O‘zbekistonda kichik GESlar qurilishi rejadan ortda qolayotgani sababli investorlar uchun shartlar o‘zgartiriladi

O‘zbekiston Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekistonda kichik gidroenergetika sohasida xususiy investorlar uchun shartlar rejalashtirilgan ko‘rsatkichlar sezilarli darajada ortda qolayotgani sababli qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevga kichik va mikroGESlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlar taqdimotida ma’lum qilindi.

Majlisda ta’kidlanicha, xususiy sektor ishtirokida mamlakatda umumiy quvvati 164 MVt bo‘lgan qariyb 3000 ta kichik va mikroGES qurish rejalashtirilgan. Biroq, hozirga qadar quvvati 41,6 MVt bo‘lgan atigi 64 ta obyekt foydalanishga topshirilgan — bu rejaning chorak qismi, xolos. 3000 ta loyihadan faqat 932 tasi bo‘yicha tashabbuskorlar aniqlangan.

Jahon banki ishtirokida ajratilgan 150 million dollarlik imtiyozli mablag‘lar o‘zlashtirilishi sur’ati pastligicha qolmoqda. Tadbirkorlar va investorlarda stansiyalarni qurish shartlari hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini realizatsiya qilish bo‘yicha ko‘plab savollar mavjud.

Shu munosabat bilan qurilishni rag‘batlantirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar taklif etildi.

Jumladan, auksionlarda loyihaning boshlang‘ich narxi bilan birga elektr energiyasini xarid qilish tarifining eng quyi chegarasini belgilash, tariflarni stansiya quvvatiga qarab tabaqalashtirish taklif qilindi. Bu “nol” qiymatda yutib olingan, ammo amalga oshirilmay qolgan loyihalar muammosini hal etib, investorlar uchun aniq va barqaror shart-sharoit yaratadi.

Quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan mikroGESlar uchun loyihalash va qurilishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Quvvati 50 kVtgacha bo‘lgan loyihalar shaharsozlik hujjatlarining ekspertizasidan hamda davlat arxitektura-qurilish nazoratidan ozod qilinadi.

Qo‘shimcha suv bosimini hosil qilish uchun kanallar, daryolar va o‘zanlar konstruksiyasini o‘zgartirishga ruxsat beriladi.

Suv xo‘jaligi obyektlarida kichik va mikroGESlarni o‘z ehtiyojlari uchun auksion o‘tkazmasdan qurish mumkin bo‘ladi.

Loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun jarayonning barcha bosqichlarini — mos maydonlarni aniqlashdan tortib stansiyalarni ishga tushirish va ulardan keyingi foydalanishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oluvchi raqamli platforma ishga tushiriladi. Shuningdek, kichik GESlarni loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha yagona uslubiy qo‘llanma hamda xususiy sektor ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirishning alohida tartibini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Sohadagi asosiy muammolardan biri importga yuqori darajada qaramlik bo‘lib qolmoqda: kichik va mikroGESlar uchun gidroagregatlar hamda butlovchi qismlarning qariyb 90 foizi xorijdan keltiriladi. Shu bois ishlab chiqarilishi mahalliylashtirilishi lozim bo‘lgan gidroagregatlar va butlovchi qismlarning aniq ro‘yxati shakllantiriladi. Tadbirkorlarga 46 ta kichik va mikroGES qurgan «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatining tajribasi tanishtiriladi, ularga loyihalash, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish va uskunalar yetkazib berish bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, O‘zbekistondagi daryolar va kanallar tarmog‘ining umumiy uzunligi 173 ming kilometrdan oshadi. Kichik va mikroGESlar qurish uchun beton bilan qoplangan kanallarda alohida salohiyat mavjud. Mas’ul idoralarga bunday obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish va loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha maydonlarni aniqlash topshirildi.

2030 yilga qadar kichik va mikroGESlarning o‘rnatilgan quvvatini 204,8 MVtga, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini esa 620 mln kVt·soat ekologik toza elektr energiyasiga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu 350 mingta xonadonni “yashil” energiya bilan ta’minlash, yiliga 187 million kub metr tabiiy gazni tejash va atmosferaga 311 ming tonna karbonat angidrid chiqarilishining oldini olish imkonini beradi.