«O‘zbekfilm» kinostudiyasi jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan, unga bankrotlik xavf solmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari — Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedovning Instagram'dagi xabarida so‘z yuritilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zbekfilm»ning kredit majburiyatlari 22,9 million yevroni tashkil etadi. Ushbu kredit ta’minoti sifatida studiyaning mol-mulki, jumladan, yer uchastkalari garovga qo‘yilgan. Bundan tashqari, 1 milliard so‘mdan ortiq (taxminan 83 ming dollar) miqdorida to‘planib qolgan soliq qarzdorligi tufayli kinostudiya balansida bo‘lgan 12 ta avtotransport vositasi 12 kun ichida auksion orqali sotilishi mumkin. Shuningdek, xodimlar oldida ish haqi bo‘yicha katta miqdorda qarzdorlik mavjudligi ham qayd etilgan.
Studiyaning moliyaviy ahvoli tang, deb baholanmoqda.
«Agar studiya yiliga kamida 60 milliard so‘mlik ($5 million) buyurtmalarni bajarmasa, o‘zini saqlab turolmaydi», — deb ta’kidlaydi Ahmedov.
Kinematografiya agentligi rahbarining qayd etishicha, kinostudiyada biznes-model mavjud emas, bozor mexanizmlariga o‘tish jarayoni esa yakunlanmagan. Amalda studiya davlat buyurtmasiga qaram bo‘lib qolgan.
Ahmedovning fikricha, muammo faqat moliyaviy ko‘rsatkichlar bilan cheklanmaydi. U yuzaga kelgan vaziyatni o‘zbek kinosi asriy tarixi, uning obro‘si va kelajagi uchun tahdid deb atagan.
«Shuning uchun bugungi vazifa — studiyani shunchaki saqlab qolish emas. Uni tubdan isloh qilish zarur», — deb yozadi Ahmedov.
U «O‘zbekfilm» negizida moliyaviy jihatdan barqaror, zamonaviy boshqaruv tizimiga ega, xususiy investitsiyalarni jalb qiladigan va xalqaro hamkorlikni rivojlantiradigan milliy kinokompaniya tashkil etishni taklif qiladi. Ahmedov ta’kidlashicha, bunday tuzilma o‘z mahsuloti bilan bozorga chiqishi kerak.
U, shuningdek, milliy kinostudiya maqomiga alohida to‘xtaladi. Bu maqom 2026 yil may oyining oxirida O‘zbekiston prezidenti tomonidan «O‘zbekfilm»ga berilgan edi. Ahmedovning ta’kidlashicha, mazkur maqom shunchaki rasmiy nom emas, balki yuksak ishonch ifodasi bo‘lib, studiya zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. U bu ishonchni oqlashga, «O‘zbekfilm»ni nafaqat tarixni asrab-avaylovchi, balki o‘zbek kinematografiyasining kelajakdagi rivoji uchun poydevorga aylantirishga chaqiradi.
ℹ️ «O‘zbekfilm» — sobiq Ittifoq hududidagi eng qadimiy kinostudiyalardan biri. U 1925 yilda «Sharq yulduzi» kinofabrikasi sifatida tashkil etilgan. 1936 yilda studiya «O‘zbekfilm» deb nomlangan, Ulug‘ Vatan urushi yillarida (1941–1945) esa «Toshkent kinostudiyasi» nomi bilan tanilgan. Unda o‘zbek kinematografchilari bilan bir qatorda Rossiya, Belarus va Ukrainadan evakuatsiya qilingan kinoijodkorlar ham faoliyat yuritgan.
O‘zbek kinematografiyasining ildizlari esa 1897 yilga borib taqaladi. O‘sha yili Toshkentda ilk kinoko‘riklar bo‘lib o‘tgan. Milliy operatorlik an’anasining asoschisi sifatida Xudaybergan Devonov e’tirof etiladi. U 1908 yilda Xivaga kinoapparat olib kelib, hujjatli lavhalar suratga olishni boshlagan. Studiyaning birinchi ovozli filmi — «Qasam» — 1936 yilda ekranga chiqqan.
Sovet davrida «O‘zbekfilm»da Nabi G‘aniyev, Shuhrat Abbosov, Ali Hamroyev, Latif Fayziyev kabi rejissyorlar faoliyat yuritgan. Bu yerda sovet kinosi oltin xazinasidan joy olgan «Ikki jangchi» (1943, Leonid Lukov), «Yettinchi o‘q» (1972), «Oppoq laylaklar», «Toshkent — non shahri» va boshqa ko‘plab filmlar suratga olingan. Urush yillarida Sovet Ittifoqining eng yirik kinostudiyalari — «Mosfilm» va «Lenfilm» Toshkentga evakuatsiya qilingan. «O‘zbekfilm» pavilonlarida Mixail Romm, Leonid Lukov va Sergey Eyzenshteyn kabi mashhur kinorejissyorlar ishlagan.



