Go‘yoki hech qachon cho‘kmas va nihoyatda qudratli hisoblangan Qamchibek Tashiyevning amal kursisidan shiddat bilan qulashi — aniqrog‘i, hokimiyatdan chetlatilishi — zamonaviy Qirg‘iziston tarixidagi muhim bir bosqichga yakun yasadi.
Mamlakatdagi ikkinchi eng qudratli shaxsning lavozimdan olinishi va shundan so‘ng Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) ta’sirining susaytirilishi mazmuni juda aniq: endi Qirg‘izistonda qaror qabul qiladigan faqat bitta markaz qolishi kerak.
2026 yil bahori va yoziga qadar mamlakatdagi hokimiyat Japarov — Tashiyev tandemi ichidagi nozik muvozanatga tayanib kelgandi: prezident ijro hokimiyati tizimi va parlamentni nazorat qilar, MXDQ raisi esa kuch ishlatuvchi tuzilmalar hamda o‘zining siyosiy tayanch doirasini boshqarar edi.
Bu tuzilma, ochiq-oshkora bo‘lmaganiga qaramay, muhim bir vazifani bajarardi — u hamkorlardan birortasining yakka tartibda hokimiyatni to‘liq egallashga urinishini jilovlab turardi.
Biroq, avtoritar tuzum shakllanishining klassik mantig‘iga ko‘ra, hokimiyatga birgalikda kelgan ittifoqchilar ertami-kechmi yagona kuch markazi bo‘lib qolishni istagan rahbar uchun asosiy tahdidga aylanadi. Kuch ishlatuvchi idoralar rahbariyatining almashtirilishi oddiy kadrlar siyosati emas, balki elitalarga yuborilgan signaldir: mamlakatda endi ikkinchi ta’sir markazi yo‘q va bo‘lmaydi ham.
Japarovning yoshi bu voqeani mahalliy siyosiy o‘yinni kelgusi o‘n yilliklarga daxldor masalaga aylantiradi. Prezident 1968 yil 6 dekabrda tug‘ilgan, demak, hozir u 57 yoshda. Sobiq sovet hududidagi siyosiy amaliyot nuqtayi nazaridan, bu — hokimiyatni tark etish emas, balki uni yanada mustahkamlash uchun eng qulay davrdir. Islom Karimov O‘zbekistonni 25 yil boshqargan, Vladimir Putin esa Rossiyada chorak asrdan ziyod vaqtdan beri hokimiyat tepasida turibdi. 2021 yil yanvardagi ommaviy siyosiy voqealar ortidan prezidentlikka kelgan Japarov uchun ham, nazariy jihatdan, xuddi shunday uzoq siyosiy istiqbol mavjud — agar uni cheklay oladigan institutsional to‘siqlar qolmagan bo‘lsa.
Va bugun aynan shunday muhit yaratildi: parlament prezidentga sodiq tizim asosida shakllantirildi, Konstitutsiya prezident vakolatlarini kuchaytirish maqsadida o‘zgartirildi, hokimiyatdagi sobiq «do‘st va safdosh» esa siyosiy maydondan chetlatildi.
2005, 2010 va 2020 yillardagi uch inqilobdan keyin davlat rahbarlarini almashtira olishi bilan faxrlangan mamlakat endi mutlaqo boshqa yo‘lga — muddati aniq ko‘rinmaydigan uzoq yakka hukmronlik ssenariysiga qadam qo‘ymoqda. Navbatdagi prezident saylovi rasman 2027 yil yanvarga belgilangan. Biroq, uni muddatidan oldin o‘tkazish haqidagi muhokamalar tashabbuskorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganining o‘ziyoq Qirg‘izistonda prezidentlik muddati masalasi endi erkin siyosiy bahs mavzusi emasligini ko‘rsatadi.
