Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev «Chegara bilmas reportyorlar» (RSF) xalqaro tashkiloti tomonidan tuzilgan 2026 yil uchun «Matbuot erkinligiga tahdid soluvchi yirtqichlar» ro‘yxatiga kiritildi. U jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarini ta’qib qilish uchun sud mexanizmlaridan foydalangani sababli «Huquq» toifasidan joy oldi. Bu haqda tashkilotning 2 noyabr — Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolishiga qarshi kurash xalqaro kunida e’lon qilingan matbuot bayonotida so‘z boradi.
Ushbu toifada To‘qayev Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, hindistonlik tadbirkor Gautam Adanining konglomerati va Rossiyaning Roskomnadzor tashkiloti bilan bir qatordan joy olgan. RSF baholashicha, ularning barchasi jurnalistlar va tahririyatlarga bosim o‘tkazish uchun asossiz sud jarayonlaridan foydalanadi.
«Yirtqichlar ro‘yxati — RSFning kino san’atidagi «Oltin malina» mukofotiga o‘xshash antireyting, ya’ni eng yomon natijalar uchun beriladigan mukofotdir. U to‘liq xolislikka da’vo qilmaydi, biroq unga faqat o‘tgan yil davomida matbuotga zarar yetkazishga ochiqdan-ochiq intilishini namoyon etgan shaxslar va tashkilotlar kiritilgan», — deya izoh beradi «Chegara bilmas reportyorlar» tashkiloti.
2026 yilgi ro‘yxatdan jami 33 nafar shaxs va tashkilot o‘rin olgan. RSF ularni beshta toifaga ajratgan: siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, huquq va jamiyat.
Ro‘yxatga kiritilganlar orasida AQSH prezidenti Donald Tramp, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Nikaragua prezidenti Daniel Ortega, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, shuningdek, Isroil mudofaa armiyasi, Meksika narkokartellari va Xitoy Kommunistik partiyasi bor.
RSF Trampni AQSH ommaviy axborot vositalari va jurnalistlariga muntazam hujum qilgani uchun ro‘yxatga kiritgan. Tashkilot baholashicha, uning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan buyon matbuotga bosim ommaviy ritorika va davlat siyosati doirasidan chiqib, jurnalistlar faoliyatiga jismoniy to‘siqlar qo‘yish shaklini olgan.
Xitoyga nisbatan RSF Si Szinpin rahbarligidagi mamlakat jurnalistlar uchun dunyodagi eng yirik qamoqxona bo‘lib qolayotganini ta’kidlaydi. Tashkilot baholashicha, Isroil mudofaa armiyasi va Binyamin Netanyaxu hukumati G‘azo sektori, Iordan daryosining G‘arbiy sohili va Livanda jurnalistlarga nisbatan repressiv siyosat olib bormoqda. Meksikada esa kartellar jurnalistlarning o‘ldirilishi davom etayotgan qo‘rquv muhitini saqlab turibdi.
«Jamiyat» toifasida antireytingdan Ilon Mask ham o‘rin oldi. Tashkilot, shuningdek, «Biz jurnalistlarni yetarlicha yomon ko‘rmayapmiz», deb aytgan Argentina prezidenti Xaver Mileyni ham alohida qayd etgan.
Iqtisodiy toifaga Alphabet va Meta korporatsiyalari, shuningdek, tadbirkorlar Bidzina Ivanishvili va Vensan Bollore kiritilgan. RSF fikricha, ularning harakatlari mustaqil ommaviy axborot vositalarini zaiflashtirishi, tahririyatlarning moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklashi va ularning tahririy mustaqilligiga putur yetkazishi mumkin.
«Statistika, vaziyatning yomonlashuvi va matbuot faoliyatiga to‘siqlar ortida muayyan shaxslar turibdi. Ular jismoniy yoki ritorik zo‘ravonlik, qonunchilik, tahdidlar, internetdagi manipulyatsiyalar yoki iqtisodiy bosim orqali harakat qilishi mumkin. Biroq, bu yirtqichlarni bir narsa birlashtiradi: jurnalistlarning o‘z ishini bajarishiga to‘sqinlik qilish, fuqarolarni erkin va mustaqil axborot manbalaridan foydalanish huquqidan mahrum etish istagi», — deya ta’kidlaydi RSF.
Qosim-Jomart To‘qayev RSFning kinoyaomuz antireytingiga kiritilgan Markaziy Osiyoning yagona vakili bo‘ldi. Shu bilan birga, matbuot erkinligi bo‘yicha so‘nggi Jahon reytingida Qozog‘iston 180 ta davlat orasida 149-o‘rinni egallab, bir yil ichida sakkiz pog‘ona pastladi. Qirg‘iziston va O‘zbekiston esa yuqoriroq — mos ravishda 146- va 147-o‘rinlardan joy olgan.



