Tojikiston Erondan 2,5 million tonna neft va neft mahsulotlarini yetkazib berishni so‘radi

Yoqilg‘i ortilgan vagonlar. asiaplus.news sayti fotosurati

Tojikiston ichki bozorda yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq muammolar fonida Erondan 2,55 million tonna xom neft va neft mahsulotlarini yetkazib berishni so‘radi. Bu haqda Tojikiston Transport vazirligi ma’lum qildi.

So‘ralgan hajm tarkibiga 2 mln tonna xom neft, 300 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 150 ming tonna benzin va 100 ming tonna aviatsiya yoqilg‘isi kiradi. Ularni tashish uchun taxminan 51 mingta temir yo‘l vagoni talab etiladi.

Masala 15 avgust kuni Tehronda Tojikiston Transport vaziri Azim Ibrohim va Eron Yo‘llar va shaharsozlik vaziri Farzona Sodiq o‘rtasidagi muzokaralarda muhokama qilingan.

Ibrohimning ta’kidlashicha, geosiyosiy vaziyat tufayli Tojikistonga yoqilg‘i yetkazib berish hajmi qisqargan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari respublika yoqilg‘ining 80 foizdan ortig‘ini Rossiyadan olgan, endi esa Dushanbe muqobil manbalardan foydalanishni yanada kengaytirish niyatida.

Tojikiston tomoni Erondan yoqilg‘i tashish uchun vagon-sisternalardan maxsus poyezd tarkiblarini shakllantirish va ularni mamlakat temir yo‘llari orqali ustuvor tarzda o‘tkazish uchun «yashil koridor» tashkil etishni so‘ragan.

Bundan tashqari, Dushanbe Eronning Chobahor portidagi «Tojikiston» logistika markazi uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratish, tojikistonlik avtotashuvchilarning muammolarini hal qilish, shuningdek, Eronga reyslarni amalga oshirishni rejalashtirayotgan Somon Air aviakompaniyasi samolyotlariga xizmat ko‘rsatish, yoqilg‘i quyish va sug‘urtalash bo‘yicha chegirmalar berishni so‘ragan.

Farzona Sodiq ko‘tarilgan masalalarni hal etishga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirgan. Buning uchun tomonlar idoralararo ishchi guruhlarni jalb etishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq, Tojikiston va Eron neft mahsulotlari va xom neft, jumladan, Tojikistondagi neftni qayta ishlash zavodlari uchun yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli kelishuvni tayyorlashni boshlashga kelishib olgan edi.

ℹ️ Muzokaralar Tojikistonda yoqilg‘i taqchilligi va Rossiyadan yetkazib berish hajmining qisqarishi fonida o‘tkazilmoqda. 2026 yilning birinchi yarmida respublika neft mahsulotlari importining 90 foizdan ortig‘i Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Biroq, iyul oyida Rossiyadan yetkazib berish hajmining kamayishi tufayli vaziyat murakkablashdi. Rossiya dronlar hujumlari fonida neftni qayta ishlash zavodlarida motor yoqilg‘isi taqchilligiga duch kelgan. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida Rossiyadan Tojikistonga avtobenzin jo‘natmalari ikki baravarga kamayib, iyun oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 14,1 ming tonnani tashkil etgan. Aviatsiya kerosini yetkazib berish to‘xtagan, dizel yoqilg‘isi yetkazib berish esa 2 foizga qisqarib, 30 ming tonnaga tushgan.

Natijada Tojikiston shu yozda Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan yoqilg‘i xaridini uch baravar oshirib, 34 ming tonnaga yetkazdi. Qo‘shni davlatlardan benzin xaridi 13,8 ming tonnaga, dizel yoqilg‘isi xaridi esa 17,6 ming tonnaga yetdi. Qozog‘iston, Turkmaniston, Belarus, Iroq va Erondan neft mahsulotlarini qo‘shimcha yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.