Qozog‘istonda uchinchi AES qurilishi mumkin bo‘lgan maydonlar tilga olindi

cool-readers.ru sayti fotosurati

Qozog‘iston Atom energiyasi agentligi raisi Almasadam Satkaliyev mamlakatda uchinchi AES qurilishi mumkin bo‘lgan maydonlarni ma’lum qildi, deb xabar beradi Kazinform agentligi.

Satkaliyevning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki tadqiqotlar eng istiqbolli maydonlar sifatida Sharqiy Qozog‘istondagi Kurchatov shahrini, shuningdek, G‘arbiy Qozog‘istonni belgilagan.

«G‘arbiy Qozog‘iston atom stansiyasi reaktoridan foydalanish bo‘yicha noyob tajribaga ega. Kurchatov — atomchilar shahri. Bu yerda barcha zarur malakalar mavjud», — dedi Agentlik rahbari Qurultoyning iqtisodiy siyosat, sanoat va energetika qo‘mitasi yig‘ilishida.

Texnologiya tanlashda o‘rta quvvatli — 300 dan 600 MVt gacha bo‘lgan stansiyalar ko‘rib chiqilmoqda. Ular elektr energiyasi ishlab chiqarishdan tashqari, issiqlik ta’minoti va suvni chuchuklashtirishni ham ta’minlashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida Qozog‘istondagi birinchi «Balqash» AESini qurish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Unga «Qozog‘iston atom elektr stansiyalari» MCHJ va «Rosatom» davlat korporatsiyasining sho‘ba korxonasi — «Atomstroyeksport» AJ o‘rtasida kelishuv tuzilgan. Birinchi atom elektr stansiyasi Olmaota viloyatining Ulken qishlog‘ida quriladi.

Ikkinchi stansiya («Moyinqum» — ishchi nomi) uchun ham mamlakat janubi — Olmaota viloyatining Jambil tumani tanlangan. Ushbu loyiha uchun ustuvor pudratchi sifatida Xitoyning CNNC (China National Nuclear Corporation) kompaniyasi ko‘rib chiqilmoqda. Ehtimol, uchinchi stansiyani ham shu kompaniya quradi, biroq bu borada hozircha rasmiy qaror qabul qilinmagan.