O‘zbekistonlik farrosh Olimjon Ibrohimov odamlarni qutqargani uchun surat bilan taqdirlandi. fontanka.ru sayti fotosurati
Rossiyaning yirik megapolislari va kichik shaharlarida hayot qaynaydi: qurilish maydonlarida shovqin-suron, kuryerlar u yoqdan-bu yoqqa shoshadi, farroshlar yo‘laklarni tozalaydi, taksichilar esa yo‘lovchilarni manzillariga yetkazadi. Bu to‘xtovsiz harakat ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan kishilar ko‘pincha ko‘zga tashlanmaydigan, odatiy mehnatkashlar sifatida qabul qilinadi. Biroq, to‘q sariq jilet kiygan ishchi yoki sariq avtomobil ruldagi haydovchi qiyofasi ortida ba’zan kuchli ichki irodaga ega insonlar yashiringan bo‘ladi. Masalan, yaqinda ommaviy axborot vositalari Boshqirdistonning Sterlitamak shahrida yashovchi tojikistonlik Xisravshoh Malikov va Zahirshoh Hasanov haqidagi ma’lumotni tarqatdi. Ular savdo markazida odamlarni qutqargan. Migrantlar shunchaki xarid qilish uchun savdo markaziga kirishgan, ammo u yerda yong‘in boshlanganini ko‘rib, jabrlanganlarga yordam berishga shoshilishgan. O‘t o‘chiruvchilar yetib kelishidan oldin ular ikki kishini olov ichidan olib chiqishgan.
Bu Rossiyada xorijdan kelgan kishilar boshqalarning hayotini, ba’zan o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘ygan holda qutqargan yagona holat emas. «Farg‘ona» nashri Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari tomonidan amalga oshirilgan bir nechta qahramonlik voqealarini jamladi.
Gap soniyalar haqida ketganda
Shunday hodisalar bo‘ladiki, unda har bir soniya muhim va inson hayotini saqlab qolish uchun tez hamda qat’iy harakat qilish zarur bo‘ladi. Shunday voqealardan biri joriy yilning fevral oyida Sankt-Peterburgda sodir bo‘ldi. Petrozavodskaya ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyning yettinchi qavatida joylashgan xonadonda o‘ynayotgan yetti yoshli bola deraza tokchasiga chiqib olgan, so‘ng karnizga o‘tib, unga osilib qolgan. Yuqorida osilib turgan bolani ko‘rgan 36 yoshli o‘zbekistonlik farrosh Hayrullo Ibadullayev vaqtni boy bermaydi. U bola qulab tushishi mumkin bo‘lgan joyni aniq hisoblab, zarbani o‘z tanasi bilan qabul qilishga tayyor holda deraza tagiga borib turdi.
Bola barmoqlarini qo‘yib yuborganida, Hayrullo qo‘llari va tanasi bilan bolani tutib qolishga urinadi. Qulash tezligi juda yuqori edi: zarba oqibatida bola migrantning ko‘krak qafasi va qovurg‘alarini sindiradi, qutqaruvchining o‘zi ham qo‘l panjasidan og‘ir sinish jarohatini oladi. Ammo eng muhimiga erishilgan — bola tirik qolgandi.
«O‘zbekistonda o‘zimning ham to‘rt nafar farzandim bor. O‘sha paytda faqat bir narsani o‘yladim: bu kimningdir o‘g‘li, u halok bo‘lmasligi kerak. U pastga qulay boshlaganida, shunchaki qo‘llarimni tutib qolish uchun uzatdim. Og‘riqni keyin his qildim, eng muhimi — bola nafas olayotgan edi», — deb eslaydi Ibadullayev.
Qutqarib qolingan yosh peterburglik bolaning onasi jurnalistlar bilan suhbatda farroshga nisbatan samimiy minnatdorlik so‘zlarini aytdi.
«Hayrullo — bizning najot farishtamiz. U farzandim uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ydi, o‘zi ham jarohat oldi, ammo xavf qarshisida chekinmadi. Butun oilamiz bilan uning sog‘ayib ketishi uchun duodamiz», — dedi ayol.
