Sun’iy intellekt uchun chiplar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniya — Amerikaning Nvidia kompaniyasi choraklik daromad bo‘yicha rekord natijani qayd etdi va jahon sun’iy intellekt sanoati rivojlanishida hal qiluvchi burilish nuqtasiga kirganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniyaning matbuot relizida aytiladi, shuningdek, ma’lumotlar CNBC telekanali keltirgan raqamlar bilan ham tasdiqlanadi.
Kaliforniya shtatidagi Santa-Klara shahrida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya 2026 yil 26 avgust kuni 26 iyulda yakunlangan 2027 moliyaviy yilining ikkinchi choragi bo‘yicha 96,2 milliard dollarlik daromad haqida hisobot berdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 106 foizga, avvalgi chorakka nisbatan esa 18 foizga ko‘p. Bu haqda Nvidia'ning rasmiy matbuot relizida ma’lum qilingan.
Kompaniyaning sof foydasi 126 foizga oshib, 59,7 milliard dollarga yetgan. Daromadning asosiy qismi — 89 milliard dollar, ya’ni umumiy tushumning qariyb 92 foizi — sun’iy intellekt tizimlarini o‘qitish va ishlatish uchun chiplar yetkazib beruvchi data-markazlar bo‘linmasi hisobiga to‘g‘ri kelgan. CNBC ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkich yillik hisobda 117 foizga oshgan.
Nvidia asoschisi va bosh direktori Jensen Xuang hisobot bilan birga tarqatilgan bayonotida sun’iy intellekt «burilish nuqtasiga yetgani»ni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, SI endi foydali ishlarni bajarayotgani, hisoblash quvvatlari esa xarajat emas, balki daromad manbaiga aylangani bu jarayonni tezlashtirmoqda.
«Talab ham jadal sur’atda o‘smoqda. Bir yil avval infratuzilmani rivojlantirish yukini amalda bitta laboratoriya ko‘targan bo‘lsa, bugun biz yangi SI laboratoriyalari va startaplarining oltin davrini ko‘ryapmiz. Bir nechta ilg‘or laboratoriyalar bir vaqtning o‘zida masshtablashmoqda, ochiq modellar ekotizimi rivojlanmoqda, jismoniy SI esa bozorga chiqmoqda — AQSHda ham, butun dunyoda ham kuchli dinamika kuzatilmoqda», — dedi Xuang.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «sun’iy intellekt uchun infratuzilma qurilishi to‘liq quvvatda davom etmoqda», yangi Vera Rubin platformasi esa aynan shu davr uchun yaratilgan.
Kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, bir yil avval SI infratuzilmasiga bo‘lgan talab deyarli to‘liq bitta yirik mijozning xaridlari hisobiga ta’minlangan. Hozir esa xaridorlar bazasi startaplar, ochiq modellar va robotlar hamda avtonom transport kabi jismoniy tizimlarda sun’iy intellektdan foydalanishning yangi yo‘nalishlari hisobiga keskin kengaygan.
Nvidia moliya direktori Kollett Kress investorlar bilan telefon konferensiyasida kompaniya hali ham «yetkazib berish imkoniyatlari bilan cheklangani»ni aytdi. Uning bahosiga ko‘ra, agar ishlab chiqarish quvvatlari yetishmasligi bo‘lmaganida, kompaniya kelgusi moliyaviy yilda daromadini ikki baravarga oshirishi mumkin edi.
Bu bayonotlar fonida Nvidia 2027 moliyaviy yilining uchinchi choragi uchun 108 milliard dollarlik daromad prognozini berdi. Agar prognoz amalga oshsa, bu kompaniya tarixida birinchi marta bir chorakdagi tushum 100 milliard dollardan oshishini anglatadi. Kompaniya kelgusi moliyaviy yilda daromad 70 foizga o‘sishini kutmoqda — bu Uoll-strit tahlilchilari prognozlaridan yuqori.
Uchinchi chorak prognoziga kompaniya Xitoyga data-markazlar uchun chiplar sotuvidan tushadigan daromadni an’anaviy tarzda kiritmagan. Bu AQSHning Xitoyga ilg‘or yarimo‘tkazgichlar eksportiga nisbatan davom etayotgan cheklovlari bilan bog‘liq. TIKR ma’lum qilishicha, agar Xitoyga chiplar sotuvi amalga oshsa, investorlar buni prognozda hisobga olinmagan qo‘shimcha daromad sifatida qabul qiladi.
Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Nvidia Xitoyga H200 chiplarini yetkazib berishni boshlagan. ByteDance va Tencent kompaniyalari taxminan 10 mingtadan protsessor olgan. Biroq, bu hajm Xitoy bozorining ehtimoliy ko‘lamiga nisbatan hali juda kichik. KeyBanc tahlilchisi Jon Vin ushbu bozorni 1,5 millionta chip yoki taxminan 30 milliard dollarlik daromad deb baholamoqda.
Hisobot e’lon qilingan kuni Nvidia va Amazon Web Services (AWS) — Amazonning bulutli xizmatlar bo‘linmasi — strategik hamkorlikni kengaytirishini ma’lum qildi. AWS 2027–2028 yillarda qo‘shimcha 2 millionta Nvidia grafik protsessorini joylashtiradi. Ular orasida Blackwell Ultra, Rubin va Rubin Ultra avlodlariga mansub chiplar ham bo‘ladi.
Yana 100 mingta chip AQSH hukumati va milliy xavfsizlik vazifalariga xizmat qiladigan himoyalangan infratuzilmani yaratish uchun ajratiladi.
Rekord darajadagi ko‘rsatkichlar va tahlilchilar kutganidan yuqori prognozlarga qaramay, bozorning hisobotga munosabati bir xil bo‘lmadi. Nvidia aksiyalari asosiy savdo sessiyasi yopilganidan keyingi elektron savdolarda dastlab biroz pasaydi. Ayrim moliyaviy nashrlar kompaniya natijalarini juda kuchli deb baholagan bo‘lsa-da, ular investorlarni kutilgan darajada ruhlantirmaganini qayd etdi.
Keyinroq Kollett Kress 108 milliard dollarlik daromad prognozini e’lon qilib, AWS bilan kelishuv haqida ma’lum qilganidan so‘ng, kompaniya aksiyalari o‘sdi. Sky News ma’lumotlariga ko‘ra, elektron savdolarda o‘sish 4 foizgacha yetgan.
ℹ️ Nvidia hozir ham bozor kapitalizatsiyasi bo‘yicha dunyodagi eng yirik ommaviy kompaniya bo‘lib qolmoqda va S&P 500 indeksidagi ulushi 7 foizdan ortiq. Shu sababli uning moliyaviy natijalari butun jahon sun’iy intellekt iqtisodiyoti holatining muhim ko‘rsatkichi hisoblanadi.



