik markaz oʻz ulushini «Aykol-5» kompaniyasiga topshirgan. 2000-yillardayoq aloqa operatori toʻliq xususiy qoʻllarga oʻtgan edi.

2025-yil fevralida korrupsiyaviy mojaro avj oldi. Tergov «ElKat» rahbariyatini hukumat tizimidagi aloqalaridan foydalanib, hech qanday tovon puli toʻlamasdan, davlat rahbarining ishlar boshqarmasini taʼsischilar tarkibidan noqonuniy chiqarib yuborganlikda aybladi. Kompaniya bosh direktori va ikki taʼsischisi hibsga olindi. Ushbu shaxslarga nisbatan chiqarilgan hukm toʻgʻrisida hozircha maʼlum qilinmagan. 2025-yil mart oyi oxirida esa «ElKat» yana davlat mulkiga qaytarildi.