Shunga o‘xshash voqea 2024 yil aprel oyida yana Neva bo‘yidagi shaharda sodir bo‘ldi. O‘shanda besh qavatli uyda yong‘in chiqib, odamlar yuqori qavatlar derazalaridan sakrab tushishga urinishgan. Buni mahalliy farrosh — 48 yoshli o‘zbekistonlik Olimjon Ibrohimov ko‘rib qoladi. U bir soniya ham ikkilanmay, tarnov bo‘ylab yuqoriga ko‘tarila boshlaydi. Natijada muhojir bir nechta kishini olovdan olib chiqib, karnizga o‘tkazadi. Keyin ular Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari o‘rnatgan qutqaruv narvoni orqali pastga tushishadi.
Olimjonning qahramonligi faqat bir necha kun o‘tgach, videolar va guvohlarning hikoyalari tufayli Sankt-Peterburgda keng tarqaladi. Jurnalistlar uni hatto «Odam-o‘rgimchak» deb atashgandi. Qahramon mahalliy ma’muriyat tomonidan taqdirlandi, ommaviy axborot vositalari undan intervyu olishgandi. Suhbatlardan, jumladan, ma’lum bo‘lishicha, farroshga armiyadagi tayyorgarligi yordam bergan. U O‘zbekistonda 15 yil havo-desant qo‘shinlarida xizmat qilgan va xizmat davomida ko‘p mashq qilgan, jumladan, binolarning yuqori qavatlariga ko‘tarilishni ham o‘rgangan.
Farroshni boshqa odamlar uchun o‘zini xavf ostiga qo‘yishga undagan sababga kelsak, hammasi juda oddiy bo‘lgan.
«Pastda turib, ularga qarab jim tura olmadim, shunchalik qattiq baqirishardi! Axir, barchamiz insonmiz, birga yashaymiz, bir-birimizga yordam berishimiz kerak», — deb tushuntirgandi kamtar o‘zbekistonlik.
2016 yil fevral oyida Moskva metrosida sodir bo‘lgan yana bir shov-shuvli voqeani ham eslamaslikning iloji yo‘q. «Krasnoselskaya» bekatida platformada turgan ayol to‘satdan tutqanoq xuruji tufayli hushidan ketib, yaqinlashib kelayotgan poyezd oldida to‘g‘ridan to‘g‘ri relslarga qulab tushadi. Platformada o‘nlab odamlar bo‘lgan, ammo jabrlanuvchi ayolning oldiga birinchi bo‘lib navbatchi politsiya xodimi Artyom Korolyuk bilan birga Qirg‘izistondan kelgan 28 yoshli kuryer Marat Isayev sakraydi.
Poyezd yetib kelishidan oldin ayolni baland platformaga ko‘tarishga ulgurmasliklari ayon edi. Shunda Korolyuk va Isayev ayolni relslar orasidagi xavfsizlik noviga tortib olib, uni yerga bosib turgan holda ustidan yotishadi. Poyezd yigitlarning tepasida to‘xtaydi. Natijada uchalasi ham tirik qoladi.
«Signal ovozini eshitdim, yorqin faralarni ko‘rdim va poyezd to‘xtamaydi, deb o‘yladim. Biz ayolni relslar orasidagi novga tortib oldik. Uni ko‘tarishdan endi foyda yo‘q edi — poyezd bizning hammamizni go‘sht qiymasiga aylantirishi mumkin edi. Keyin o‘zimiz ham yotdik», — deb hikoya qilgan edi keyinchalik qirg‘izistonlik jasur yigit.
O‘zini o‘tga ham, cho‘qqa ham urishdan toymaydi
Ba’zan ko‘zga tashlanmaydigan qahramonlar tabiat kuchlari bilan yuzma-yuz kelganda, masalan, suv va olov qarshisida ham o‘zlarini namoyon etadilar.
Yana Sankt-Peterburgga qaytamiz. 2024 yil may oyida bu yerda dahshatli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ladi. Yo‘lovchi avtobusi boshqaruvni yo‘qotib, Potseluyev ko‘prigi to‘sig‘ini urib buzdi va yuqori tezlikda Moyka daryosiga qulab tushadi. Avtobus bir zumda suv ostiga cho‘ka boshlaydi.
