Qozog‘iston AES qurilishi bo‘yicha Rossiya bilan shartnoma imzoladi

gov.kz sayti fotosurati

«Rosatom» va «Qozog‘iston atom elektr stansiyalari» kompaniyasi Qozog‘istonda «Balxash» AESini qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi, deb xabar beradi TASS. Hujjat Sharqiy iqtisodiy forumi (SHIF) doirasida imzolandi.

AESni Olmaota viloyati Jambil tumanidagi Ulken qishlog‘i yaqinida qurish rejalashtirilgan. Stansiya umumiy elektr quvvati 2400 MVt bo‘lgan ikkita energoblokdan iborat bo‘ladi. Qurilish ishlarini 2027 yilda boshlash kutilmoqda, birinchi energoblokni esa ishlar boshlanganidan keyin o‘n yil ichida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

«Imzolangan hujjat Qozog‘iston bilan hamkorligimizning yangi bosqichini boshlab beradi. Yaqin vaqt ichida «Rosatom» oldida loyihalash ishlarini amalga oshirish va uskunalar yetkazib beruvchi kompaniyalardan iborat xalqaro konsorsium tuzish vazifasi turibdi. Bunda loyihaning barcha bosqichlarida biz asosiy vazifaga qat’iy amal qilamiz: xavfsizlik va samaradorlik bo‘yicha eng qat’iy xalqaro talablarga javob beradigan energobloklarni qurish va foydalanishga topshirish bo‘yicha», — dedi «Rosatom» rahbari Aleksey Lixachyov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya atom texnologiyalari Qozog‘istonning energetik mustaqilligi va barqaror rivojlanishi uchun asos bo‘lishi kerak.

Qozog‘iston Atom energiyasi agentligi rahbari Almasadam Satkaliyev esa Ostona qurilishni boshlash uchun zarur bo‘lgan davlat ichidagi tartib-taomillarni, jumladan, «tegishli litsenziya berish» jarayonini amalga oshirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Satkaliyev, shuningdek, birinchi energoblokni qurilish boshlanganidan so‘ng o‘n yil ichida yakunlash va foydalanishga topshirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. U avvalroq birinchi energoblokni 2034 yilda ishga tushirish kutilayotganini aytgan edi.

Stansiya qurilishi jarayonida yangi ish o‘rinlari yaratish va Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan qurilish materiallari hamda konstruksiyalaridan imkon qadar keng foydalanish rejalashtirilmoqda. Buning uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar reyestri shakllantirilmoqda.

«Balxash» AESini qurish qiymati taxminan 16,4 milliard dollarga baholanmoqda.

ℹ️ 2025 yil bahorida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatda uchta AES qurish zarurligini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «o‘n yillar davomida rivojlanish uchun asos yaratadigan yangi energetika sohasini tashkil etish» imkonini beradi.

Olmaota viloyatining Ulken qishlog‘ida birinchi AESni Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasi qurishi rejalashtirilgan. Ikkinchi stansiya uchun ham mamlakat janubidagi hudud — Olmaota viloyati Jambil tumani tanlangan. Ushbu loyiha uchun ustuvor pudratchi sifatida Xitoyning CNC kompaniyasi ko‘rib chiqilmoqda. Uchinchi stansiyani joylashtirish uchun esa kichik va o‘rta quvvatli reaktorlardan foydalanish rejalashtirilgan bo‘lib, G‘arbiy Qozog‘istondagi Kaspiy dengizi sohili ko‘rib chiqilmoqda.