Qozogʻiston sobiq Sanoat vaziri avvalgi rahbar hibsga olingach, QTJni boshqardi

Yersayin Nagʻaspayev. sk.kz saytidan olingan surat

Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev Yersayin Nagʻaspayevni respublika sanoat va qurilish vaziri lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Bu haqda 24 noyabr kuni Oqoʻrda xabar berdi.

Isteʼfo sabablari maʼlum qilinmagan, biroq bu qaror kutilmagan boʻldi: yaqindagina Nagʻaspayev Qurultoy deputatlari oldida nutq soʻzlagan edi. U Sanoat vazirligi rahbari lavozimini 2025 yilning fevralidan beri egallab kelgan va parlament saylovlaridan soʻng, 2026 yil sentabrida shakllantirilgan yangi hukumat tarkibida ham oʻz oʻrnini saqlab qolgan edi.

Biroq bugunning oʻzidayoq «Samruk-Qazina» milliy farovonlik jamgʻarmasi Nagʻaspayevning «Qazaqstan temir joli» («Qozogʻiston temir yoʻllari») boshqaruvining yangi raisi etib tayinlanganini maʼlum qildi. Tegishli qaror jamgʻarma boshqaruvi tomonidan qabul qilindi.

Nagʻaspayev ilgari ham temir yoʻl sohasida faoliyat yuritgan: 2021 yildan 2025 yilgacha «QTJ milliy kompaniyasi» AJ boshqaruvchi direktori lavozimida ishlagan. Turli yillarda Investitsiyalar qoʻmitasida, Qozogʻiston TIVda va mamlakatning Rossiyadagi elchixonasida ishlagan, shuningdek, Transport va kommunikatsiyalar vazirligida hamda Oqtau xalqaro dengiz savdo portida rahbarlik lavozimlarini egallagan.

Bundan tashqari, Nagʻaspayev Qaragʻandа viloyati Shaxtinsk shahri hokimi, Ostona shahri hokimi oʻrinbosari va «SPK Astana» AJ boshqaruv raisi boʻlgan.

«Qazaqstan temir joli»ning avvalgi rahbari Yeljas Oʻtinshiyev «Samruk-Qazina»ning sobiq boshqaruv raisi Nurlan Jaqupov bilan birga 11 noyabr kuni qoʻlga olingan edi. Ikki kundan soʻng tergov sudi ularni hibsga olishga sanksiya berdi. Top-menejerlar korrupsion jinoyatda ayblanmoqda.

Ular aynan nimada gumon qilinayotgani nomaʼlum. Biroq hibsga olishlar fonida ijtimoiy tarmoqlarda Ostonadagi Qoʻnayev koʻchasida joylashgan turar joy majmuasi yaqinida sochilgan dollar bogʻlamlari aks etgan videolar tarqaldi. Nashrlarda bu pullar «Samruk-Qazina» va QTJ rahbarlariga nisbatan olib borilayotgan tergov bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligi taʼkidlandi. Shuningdek, tintuv paytida qoʻlga olinganlardan birining turmush oʻrtogʻi naqd pul solingan sumka va chamadonlarni derazadan uloqtirgani haqidagi taxminlar ham paydo boʻldi. Ammo bu maʼlumotlar, shuningdek topilgan pullarning tergovga aloqadorligi rasman tasdiqlanmagan.

13 noyabr kuni prezident Qasim-Jomart To‘qayev Xavfsizlik kengashining tezkor yigʻilishini oʻtkazib, unda Jaqupov va Oʻtinshiyevning hibsga olinishini «davlat kompaniyalaridagi korrupsiya koʻlamini koʻrsatuvchi jiddiy signal» deb atadi.

ℹ️ Taʼkidlash joiz, Oʻtinshiyev hibsga olinishidan bir necha kun oldin QTJning shoʻba tuzilmalaridan birida kadrlar almashinuvi yuz bergan edi. «Yoʻlovchi tashish» AJga Anuar Ahmetjanov oʻrniga Sultan Shabidinov rahbar boʻldi. Tegishli maʼlumotlar moliyaviy hisobot depozitariysi saytida eʼlon qilindi. Rahbariyat almashinuvi sabablari oshkor etilmadi.