Huquq himoyachilari ruhoniy Iakov Vorontsovni Qozogʻistondagi siyosiy mahbuslar roʻyxatiga kiritdi

Iakov Vorontsov Ijtimoiy tarmoqlardan olingan surat

Qozogʻistonda inson huquqlari boʻyicha ekspertlar kengashi Rus pravoslav cherkovining sobiq ruhoniysi Iakov Vorontsovni siyosiy mahbus deb tan oldi. Tegishli qaror 4 noyabr kuni Olmaotada qabul qilindi, deb xabar berdi «Ar.Rux.Xaq» jamgʻarmasi rahbari Baxitjan Toʻregʻojina.

Vorontsovdan tashqari, qiziloʻrdalik fuqarolik faoli Gulnaz Serikbayeva va semeylik rassom Nurjan Sembayev ham siyosiy mahbus deb eʼtirof etildi.

Ekspertlar kengashi tarkibiga huquq himoyachilari va jamoat arboblari Gʻalim Agʻeleuov, Luqpan Ahmedyarov, Zauresh Battalova, Gulmira Birjanova, Anara Ibrayeva, Yevgeniy Jovtis, Yerlan Qaliyev va Baxitjan Toʻregʻojina kiradi.

Vorontsov Rossiyaning Ukrainadagi urushiga qarshi chiqqan va Qozogʻistonda Moskva patriarxatiga boʻysunmaydigan mustaqil pravoslav jamoasini tuzishni qoʻllab-quvvatlagan edi. 2023 yili ijtimoiy tarmoqlardagi Rus pravoslav cherkovining urushni qoʻllab-quvvatlashini tanqid qilgan postlari sababli unga nisbatan nizo qoʻzgʻatish ayblovi bilan jinoyat ishi ochilgan. 2025 yil may oyida ushbu ish jinoyat tarkibi yoʻqligi sababli tugatilgan.

2026 yil 13 fevral kuni tintuvdan soʻng Vorontsov ushlanib, 10 sutkalik maʼmuriy qamoqqa tashlangan. Keyinchalik unga qarshi yangi jinoyat ishi qoʻzgʻatildi — bu gal sotish maqsadisiz psixotrop moddani noqonuniy olish va saqlash, shuningdek, giyohvandlar toʻplanadigan joy tashkil etish ayblovi qoʻyildi (bu ayblov keyinroq olib tashlandi). Hibsda saqlangan vaqtida u ruhiy kasalliklar shifoxonasiga ham yotqizilgan.

7 oktyabr kuni Olmaota shahri Medeu tuman sudi sobiq ruhoniyni olti yilga ozodlikdan mahrum etishga hukm qildi. Amnistiya hisobga olinib, jazo muddati toʻrt yilgacha qisqartirildi. Vorontsov aybini tan olmadi. Hukm ustidan apellatsiya shikoyati berilgan, uning qachon koʻrib chiqilishi hozircha nomaʼlum.

Gulnaz Serikbayeva — Xitoydagi qozoqlar huquqlarini himoya qilish bilan shugʻullanuvchi «Ata jurt» jamoat birlashmasi aʼzosi. 2026 yil mart oyida Facebook’dagi postlari sababli unga nisbatan nizo qoʻzgʻatish ayblovi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. 2 iyul kuni sud faolni Jinoyat kodeksining 174-moddasi 1-qismi boʻyicha uch yilga ozodlikdan mahrum qildi. Serikbayeva oʻz fikrini bildirish va davlat siyosatini tanqid qilish boʻyicha konstitutsiyaviy huquqidan foydalanganini bildirib, aybini tan olmadi. Tergov izolyatorida saqlangan vaqtida uning oʻz joniga qasd qilishga uringani xabar qilingan edi.

Nurjan Sembayev — semeylik rassom va fuqarolik faoli. 2022 yil yanvar oyida u Qontar voqealari vaqtida maydonda boʻlgan. Unga nisbatan ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish va binolarga hujum qilish ayblovi bilan qoʻzgʻatilgan dastlabki jinoyat ishi 2022 yil dekabrida jinoyat tarkibi yoʻqligi sababli tugatilgan. Keyinchalik sud davlatni uning noqonuniy hibsda saqlangani uchun ikki million tenge (4,4 ming dollar) tovon puli toʻlashga majbur qilgan.

2026 yil 3 fevralda Sembayev yana hibsga olindi — bu safar Facebook’dagi postlari sababli. Unga taqiqlangan tashkilot faoliyatida ishtirok etish (JKning 405-moddasi 2-qismi) va ekstremistik faoliyatni moliyalashtirish (JKning 258-moddasi 1-qismi) ayblovlari qoʻyildi. 22 iyul kuni Semey sudi faolni olti yilga ozodlikdan mahrum qildi va uch yil davomida ijtimoiy-siyosiy faoliyat bilan shugʻullanishini taqiqladi.

❗ Qozogʻiston Adliya vazirligi vakillari mamlakatda siyosiy mahbuslar yoʻqligini bir necha bor taʼkidlagan. Shunga qaramay, huquq himoyachilari buning aksiga ishonchi komil. Inson huquqlari va qonuniylikka rioya etish boʻyicha Qozogʻiston xalqaro byurosining sobiq rahbari Yevgeniy Jovtis avvalroq Qozogʻistonda siyosiy mahbuslar roʻyxati muttasil kengayib borayotganini bildirgan edi.