Qozog‘iston Qashag‘an operatoridan undirilishi kerak bo‘lgan milliardlab tengelik ekologik jarimani undirishni to‘xtatdi

ncoc.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston Qashag‘an kon operatori North Caspian Operating Company (NCOC) kompaniyasidan 2,3 trillion tenge (qariyb 5 milliard dollar) miqdoridagi ekologik jarimani undirish bo‘yicha ijro ishini to‘xtatdi, deb xabar beradi «Interfaks-Qozog‘iston» axborot agentligi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ijro ishi 7 sentyabr kuni to‘xtatilgan. Bu haqda Adliya vazirligi bazasidagi ma’lumotlar dalolat beradi. Ish nima sababdan to‘xtatilgani haqida ma’lumot berilmagan.

Gap Qozog‘iston hukumati 2023 yilda Qashag‘an konida oltingugurtni ruxsat etilgan hajmdan ortiq saqlagani uchun NCOC kompaniyasiga solgan jarima haqida bormoqda. Konsorsium qo‘yilgan da’volarni tan olmagan va 5 milliard dollarlik jarimani to‘lashdan bosh tortib, uni xalqaro arbitrajda bahslashgan.

Joriy yil iyul oyida UNCITRAL arbitraj tribunali ish bo‘yicha ta’minlov chorasi to‘g‘risida qaror chiqarib, nizo ko‘rib chiqilishi yakunlangunga qadar Qozog‘istonga majburiy undirish choralarini qo‘llashni taqiqlagan. Respublika Adliya vazirligi esa jarima qonuniy ekanini va milliy sudlar qarorlari bilan tasdiqlanganini ma’lum qilgandi.

Vazirlik qo‘shimcha qilishicha, Qozog‘iston sudining qarori 20 iyulga qadar ixtiyoriy ravishda ijro etilishi kerak edi. Ushbu muddat tugaganidan so‘ng hukumat majburiy undirish choralarini qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi. 25 iyul kuni Qozog‘iston hukumati North Caspian Operating Company kompaniyasining mol-mulki va transport vositalariga taqiq qo‘ygani ma’lum bo‘ldi.

NCOC tomonidan o‘zlashtirilayotgan Qashag‘an koni so‘nggi o‘n yilliklarda dunyoda ochilgan eng yirik neft konlaridan biri hisoblanadi. Unda tijoriy neft qazib olish 2016 yildan buyon amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda konning o‘zlashtirilgan sharqiy qismida kuniga qariyb 450 ming barrel neft qazib olinmoqda. NCOC joriy yilda qazib olish hajmini kuniga taxminan 500 ming barrelga, 2031 yilga borib esa 710 ming barrelga yetkazishni rejalashtirmoqda.

North Caspian Operating Company konsorsiumi tarkibiga Shell, Eni, TotalEnergies, ExxonMobil, CNPC, Inpex va milliy «QazMunayGaz» kompaniyasi kiradi.

Ta’kidlash joiz, ekologik nizo Qozog‘iston hukumati va Qashag‘an operatori o‘rtasidagi kengroq ko‘lamdagi nizolarning bir qismidir. Respublika hukumati so‘nggi yillarda kon o‘zlashtirilayotgan mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim shartlarini qayta ko‘rib chiqishga erishishga harakat qilmoqda. Bunda loyihani amalga oshirish jarayonida ehtimoliy qoidabuzarliklar, korrupsiya va atrof-muhitga yetkazilgan zararni sabab sifatida keltirmoqda.