Yevroittifoq Qirgʻiziston kriptoplatformalariga qarshi cheklovlar tayyorlamoqda

Yevropa Ittifoqi Qirgʻizistonda roʻyxatdan oʻtgan kriptovalyuta platformalari va kriptoxizmat koʻrsatuvchilar bilan operatsiyalarni taqiqlashni koʻrib chiqmoqda. Bunday chora Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 22-paketi loyihasiga kiritilgan, deya taklif etilayotgan hujjatlar bilan tanishib chiqqan tahririyatga tayanib RFE/RL xabar bermoqda.

Cheklovlar qabul qilingan taqdirda, ular YEI fuqarolari va kompaniyalariga taalluqli boʻladi. Taklif Qirgʻiziston kriptosektorini toʻliq qamrab oladi hamda har bir platformani sanksiyalar roʻyxatiga alohida kiritmasdan turib, ular bilan amaliyotlarni taqiqlash imkonini beradi. Paketni tasdiqlash uchun Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati tomonidan bir ovozdan qaror qabul qilinishi zarur.

RFE/RL iqtibos keltirgan loyihada taʼkidlanishicha, Qirgʻiziston kriptovalyutalar orqali Yevropa sanksiyalarini chetlab oʻtishning xalqaro markaziga aylanib qolgan. Hujjat mualliflari, shuningdek, Qirgʻiziston rasmiylari bunday operatsiyalar haqidagi ommaviy xabarlar va Yevrokomissiya murojaatlariga qaramay, ularni bartaraf etishni tizimli ravishda taʼminlamaganliklarini bildirishmoqda.

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen 23-noyabr kuni paketni taqdim etar ekan, Rossiya va cheklovlarni chetlab oʻtishga yordam berayotgan uchinchi mamlakatlardagi kriptovalyuta hamda toʻlov tarmoqlariga qarshi choralarni kuchaytirish niyatini eʼlon qildi. U, shuningdek, kriptovalyuta sanksiyalari boʻyicha maxsus guruh tuzilgani haqida maʼlum qildi. Uning rasmiy bayonotida Qirgʻiziston tilga olinmagan.

Butun bir mamlakatning kriptosektoriga qarshi cheklovlar joriy etish huquqiy imkoniyatini Yevropa Ittifoqi 2026-yilning iyul oyida, 21-sanksiyalar paketini qabul qilishda nazarda tutgan edi. Oʻshanda YEI bir nechta davlatlarda, jumladan, Qirgʻizistonda joylashgan va kriptovalyutalar bilan bogʻliq boʻlgan 14 ta platforma bilan operatsiyalar oʻtkazish taqiqini kengaytirgandi.