O‘sha paytda yaqin atrofda bir nechta yigit bor bo‘lgan va ular darhol odamlarga yordam berishga shoshilishadi. Ular orasida qozog‘istonlik Yerxan Axanov va O‘zbekistonda tug‘ilgan Ilhom Ergashev ham bo‘lgan. Ular darhol suv tomon yugurib, baland qirg‘oqdan sovuq daryoga sakrashadi va cho‘kayotgan avtobus tomon suzib borishadi.
Jasur yigitlar avtobus tomiga chiqib, lyuklar va singan derazalar orqali jabrlangan yo‘lovchilarni tashqariga olib chiqa boshlashadi. Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qarashli qayiqlar yetib kelguniga qadar ularni suv yuzasida ushlab turishadi. Ta’kidlash joiz, Markaziy Osiyodan kelgan migrantlardan tashqari, avariyaning boshqa guvohlari ham jabrlanganlarga yordam berishgan. Ularning har birining hissasi bebaho, chunki gap insonlar hayotini saqlab qolish haqida ketmoqda.
«Men o‘zimni qahramon deb hisoblamayman va zarurat tug‘ilsa, bularning barchasini yana takrorlashdan ikkilanmasdim — odamlarni qutqarish uchun yana suvga sakragan bo‘lardim. (...) Yo‘q, men xavf haqida o‘ylamadim. Otam menga shunday o‘rgatgan: xotirjamlikni saqla, hech narsadan qo‘rqma. Qo‘rqsang — qilma, qilayotgan bo‘lsang — qo‘rqma, qilib bo‘lgan bo‘lsang — afsuslanma. Bu mening hayotiy shiorim», — deb hikoya qilgan edi keyinchalik Axanov.
2025 yil may oyida Sverdlovsk viloyatida joylashgan Novoberyozovskiy qo‘rg‘onichacida yonhin sodir bo‘ladi. Ko‘p qavatli uyning birinchi qavatini olov qamrab olgan edi. O‘sha paytda u yerdan tojikistonlik taksichi Said Sharipov o‘tib ketayotgan bo‘lgan.
Ichkarida qamalib qolgan bolalarning yig‘isini eshitgan muhojir ikkilanmasdan derazani sindirib, yong‘in va tutun qoplagan xonadonga kiradi. U kattalar nazoratisiz uyda qolgan uch nafar yosh bolani birin-ketin olov ichidan olib chiqadi.
Voqea guvohlaridan biri ko‘pchilik dovdirab qolgani va nima qilishni bilmaganini ta’kidlaydi. Agar Said bo‘lmaganida, bolalar ehtimol tutundan bo‘g‘ilib qolishardi. Mahalliy aholidan bir ayolning so‘zlariga ko‘ra, taksichi to‘g‘ridan to‘g‘ri olov ichiga otilgan. U haqiqiy erkak va bag‘ri keng qahramon edi.
Tojikistonlikning o‘zi esa qilgan ishini ancha kamtarlik bilan baholaydi.
«Ko‘chaga chiqqanimizda bolalarning onasi yugurib keldi. U menga minnatdorchilik bildirdi. Ammo men o‘zimni qahramon deb hisoblamayman, axir, o‘zim ham otaman. Mening o‘rnimda har kim shunday qilgan bo‘lardi», — deydi Sharipov.
Afsuski, barcha voqealar ham baxtli yakun topmaydi. Masalan, 2020 yil yozida Ufadagi Belaya daryosida sodir bo‘lgan voqea shunday fojiali hodisalardan biri bo‘lgan. O‘shanda tojikistonlik 18 yoshli talaba Hadjimurod Kalandarov dam olayotgan bo‘lgan. Suvga cho‘kayotgan bolani ko‘rib qolgan Hadjimurod daryoga sakrab, uni qirg‘oq tomon itarib chiqaradi. Natijada bola qutqariladi, ammo talabaning o‘zi daryodan chiqa olmaydi.
Faqat bir necha soat o‘tgach, g‘avvoslar uning jasadini topishadi. Boshqirdiston Bosh vaziri o‘rinbosari tojikistonlikning harakatini izohlar ekan, shunday deydi: «Biz boshqalarning kulfatiga befarq bo‘lmagan, mehribon insonni yo‘qotdik». Markaziy Osiyo respublikasining Rossiyadagi elchixonasida Kalandarovning harakatlari «qahramonona» deb baholadi. Yigit vafotidan so‘ng mukofotlandi.
