Tojik-afg‘on chegarasidagi qurolli to‘qnashuv natijasida ikki nafar afg‘onistonlik kontrabandachi yo‘q qilindi. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) ma’lumotlariga tayanib, «Aziya-Plyus» nashri xabar berdi.
Hodisa Jayhun tumani Panj qishloq jamoasining Fathobod chegara hududida sodir bo‘lgan. Afg‘onistonning Taxor viloyati Imom-Sohib tumani Barzangi qishlog‘ida tug‘ilgan ikki nafar fuqaro Tojikiston hududiga noqonuniy ravishda kirgan. Kuch ishlatar tuzilmalari xodimlari qoidabuzarlardan taslim bo‘lishni talab qilgan, biroq ular talabni bajarmay, qurolli qarshilik ko‘rsatgan. Natijada har ikki kontrabandachi o‘ldirilgan.
Chegaradagi to‘qnashuv aynan qachon sodir bo‘lgani idora tomonidan aniqlashtirilmagan.
Hodisa joyidan Kalashnikov avtomati, Makarov pistoleti, 17 kilogramm gashish solingan ikki ryukzak, shuningdek, boshqa buyumlar topilib, musodara qilingan. Mazkur holat yuzasidan bir nechta modda bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. Ular qatoriga o‘ta yirik miqdorda giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi, kontrabanda, noqonuniy migratsiyani tashkil etish va o‘qotar qurollarni noqonuniy muomalaga kiritish kabi jinoyatlar kiradi. Tergov davom etmoqda.
Tojik-afg‘on chegarasi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi nuqtayi nazaridan Markaziy Osiyodagi eng keskin hududlardan biri bo‘lib qolmoqda. Tojikiston Narkotiklarni nazorat qilish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida afg‘onistonlik kontrabandachilar bilan sodir bo‘lgan yettita qurolli to‘qnashuv natijasida Afg‘onistonning 17 nafar fuqarosi o‘ldirilgan. Shu davrda qo‘shni davlatning 18 nafar fuqarosidan 601 kilogramm giyohvandlik vositasi musodara qilingan.
Umuman, yilning birinchi yarmida Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasida 1513 kilogramm giyohvandlik vositasi musodara qilingan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 179 kilogrammga kam. Respublika bo‘yicha olti oy davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jami 2963 kilogramm giyohvandlik vositasi musodara qilingan — bu 2025 yildagi ko‘rsatkichdan 143 kilogramm, ya’ni 5 foizga kam.