Yaqin-yaqinlargacha Qirg‘izistonni — ba’zan ehtiyotkorlik bilan, ba’zan esa oshirib baholagan holda — Markaziy Osiyoning «demokratiya orolchasi» deb ta’riflashardi. Bu yerda prezidentlar almashar, parlament ijro hokimiyati bilan bahslasha olar, jurnalistlar va nodavlat notijorat tashkilotlari qo‘shni mamlakatlarga nisbatan ancha erkin faoliyat yuritardi. 2026 yil yoziga kelib esa bu obro‘dan tobora kam narsa qolmoqda. Nuqsonlariga qaramay raqobat mavjud bo‘lgan siyosiy tizim o‘rnida postsovet makoniga xos navbatdagi shaxsga bog‘liq boshqaruv rejimi shakllanmoqda. Bir siyosiy davr sikl uchun emas, balki butun bir avlod davomida saqlanib qolishni ko‘zlaydigan tizim paydo bo‘lmoqda.
Agar hozirgi siyosiy yo‘nalish saqlanib qolinsa, Japarov hokimiyatda o‘n besh, yigirma, hatto o‘ttiz yilgacha qolishi ham ehtimoldan xoli emas.
Bu mamlakat uchun shunchaki siyosiy uslubning o‘zgarishi emas. Bunday shaxsga tayangan boshqaruv tizimlari odatda ma’lum bir oqibatlarga olib keladi: jamoatchilik maydonining torayishi va mustaqil ommaviy axborot vositalarining siqib chiqarilishi, iqtisodiyotning prezidentga yaqin doiralar manfaatiga bo‘ysundirilishi, sudlar va parlamentning mustaqil institut sifatida zaiflashishi, bilimli yoshlarning mamlakatni tark etishi hamda tashqi homiyga qaramlikning ortib borishi bilan.
Shaxsga tayangan diktaturalar ularning asoschisi tirik va hokimiyatni boshqara olishga qodir bo‘lgan vaqtgacha mustahkam ko‘rinadi. Ular parlament tizimlari kabi asta-sekin yemirilmaydi. Odatda, bunday tuzumlar tez va bir yo‘la qulab tushadi — atrofida shakllangan sadoqat piramidasiyu, kuchlar muvozanati va xufyona kelishuvlari bilan birga.
Siyosiy tizimini shu modelga bog‘layotgan Qirg‘iziston uning asosiy nuqsonini ham meros qilib oladi: hokimiyat vertikali qanchalik bir prezident atrofida jipslashsa, kelajakda uning parchalanishi ham shunchalik evolyutsion emas, balki og‘riqli silsilalar bilan kechadi.
-
24 iyul24.07Rog‘un italyancha aksent bilanNega Italiya o‘z mablag‘i yo‘q Tojikistonning eng yirik qurilish loyihasini moliyalashtirayotgani haqida -
23 iyul23.07Qozog‘iston taqdiri bilan bog‘liq quvurQora dengizdagi tankerlarga qilingan hujumlar Qozog‘iston neft eksportini qanday qilib to‘xtatib qo‘ygani haqida -
13 iyul13.07VideoMarkaziy Osiyoda maishiy zo‘ravonlik markaziRossiyalik bloger Qozog‘istondagi maishiy zo‘ravonlik haqida film suratga oldi -
07 iyul07.07VideoKechikkan vidolashuvEron to‘rt oy avval halok bo‘lgan Ali Xomanaiyni so‘nggi yo‘lga kuzatmoqda -
22 iyun22.06Frantsiyaning Oʼzbekistondagi elchisi Valid Fuk:«Biz Markaziy Osiyoni munosabatlarimiz markaziga qaytarishni istaymiz» -
17 iyun17.06Oila nomi bilan atalgan to‘g‘onTojikistonda qurilayotgan dunyodagi eng baland to‘g‘on mamlakatning o‘z mablag‘lari yetarli bo‘lmagan sharoitda va xorijiy kreditlar hisobidan amalga oshirilmoqda