Yana bir fojiali voqea shu yil sentyabr oyida Moskvada sodir bo‘ldi. «Tushinskaya» bekatida yo‘lovchilardan biri temiryo‘l izlariga tushib ketadi. Elektrichka yaqin orada yetib kelishi kerak edi. Shu bois bir nechta yosh yigit bechorani qutqarish uchun pastga sakrashadi. Qutqaruvchilar orasida 21 yoshli turkmanistonlik Nuri Nuriyev ham bo‘lgan. Temiryo‘l izlariga tushib ketgan yo‘lovchini yuqoriga olib chiqishga muvaffaq bo‘lishadi. Yordamga shoshilgan yigitlar ham platformaga chiqishadi, garchi ularning ayrimlari jarohat olgan bo‘lsa-da. Ammo xorijdan kelgan Nuriga bunday omad nasib etmaydi. Afsuski, mashinist poyezdni kech tormozlaydi — Nuriyev halok bo‘ladi.
Ular ham bizga o‘xshagan qo‘shnilar
Ko‘p hollarda migrantlarning qahramonliklari e’tiborsiz qolmadi — ular haqida matbuot yozdi, hokimiyat va mahalliy aholi vakillari ham e’tibor qaratdi. Masalan, O‘zbekiston fuqarosi Ibadullayev Tigran Keosayan nomidagi 1 million rubl (12 ming dollar) miqdoridagi mukofotni oldi, uning yurtdoshi Ibragimov esa Sankt-Peterburg tumanlaridan birining ma’muriyati tomonidan maxsus surat bilan taqdirlandi. Qirg‘iziston fuqarosi Isayevga esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin shaxsan «Halok bo‘layotganlarni qutqarganligi uchun» medalini topshirdi. Ba’zan qahramonlar Rossiyada ham, o‘z vatanlarida ham mukofotlangan.
Ammo eng muhimi, bunday xatti-harakatlar rossiyaliklarning chetdan kelganlarga bo‘lgan munosabatiga ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘plab mahalliy aholi vakillari xorijliklar, xususan, Markaziy Osiyodan kelganlar begona yurtga faqat pul ishlash maqsadida kelgan, shuning uchun Rossiyadagi voqelikka ma’lum darajada beparvolik bilan qaraydi, buning ustiga, ish o‘rinlarini ham egallab oladi, deb hisoblaydi. Migrantlar tomonidan ko‘rsatilgan qahramonliklar esa slavyanlarga xos bo‘lmagan tashqi ko‘rinishga ega farroshlar, kuryerlar va taksichilar ham xuddi boshqalar kabi qo‘shnilar ekanini namoyon etadi. Ular qiyin vaziyatda doimo yordamga kelishadi, ba’zan esa o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yish evaziga bo‘lsa ham.
-
15 oktyabr15.10Raqamli qaramlikNima uchun Rossiyadagi data — markazlaridagi muammolar Qozog‘istondagi odatiy servislar faoliyatini izdan chiqarib yubordi va respublika bu vaziyatdan foydalana oladimi? -
12 oktyabr12.10VideoKimligingni unutma1916 yilgi qo‘zg‘olondan Ukrainadagi urushga qadar -
08 oktyabr08.10«Vaziyat juda nozik»O‘nlab qozog‘istonliklar Rossiyaga ishlash uchun ketishgan, ammo u yerda urushga jalb etilgan -
29 sentyabr29.09Qozog‘iston, ularni berib yuborma!150 dan ortiq huquq himoyachilari, faollar va jurnalistlar Yuliya Yemelyanova va Mansur Movlayevni Rossiyaga ekstraditsiya qilishga qarshi bayonotni imzoladilar -
16 sentyabr16.09Tonggi tarovat o‘lkasidagi sammitMuhim minerallar, sun’iy intellekt — «Markaziy Osiyo — Koreya» formatidagi uchrashuvda yana nimalar muhokama qilindi? -
09 sentyabr09.09«Hakan va Bilge» Turkistonga yo‘l olmoqdaEndi turkiyalik maktab o‘quvchilari hech qachon «Markaziy Osiyo» atamasini eshitmasligi haqida



