Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida yangi temir yo‘l yo‘nalishi ochildi: joriy yil oktyabr oyida ushbu yo‘nalish bo‘ylab Qozog‘iston ko‘mirini ortgan birinchi poyezd jo‘natildi, deb xabar beradi Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati.
Gap Darboza — Maqtaaral temir yo‘l liniyasi haqida bormoqda. Ushbu yo‘nalishda harakat boshlangani 4 noyabr kuni Bosh vazir Oljas Bektenov raisligida o‘tgan «Samruk-Qazina» jamg‘armasi direktorlar kengashi yig‘ilishida e’lon qilindi. Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi temir yo‘l liniyasi jamg‘arma ishtirokida amalga oshirilgan muhim loyihalardan biri sifatida qayd etildi. Magistralning ishga tushirilishi temir yo‘l tarmog‘ining o‘tkazish qobiliyatini oshirish, yuk tashish hajmini ko‘paytirish va Qozog‘iston mahsulotlarini Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport qilish yo‘nalishlarini kengaytirish imkonini beradi.
Darboza — Maqtaaral temir yo‘l liniyasining qurilishi 2023 yil noyabr oyi oxirida boshlangan. Asosiy yo‘llarning uzunligi 127,6 km, temir yo‘l izlarining umumiy uzunligi esa taxminan 152 kmni tashkil etadi. Loyiha qiymati 286 milliard tengega (taxminan 545,7 million dollar) baholangan. Shuningdek, loyiha doirasida O‘zbekiston bilan chegarada yangi o‘tkazish punktini ochish va uni «Sirdaryo» temir yo‘l stansiyasi bilan bog‘lash ko‘zda tutilgan.
Loyiha prezident Qosim-Jomart To‘qayev topshirig‘iga muvofiq amalga oshirildi. U O‘zbekiston bilan qo‘shimcha xalqaro temir yo‘l yo‘nalishini yaratadi va Sariog‘och — Toshkent yo‘nalishidagi ortiqcha yuklamani kamaytirish imkonini beradi. Yangi uchastka 20 million tonna yukni «o‘z zimmasiga olishi» mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Avvalroq Qozog‘iston Transport vazirligi temir yo‘l liniyasida ishchi harakatni joriy yil oxirigacha boshlash rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.
Qozog‘iston rahbariyati mamlakatning tranzit salohiyatini kengaytirish niyati haqida bir necha bor bayonot bergan. Jumladan, 2025 yil dekabr oyida Olmaota shahrini chetlab o‘tuvchi Jetigen — Qozibek temir yo‘l liniyasida harakat boshlangan edi. Uzunligi 75 km bo‘lgan magistral shahar temir yo‘l uzelining yuklamasini kamaytirish, shuningdek, Xitoydan Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga yuk yetkazib berish vaqtini qisqartirishga xizmat qilishi kerak.



