Oʻzbekiston Avstraliyaning Shimoliy hududi maʼmuriyati bilan oʻz fuqarolarini uyushgan holda ishga joylashtirish boʻyicha muzokaralarni boshladi. Avstraliya tomoni malakali mutaxassislarni, jumladan, neft-gaz sohasi uchun jalb etishdan manfaatdor. Ikki mamlakat rasmiylarining ilk uchrashuvi videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Muzokaralar Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mamlakatning Singapurdagi elchixonasi koʻmagida tashkil etildi. Muloqotda Migratsiya agentligi hamda Kasbiy taʼlim agentligi vakillari ishtirok etib, avstraliyalik hamkorlarga Markaziy Osiyo davlatida mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi.
Tomonlar Avstraliya mehnat bozori ehtiyojlari, qonuniy yollash mexanizmlari, ishchilarning kasbiy va til tayyorgarligi masalalarini muhokama qildilar. Mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilishga alohida eʼtibor qaratildi. Uchrashuv ishtirokchilari ikki davlat fuqarolarini himoya qilish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun ilk konsullik maslahatlashuvlarini oʻtkazish imkoniyatini koʻrib chiqishga kelishib oldilar.
Uyushgan holda ishga qabul qilishning aniq muddatlari, ish oʻrinlari soni va ish haqi miqdori hozircha maʼlum qilinmagan. Ishga joylashtirish boʻyicha bitim ham hali imzolanmagan.
Avstraliya mehnat bozoriga chiqish Oʻzbekistonning mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish boʻyicha yangi strategiyasiga toʻliq mos keladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 noyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda AQSH, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyada fuqarolarni ishga joylashtirish imkoniyatlarini faolroq izlashni topshirgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatda ingliz tilini oʻrgangan va tegishli sertifikatlarga ega boʻlgan 200 mingga yaqin yoshlar bor.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston mazkur sohadagi xalqaro sheriklikni sezilarli darajada kengaytirdi. Agar ilgari fuqarolarni uyushgan holda ishga joylashtirish uchta davlat bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilgan boʻlsa, endilikda ularning soni 27 taga yetdi. Faqatgina joriy yilning yanvar—sentabr oylarida Migratsiya agentligi 42 ta davlatning 716 nafar ish beruvchisi hamda rekruting tashkilotlari bilan muzokaralar olib borib, 132 ta yangi bitim imzoladi.
Maʼlum qilinishicha, 2026 yilda Oʻzbekiston yettita davlat — Avstriya, Shvetsiya, Belarus, Yaponiya, Gruziya, Serbiya va Chexiya bilan mehnat migratsiyasi boʻyicha kelishuvlarni imzolagan. Hujjatlarda uyushgan holda ishga joylashtirish, kasbiy tayyorgarlik va mehnat harakatchanligining turli mexanizmlari nazarda tutilgan.
Germaniya va Yaponiya bilan hamkorlik ayniqsa faol rivojlanmoqda. Iyun oyida Toshkent va Tokio 2027 yilning aprelidan kuchga kiradigan yangi ishga joylashtirish dasturi toʻgʻrisida memorandum imzoladi. U chet ellik ishchilarni tayyorlash va ularning mehnat huquqlarini himoya qilishni nazarda tutadi. Germaniyada 2026 yil davomida ish beruvchilar Oʻzbekistondan 45 ming nafar mutaxassis soʻragan, biroq noyabr oyi boshiga kelib atigi 2 ming kishini ish bilan taʼminlashga muvaffaq boʻlingan. Rasmiylar bunga asosiy toʻsiqlardan biri sifatida nemis tilini yetarli darajada bilmaslikni koʻrsatmoqda.
Mavsumiy bandlik dasturlari ham rivojlanmoqda. 2026 yilning toʻqqiz oyida Oʻzbekiston yettita davlat bilan ishchilarni qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohasiga jalb etish boʻyicha 12 ta bitim imzoladi. Ushbu kelishuvlarga koʻra 13 mingta ish oʻrni belgilab olindi. Yil boshidan oktabrgacha Migratsiya agentligi koʻmagi bilan jami 171,2 ming fuqaro xorijda ish bilan taʼminlandi.
2025 yilda Oʻzbekistonga chegaralararo pul oʻtkazmalari hajmi 18,9 mlrd dollarni yoki respublika yalpi ichki mahsulotining (YaIM) qariyb 13 foizini tashkil etgan.



